Gastroenterolog Mamurova Sanoat Maksudaliyevna — bemorlar, og‘riqqa chidashga odatlanish va nima uchun salomatlikka g‘amxo‘rlik, avvalo, o‘zimizga e’tibor berishdan boshlanishi haqida. Tibbiyot sohasidagi 45 yillik faoliyatim davomida bir oddiy haqiqatga amin bo‘ldim: insonlar ko‘pincha hamma narsaga vaqt topadilar, faqat o‘z salomatliklariga emas. Biz ishga shoshilamiz, oilamizga g‘amxo‘rlik qilamiz, kundalik tashvishlar bilan band bo‘lamiz. Ba’zan nonushta qilishga ulgurmaymiz, tushlikni shoshilib qilamiz, kechki ovqatni esa juda kech yeymiz. Ovqatdan keyin og‘irlik hissi, jig‘ildon qaynashi yoki qorin sohasida noqulaylik paydo bo‘lsa, o‘zimizni: «Balki biror noto‘g‘ri ovqat yegandirman. O‘tib ketadi», — deb ovutamiz. Darhaqiqat, ba’zan bunday noqulayliklar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Ammo ayrim hollarda odatiy tuyulgan belgilar ortida e’tibor talab qiladigan kasalliklar yashiringan bo‘lishi mumkin. Kasbiy faoliyatim davomida turli xarakter, taqdir va hayotiy hikoyalarga ega insonlarni uchrataman. Har safar bir narsani anglayman: qarshimda shunchaki muayyan tashxisga ega bemor emas, balki nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham yordamga muhtoj inson turibdi. «Doktor, men buni jiddiy narsa deb o‘ylamagandim…» Bu jumla, ehtimol, ko‘p yillik tajribaga ega har bir shifokorga yaxshi tanish. Oddiy bir vaziyatni tasavvur qiling. Inson uzoq vaqt davomida ovqatdan keyin noqulaylik sezadi. Dastlab bunga e’tibor bermaydi. Keyinchalik mustaqil ravishda ovqatlanish tartibini o‘zgartiradi, o‘ziga tanish dori vositalarini qabul qiladi yoki yaqinlarining maslahatlariga amal qiladi. Bir muddat o‘zini yaxshiroq his qiladi. Ammo belgilar yana qaytadi. Shundagina u mutaxassisga murojaat qilishga qaror qiladi. Bunday holatlar gastroenterologlarga yaxshi tanish. Noqulayliklarning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin — funksional buzilishlardan tortib, tekshiruv va davolanishni talab qiladigan kasalliklargacha. Shuning uchun men bemorlarimga doimo bir narsani tushuntirishga harakat qilaman: o‘zingizga mustaqil ravishda tashxis qo‘ymang. Qorindagi har qanday og‘riq gastritni anglatmaydi. Jig‘ildon qaynashi har doim ham faqat ovqatlanish bilan bog‘liq emas. Kuchli og‘riqning yo‘qligi esa organizmda hech qanday muammo yo‘qligini bildirmaydi. Men uchun bemor o‘z organizmida nimalar sodir bo‘layotganini, nima sababdan tekshiruv zarurligini va muayyan davolash usuli nima maqsadda buyurilganini tushunishi muhim. Zero, yaxshi natija shifokor va bemor o‘rtasidagi o‘zaro ishonchdan boshlanadi. Organizmimiz bizni ogohlantira oladi. Muhimi — uni tinglashni o‘rganish Ovqat hazm qilish tizimi murakkab mexanizm bo‘lib, undagi har bir a’zo o‘z vazifasini bajaradi. Oshqozon, ichaklar, jigar, o‘t pufagi va oshqozon osti bezi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ularning faoliyatiga ovqatlanish xususiyatlari, turmush tarzi, qabul qilinayotgan dori vositalari, ruhiy holat va boshqa ko‘plab omillar ta’sir qilishi mumkin. Ko‘p yillik amaliyotim davomida bemorlarga hatto eng oddiy tibbiy tushunchalarni ham tushunarli tarzda izohlash qanchalik muhim ekaniga amin bo‘ldim. Masalan, tez-tez takrorlanadigan jig‘ildon qaynashi har doim ham to‘yib ovqatlanishning zararsiz oqibati emas. Qorindagi takroriy og‘riqlar, ich kelishining