
Migren
O’zi migren bu qanday kasallik?
Kimlarda uchraydi?
Belgilari, tashxis qo’yish va Davolash yo’llari qanday?
O'zingiz yoki yaqinlaringiz uchun ushbu kasallikka oid savollarga javob izlayapsizmi? Biz aynan shu maqsadda sizga eng ishonchli ma'lumotlarni taqdim etish uchun shu yerdamiz.
Migren haqida juda ko‘p stigmalar, ya’ni noto’g’ri fiklar mavjud, masalan, bu shunchaki bosh og‘rig’i va shu sababdan bu jiddiy holat emas degan qarashlar xalq orasida uchrab turadi. Aslida, migren genetik asosga ega bo’lgan nevrologik kasallikdir. U har bir odamga turlicha ta’sir qiladi, shu sababdan kasallikning og’irlik darajasi turlicha bo’lishi mumkin. Ba’zi insonlarda migren xurujlari kamdan-kam kuzatilsa, boshqalarda tez-tez takrorlanishi va hattoki kunlik ish-faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Kimgadir "o‘zingizni qo‘lga oling" yoki "O’zingizni boshqa fikrlar bilan chalg‘iting" deb maslahat berish hech qachon to‘g‘ri emas.
Migren juda keng tarqalgan kasallik bo‘lib, O’zbekiston aholisi orasida, u har 5 ayolning birida, har 16 erkakning birida va hatto har 11 ta yosh bolaning birida uchraydi. Ayollarda migren xurujlari erkaklarga nisbatan 3 barobar ko‘proq kuzatiladi, buning sababi ehtimol gormonal farqlar tufaylidir.
Migren kasalligining rivojlanishida ba’zi genetik va atrof-muhit omillari muhim rol o‘ynaydi. Misol uchun, agar ota-onaning birida migren bo‘lsa, bolada ham migren paydo bo‘lish ehtimoli taxminan 50 foizni tashkil etadi. Lekin, garchand genetik asosga ega bo’lsa ham, migren to’laqonli irsiy kasallik emas.
Agar sizda migren bo‘lsa, xurujni yuzaga keltiruvchi ba’zi xavf omillari mavjud. Biroq, migren xuruji yuz berdi degani, bu sizning aybingiz ekanligini yoki kasallik belgilariga o‘zingizni aybdor his qilishingiz kerakligini anglatmaydi.
- Gormonal o‘zgarishlar, ayniqsa hayz ko‘rish, homiladorlik va klimaks davrida kuzatiladigan estrogen gormonining miqdori o‘zgarishi migren xurujini keltirib chiqarishi mumkin.
- Boshqa migrenni qo‘zg‘atuvchi omillarga ayrim dori vositalari, spirtli ichimliklar kiradi.
- Haddan tashqari ko‘p kofein iste’mol qilish.
- Stress.
- Yorug‘ chiroqlar yoki kuchli hidlar kabi sensor stimulyatsiyalar.
- Uyqu sifatining buzilishi.
- Ob-havo o‘zgarishlari.
- Ovqat vaqtlarini o‘tkazib yuborish, ya’ni vaqtida ovqatlanmaslik.
- Va hatto muddatidan o’tgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish ham migren xurujiga sabab bo’lishi mumkin.
Migrenning eng ko’p uchraydigan kasallik belgisi bu kuchli, chidab bo’lmas bosh og‘rig‘idir. Bu og‘riq shunchalik kuchli bo‘lishi mumkin-ki, hattoki kundalik ish-faoliyatingizga juda ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. U ko‘ngil aynishi va qusish, shuningdek, yorug‘lik hamda tovushga sezuvchanlikning ortib ketishi bilan birga kuzatilishi mumkin. Biroq, migren belgilar har bir insonda turlicha namoyon bo’ladi. Ba’zi insonlarda migren xurujining boshlanishida prodrom simptomlari, ya’ni ogohlantiruvchi belgilar paydo bo‘ladi, biz buni Aura deb ataymiz. Masalan, shunday ogohlantiruvchi belgilarga
- Qabziyat,
- Kayfiyat o‘zgarishi,
- Ma’lum turdagi ovqatlar iste’moliga bo’lgan ishtiyoq ortib ketishi,
- Bo‘yin qotib qolishi,
- Siydik ajralishining ko‘payishi
- Yoki tez-tez esnash holatlari kirishi mumkin.