buzilishi, sababsiz vazn yo‘qotish yoki ovqatdan keyingi uzoq davom etadigan noqulaylik — shifokorga murojaat qilib, sababini aniqlash uchun yetarli asosdir. Yutishning qiyinlashishi, najasda qon paydo bo‘lishi, davomli qusish va boshqa xavotirli belgilar alohida e’tibor talab qiladi. To‘satdan boshlangan kuchli qorin og‘rig‘i, qon qusish yoki najasning qora, qatrondek tus olishi esa shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi. Shu bilan birga, men inson organizmidagi har bir sezgidan qo‘rqib yashashi kerak, degan fikr tarafdori emasman.Shifokor sifatidagi vazifam — bemorni qo‘rqitish emas, balki qaysi vaziyatda kundalik odatlarni o‘zgartirish yetarli bo‘lishi mumkinligini, qaysi holatda esa tibbiy yordam zarurligini tushunishga ko‘maklashishdir. Organizm sizga minnatdor bo‘ladigan besh oddiy odat Ko‘pchilik ovqat hazm qilish tizimiga g‘amxo‘rlik qilish qat’iy parhezlar, ko‘plab cheklovlar va sevimli taomlardan voz kechish bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Ammo sog‘lom odatlarni shakllantirish har doim ham keskin o‘zgarishlarni talab qilmaydi. Birinchidan — muntazam ovqatlanishga harakat qiling. Hamma uchun birdek mos keladigan yagona ideal ovqatlanish tartibi mavjud emas. Biroq ovqatlanishni tez-tez o‘tkazib yuborish va undan keyin me’yoridan ortiq ovqat yeyish noqulayliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Muhimi, organizmingiz ehtiyojlariga mos tartibni topishdir. Ikkinchidan — nafaqat nima yeyayotganingizga, balki qanday ovqatlanayotganingizga ham e’tibor bering. Shoshilmasdan ovqatlanish, me’yoriy porsiyalar va ortiqcha ovqat yeyish odatidan voz kechish noxush belgilarni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Uchinchidan — o‘zboshimchalik bilan davolanmang. Hatto jig‘ildon qaynashi yoki qorin og‘rig‘iga qarshi tanish dori vositalari ham kasallik sababini aniqlamasdan, alomatlarni doimiy ravishda bostirish usuliga aylanmasligi kerak. To‘rtinchidan — takrorlanadigan belgilarni e’tiborsiz qoldirmang. Agar noqulaylik qayta-qayta paydo bo‘lsa, kundalik hayotingizga xalaqit bersa yoki boshqa o‘zgarishlar bilan kechsa, shifokor bilan maslahatlashish lozim. Beshinchidan — ovqat hazm qilish tizimi salomatligi umumiy turmush tarzi bilan bog‘liqligini unutmang. Yetarli uyqu, jismoniy faollik, muvozanatli ovqatlanish va stressni boshqarish umumiy salomatlik uchun muhim ahamiyatga ega. Eng asosiysi, faqat tanishlaringizga yordam bergani uchun qat’iy parhezlarga amal qilishga shoshilmang. Har bir organizm o‘ziga xos, muayyan kasalliklarda esa davolovchi ovqatlanish tashxisni hisobga olgan holda tanlanishi kerak. Tibbiyotdagi 45 yil: bemorlar menga nimalarni o‘rgatdi? Yillar o‘tishi bilan shifokorlik kasbi faqat bilim, tashxis qo‘yish va dori vositalarini buyurishdan ancha keng tushuncha ekanini chuqurroq anglaysiz. Har bir murojaat ortida o‘ziga xos hayotiy hikoya bor. Kimdir jiddiy tashxisdan qo‘rqib, xavotir bilan keladi. Kimdir ishlash va dam olishga xalaqit berayotgan alomatlardan charchagan bo‘ladi. Yana kimdir uzoq vaqtdan beri nima sababdan o‘zini yomon his qilayotganini tushunishni istaydi. Ularning har biri e’tiborga muhtoj. Menimcha, har bir bemor o‘z shikoyatlarini xotirjam aytib berish, savollariga javob olish va tushunarli izohlarni eshitish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ba’zan inson uchun kasallik nomini bilishning o‘zi yetarli emas. U bu holat bilan qanday yashashni, qaysi odatlarini o‘zgartirish kerakligini va nimalar haqiqatan ham o‘zini yaxshiroq his qilishiga yordam berishini tushunishni xohlaydi. Tibbiyot doimo rivojlanib bormoqda. Yangi diagnostika imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda, davolash usullari takomillashmoqda, klinik tavsiyalar yangilanmoqda. Ammo o‘zgarmaydigan bir qadriyat bor — bu insoniy ishonch. 45 yillik kasbiy faoliyatimdan keyin ham bir fikrga qat’iy ishonaman: shifokor nafaqat bilim va tajribaga ega bo‘lishi, balki tinglashni ham bilishi kerak. O‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishni ortga surmang Biz yaqinlarimizga tez-tez: «O‘zingni asra», «Ko‘p charchama», «Albatta, shifokorga bor», — deymiz. Ammo bu so‘zlarni o‘zimizga qanchalik tez-tez aytamiz? Salomatlikka g‘amxo‘rlik qilish jiddiy tashxis yoki murakkab davolanishdan boshlanishi shart emas. Ba’zan birinchi qadam — takrorlanayotgan belgiga e’tibor berish, kundalik odatlarni qayta ko‘rib chiqish yoki o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishdir.Men insonlar og‘riq va doimiy noqulaylikni hayotning ajralmas qismi sifatida qabul qilishni bas qilishlarini istardim. Odatiy tuyulgan belgilar imkoniyatlaringizni cheklab, ish faoliyatingizga, dam olishingizga va yaqinlaringiz bilan muloqotingizga xalaqit bera boshlashini kutmang. 45 yillik faoliyatim davomida shuni angladim: salomatlik — faqat kasal bo‘lganimizda eslashimiz kerak bo‘lgan narsa emas. U har kuni asrashimiz va qadrlashimiz lozim bo‘lgan eng muhim boylikdir. O‘zingizni asrang. Organizmingizni tinglang. Unutmang, o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilish — o‘zingiz va yaqinlaringiz oldidagi mas’uliyatning bir ko‘rinishidir.
Ayollar yillar davomida ko‘nikib qolgan og‘riq jiddiy kasallik belgisi bo‘lishi mumkin. Ko‘plab ayollar og‘riqli hayzni hayotning tabiiy bir qismi deb biladi. Kuchli spazmlar, doimiy noqulaylik, og‘riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilish zarurati, hatto ish yoki o‘qishni qoldirish ham ko‘pincha odatiy hol deb hisoblanadi. Ammo hayz haqiqatan ham shunchalik kuchli og‘riq bilan kechishi kerakmi? Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda taxminan 190 million ayol endometriozdan aziyat chekadi — bu reproduktiv yoshdagi ayollarning qariyb 10 foizidir. Kasallik keng tarqalganiga qaramay, ko‘pincha uzoq yillar davomida aniqlanmay qoladi. Endometrioz hayot sifatini sezilarli darajada pasaytirishi, chanoq sohasida surunkali og‘riq keltirib chiqarishi va reproduktiv salomatlikka ta’sir qilishi mumkin. Bunda uning alomatlari boshqa ginekologik kasalliklarning belgilariga o‘xshab ketishi o‘z vaqtida tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi. Hayz og‘rig‘i qachon me’yor doirasidan chiqishini qanday tushunish mumkin? Qaysi alomatlarga befarq bo‘lmaslik kerak? Endometriozni erta bosqichda aniqlab, reproduktiv salomatlikni saqlab qolish mumkinmi? Shu va boshqa muhim savollarga javob olish uchun biz 26 yillik ish tajribasiga ega jarroh-shifokor, ginekologiya bo‘limi mudiri Fozilbekov Roziqul Anarqulovichga murojaat qildik. 