Afsuski, ko’p hollarda insonlar bu belgilar migren xurujining ogohlantiruvchi belgilari ekanligini anglamaydilar
Migren bilan yashovchi insonlarning taxminan uchdan bir qismida migren xurujidan oldin yoki xuruj paytida aura yuzaga kelishi mumkin. Aura - bu migrenning ogohlantiruvchi belgisi hisoblanadi. Bu ko‘pincha ko‘rish bilan bog‘liq bo’lib, boshqa nevrologik belgilarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Migren aurasi vaqtida geometrik shakllar, yorqin nuqtalar yoki miltillovchi chiroqlarni ko‘rish, hatto vaqtinchalik ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish holatlari ham uchrashi mumkin. Ba’zi insonlarda yuz yoki tananing bir tomonida uvushish, yoki igna sanchilgandek sezgi paydo bo‘lishi mumkin. Migren xurujidan so‘ng, inson o‘zini juda ham holsiz yoki gangib qolgan holda his qilishi mumkin. Bu holat postdrome, ya’ni migren xurujidan keyingi bosqich hisoblanadi.
Migren tashxisi asosan klinik belgilarga asoslanib qo’yilad. Bu nimani anglatadi? Shifokor bemorning o’zi aytgan belgilariga asoslanib migren tashxisini qo’yadi. Migren borligini tasdiqlash yoki inkor etish uchun ma’lum bir laboratoriya tekshiruvi yoki kompyuter tekshiruvlari yo‘q. Agar sizda yorug‘likka sezuvchanlik oshishi, kundalik ish- faoliyatingizda pasayishi yoki ko‘ngil aynishi bilan bog‘liq bosh og‘rig‘i belgilari bo‘lsa, sizda migren bo’lishi mumkin. Migren kasalligining og‘irlik darajasi turli xil bo‘lgani sababli, davolash usullari ham turlicha bo’ladi.
Ba’zi bemorlarda migren xurujlari kamdan-kam uchraydi, shu sababdan ularga xuruj paytida, shu xurujni to’xtatadigan davolovchi vositalar beriladi. Boshqalarda esa ham migren xurujini davolaydigan ham bu xurujlarini oldini oladigan davolash usullaridan foydalaniladi. Bu davolash usullariga har kuni qabul qilish kerak bo’lgan dorilar yoki har bir oyda yoki har 3 oyda qabul qilish kerak bo’ladigan inyeksiyalar kirishi mumkin. To’g’ri dori-darmonlar va turmush tarzini o'zgartirish orqali, migren kasalligi bor insonlarning hayotini yaxshilash mumkin.
Migrenni qo‘zg‘atuvchi omillarni boshqarish va kamaytirishning asosiy besh yo’li mavjud.
- Birinchisi uyqu sifatini yaxshilash. Buning uchun, uyqu vaqtlarini tartiblash va uyqudan oldin har xil gadjetlardan foydalanmaslik talab etiladi.
- Ikkinchisi, jismoniy faol bo’lish. O’zingiz yoqtirgan jismoniy mashg’ulotlar bilan muntazam shug’ullaning. Dastavval, haftasiga bir marta shug’ullanishingiz mumkin, vaqt o’tishi bilan esa bu mashg’ulotlar sonini haftasiga ikki yoki uch martagacha ko’tarsangiz bo’ladi.
- Uchinchisi esa sog’lom ovqatlanish. Ko’proq suv ichishga harakat qiling va kuniga kamida uch mahal tartibli ovqatlaning.
- To’rtinchi, kundalik yuritish. Migren xuruji bo’lgan kunlarni va qanday belgilarni his qilganingizni kundalikka tushiring. Keyingi safar shifokoringiz ko’rigida bo’lganingizda, albatta kundalikdagi qaydlarni shifokoringizga ko’rsating.
- Va nihoyat, beshinchisi bu, albatta, stressni boshqarish. Iloji boricha, hayotingizda stress darajasini va stressni keltirib chiqaruvchi omillarni boshqarishga harakat qiling.
Migren hurujlari ish-faoliyatingizga juda ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Shu sababdan, birinchi navbatda, biz migren haqidagi noto’g’ri qarashlarni o’zgartirishimiz darkor. Migren bu shunchaki bosh og’rig’i emas, balki genetik asosga ega bo’lgan asab tizimi kasalligidir. Agar sizda yuqorida sanab o’tilgan belgilardan qaysidirlari uchrayotgan bo’lsa, “Men yaxshiman”, “Bosh og’rig’im o’tib ketadi” degan gaplarni bir chetga suring-da, shifokoringizga zudlik bilan murojaat qiling. Migren xurujlari paytida o‘zingizni birinchi o‘ringa qo‘ying va hayot tarzingizni o‘zgartirish orqali xurujlarni kamaytirishga harakat qiling.
Agar migren kasalligi haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'lishni istasangiz, AkfaMedline.org saytiga tashrif buyurib, to'liq ma'lumot olishingiz mumkin.
Bizga sizning sog’ligingiz juda muhim.
Bugunoq biz bilan bog‘laning!
Ish vaqti
Dushanba – Juma: 08:30 – 17:00
Shanba: 09:00 – 14:00
Yakshanba: Dam olish kuni