1. Roziqul Anarqulovich, ko‘plab ayollar o‘smirlik davridan boshlab og‘riqli hayzga chidab keladi. Odatiy noqulaylik bilan jiddiy kasallikdan darak berishi mumkin bo‘lgan og‘riqni qanday farqlash mumkin? Rejalaringizni bekor qilishga majbur qiladigan og‘riq — me’yor emas. Siklning birinchi-ikkinchi kunida yengil noqulaylik bo‘lishi mumkin. Ammo oddiy tabletka yordam bermasa, ish yoki o‘qishni qoldirishga to‘g‘ri kelsa, yillar o‘tishi bilan esa ahvol faqat yomonlashsa, bu «organizmning o‘ziga xos xususiyati» emas, balki ogohlantiruvchi belgidir. 2. Endometrioz nima, u nima sababdan paydo bo‘ladi va bu kasallikda ayol organizmida qanday jarayonlar kechadi? Tasavvur qiling, bachadonning ichki yuzasini qoplab turadigan to‘qima tuxumdonlar, qorin pardasi va ichakka «ko‘chib o‘tgan». Har oy u qonashi kerak bo‘lmagan joyda qonaydi. Atrofida yallig‘lanish paydo bo‘ladi, keyin bitishmalar va chandiqlar hosil bo‘ladi — og‘riq shundan kelib chiqadi. Kasallikning yagona sababi yo‘q: irsiyat, immunitet va gormonlar muhim rol o‘ynaydi. Taxminan har o‘n ayoldan biri bu kasallikka chalinadi. 3. Endometriozning dastlabki qaysi belgilari ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi? Kasallik yaqqol alomatlarsiz ham rivojlanishi mumkinmi? Eng makkor alomat — odam ko‘nikib qolgan alomatdir. Bular hayz va yaqinlik paytidagi og‘riq, hayz kunlarida qorin dam bo‘lishi va ich kelishining og‘riqli kechishi, oz-ozdan qonli ajralmalar kelishi, doimiy charchoqdir. Ba’zan kasallik yillar davomida «jim» kechadi va faqat homilador bo‘lishning iloji bo‘lmaganda aniqlanadi. 4. Nega ayrim ayollar endometrioz borligini bilmasdan yillar davomida yashaydi? Kasallikni o‘z vaqtida aniqlashga ko‘pincha nima xalaqit beradi? O‘rtacha hisobda tashxis qo‘yilguncha 7–10 yil o‘tadi. Ayolga «Chida, hammada og‘riq bo‘ladi», deyishadi. Alomatlar sistit, ichak yoki bel bilan bog‘liq muammolarga o‘xshab ko‘rinadi. Shunchaki «belgi qo‘yish uchun» o‘tkazilgan oddiy UTT esa kichik o‘choqlarni aniqlamasligi mumkin. 5. Endometrioz yosh qizlarda, jumladan, o‘smirlik davrida ham uchrashi mumkinmi? Ota-onalar qizining og‘riqli hayziga qachon jiddiy e’tibor qaratishi kerak? Ha, odamlar o‘ylagandan ham ko‘proq. Onalar, agar qizingiz hayz tufayli maktabga bormasa, og‘riq qoldiruvchi dorilarni hovuchlab ichsa, ko‘ngil aynishidan shikoyat qilsa yoki shu kunlarda hushidan ketsa, hushyor bo‘ling. «Farzandli bo‘lsang, o‘tib ketadi» degan maslahat bu yerda ish bermaydi. 6. Og‘riqli hayzdan tashqari yana qanday belgilar endometriozdan darak berishi mumkin? Og‘riq hayzdan boshqa paytda ham paydo bo‘lib, bel, ichak yoki boshqa sohalarga tarqaladimi? Mumkin.Og‘riq sikl o‘rtasida, bel va dumg‘aza sohasida paydo bo‘lib, oyoqqa tarqalishi mumkin. Ichak zararlansa, hojatga chiqish og‘riqli bo‘ladi; siydik pufagi zararlansa, tez-tez va og‘riq bilan siyish kuzatiladi. Bunga hayzning ko‘p kelishi, kamqonlik va surunkali charchoqni qo‘shing — manzara oydinlashadi. 7. Endometrioz bepushtlikka sabab bo‘lishi rostmi? U tabiiy homilador bo‘lish imkoniyati va homiladorlik kechishiga qanday ta’sir qiladi? Bu hukm emas, ammo jiddiy xavf: homilador bo‘la olmayotgan ayollarning 30–50 foizida endometrioz aniqlanadi. U bachadon naylarida bitishmalar hosil qiladi, tuxum hujayralar zaxirasini kamaytiradi va homilador bo‘lishga xalaqit beradi. Yaxshi tomoni shundaki, ko‘plab bemorlar tabiiy yo‘l bilan yoki EKO yordamida homilador bo‘ladi, faqat bunday homiladorlikni sinchiklab kuzatish kerak. 8. Bugungi kunda endometrioz qanday aniqlanadi? Ultratovush tekshiruvi yetarlimi yoki tashxisni tasdiqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar kerakmi? Faqat tashxis qo‘yish uchun operatsiya qilish endi majburiy emas. Ko‘pincha sinchkov ko‘rik va mutaxassis darajasidagi transvaginal UTT yetarli bo‘ladi, chuqur jarayondan shubhalanilganda esa MRT o‘tkaziladi. Aniq javob bo‘lmaganda yoki davolash talab qilinganda laparoskopiya kerak bo‘ladi. 9. Ba’zi ayollar kuchli hayz og‘rig‘ini muntazam og‘riq qoldiruvchi dorilar bilan bosadi. Sababini aniqlamasdan alomatlarni uzoq vaqt bartaraf etishga urinish nimasi bilan xavfli? Tabletka yong‘in signalini o‘chiradi, ammo yong‘inning o‘zini emas. Og‘riq bosib turilgan vaqtda kasallik kengayib, kistalar va bitishmalar hosil qilishi, qo‘shni a’zolarni zararlashi mumkin. Og‘riq qoldiruvchi dorilarni yillar davomida qabul qilish esa oshqozon va buyraklarga zarar yetkazadi. Agar birorta ham siklni tabletkasiz o‘tkaza olmasangiz, dozani oshirish o‘rniga sababini izlang. 10. Hozir endometriozni davolashning qanday zamonaviy usullari mavjud? Qachon dori bilan davolash yetarli bo‘ladi, qaysi holatlarda jarrohlik amaliyoti zarur? Davolashni gormonal terapiyadan boshlaymiz: u o‘choqlarni «uxlatadi» va ko‘plab ayollarda og‘riqni butunlay yo‘qotadi. Katta kistalar, ichak yoki siydik yo‘llari zararlanganda, tabletkalar samara bermaganda va bepushtlikda operatsiya, odatda laparoskopiya kerak bo‘ladi. Muhimi, operatsiyani aynan endometrioz bo‘yicha tajribaga ega jarroh bajarishi kerak. Birinchi operatsiya — eng muhimi. 11. Endometriozdan butunlay xalos bo‘lish mumkinmi yoki kasallik uzoq muddatli nazoratni talab qiladimi? Davolashdan keyin u qaytalanishi mumkinmi? Ochig‘ini aytsam, bu surunkali kasallik. Operatsiyadan keyin qo‘llab-quvvatlovchi davolash bo‘lmasa, besh yil ichida taxminan har besh bemordan birida kasallik qaytalanadi. Ammo uni nazorat ostida saqlash mumkin: og‘riqsiz yashash, ishlash va farzand ko‘rish mumkin. Eng muhimi — muntazam shifokor kuzatuvida bo‘lish. 12. Suhbatimiz yakunida yillar davomida og‘riqli hayzga chidab, ginekologga borishni ortga surayotgan ayollarga qanday eng muhim maslahatni bergan bo‘lardingiz? Qaysi belgilar mutaxassisga murojaat qilish uchun asos bo‘ladi? Chidashni bas qiling. Og‘riq — xarakter ham, «ayolning qismati» ham emas, balki alomat. Quyidagi holatlarda ginekologga murojaat qiling: • og‘riq qoldiruvchi dori yordam bermasa; • hayz tufayli odatiy hayotingizdan uzilib qolsangiz; • yaqinlik paytida yoki hayz kunlari hojatga chiqqanda og‘riq bo‘lsa; • hayz juda ko‘p kelsa; • bir yildan ortiq vaqt davomida homiladorlik yuz bermasa (35 yoshdan keyin — yarim yildan ortiq). Erta tashxis — davolashning osonroq kechishi va ona bo‘lish imkoniyatining saqlanishi demakdir.
Isitma, uzoq davom etadigan yo‘tal, doimiy tumov va takrorlanuvchi shamollashlar ota-onalarning pediatrga murojaat qilishiga eng ko‘p sabab bo‘ladigan holatlardandir. Ayniqsa, bola bog‘chaga qatnay boshlaganida va infeksiyalar bilan ko‘proq to‘qnash kelganida bu muammo yaqqol seziladi. Biroq bolaning tez-tez shamollashi har doim ham immuniteti zaifligini anglatmaydi. Faqat kasallanishlar soni emas, balki ularning davomiyligi, og‘irligi, asoratlari va bolaning umumiy ahvoli ham muhim. Xalqaro statistika nimalarni ko‘rsatmoqda? Amerika pediatriya akademiyasi (AAP, 2026) ma’lumotlariga ko‘ra, hayotining dastlabki ikki yilidagi bolalar yiliga o‘rtacha 8–10 marta shamollashi mumkin. Yosh ulg‘aygan sari nafas yo‘llari infeksiyalari odatda kamayib boradi. Shu bilan birga, UNICEF statistikasi jiddiy kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash naqadar muhimligini ko‘rsatadi. 2024-yilga oid xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, pnevmoniya ham kiradigan quyi nafas yo‘llari infeksiyalari dunyo bo‘yicha besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining taxminan 13 foiziga sabab bo‘lgan.Quvonarli ma’lumotlar ham bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST, 2024) baholashicha, so‘nggi 50 yil davomida global emlash dasturlari taxminan 154 million inson hayotini saqlab qolgan. Bu raqamlar profilaktika, o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va to‘g‘ri davolash qanchalik muhimligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, odatiy virusli shamollashni alohida tibbiy e’tibor talab qiladigan kasalliklardan farqlash lozim. Immun himoyaning tabiiy shakllanishi bilan patologiya o‘rtasidagi chegara qayerda? Ota-onalar davolashda ko‘pincha qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi va nima uchun antibiotiklarni berishga har doim ham shoshilmaslik kerak? Bu savollar haqida pediatr va bolalar gastroenterologi, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Azizova Gulnoza Kamoliddinovna bilan suhbatlashdik. Pediatr bilan intervyu: bolalar salomatligi haqida 15 muhim savol 1. Ko‘plab ota-onalar farzandi deyarli har oy kasal bo‘lishidan shikoyat qiladi. Turli yoshdagi bolalar uchun yiliga necha marta shamollash odatiy hisoblanadi va tez-tez kasallanish qachon xavotir uyg‘otishi kerak? Kichik yoshdagi bolalar kattalarga nisbatan ancha ko‘p shamollaydi va buning o‘zi immunitet tanqisligini anglatmaydi. AAP ma’lumotlariga ko‘ra, hayotning dastlabki ikki yilida yiliga taxminan 8–10 marta shamollash kuzatilishi mumkin, ayniqsa bola bog‘chaga qatnasa. Maktab yoshidagi bolalarda infeksiyalar odatda kamayadi: yiliga o‘rtacha to‘rt epizod, biroq individual farqlar katta bo‘lishi mumkin. Asosiy mezon taqvimdagi kasallanishlar soni emas, balki kasalliklarning qanday kechishidir. Agar bola yaxshi o‘sib, vazn olayotgan, kasalliklar oralig‘ida o‘zini yaxshi his qilayotgan va infeksiyalar noodatiy asoratlarsiz o‘tib ketayotgan bo‘lsa, bu ko‘pincha yoshga xos odatiy holatga mos keladi. Qayta-qayta tasdiqlangan pnevmoniya, og‘ir bakterial infeksiyalar, shifoxonaga yotqizilish, uzoq isitma, vaznning yetarli qo‘shilmasligi va antibiotiklarni bir necha bor vena ichiga yuborish zarurati xavotirli belgilar hisoblanadi. Shu sababli ota-onalarga oddiy kasallanish kundaligini yuritishni tavsiya qilaman: sana, belgilar, davomiylik, tasdiqlangan tashxis va davolash. Bu «bola doim kasal» degan umumiy taassurotdan ko‘ra foydaliroq ma’lumot beradi. [1, 4] 2. Nima uchun ayrim bolalar bog‘chaga qatnay boshlaganidan keyin doimo kasal bo‘lib qoladi? Bu immun tizimining infeksiyalar bilan tanishishidagi tabiiy bosqichmi yoki yashirin sog‘liq muammosidan darak berishi mumkinmi? Buning asosiy sababi — nafas yo‘llari viruslari bilan aloqalar sonining keskin ortishi. Bolalar jamoasida infeksiyalar havo, qo‘llar va umumiy foydalaniladigan buyumlar orqali osonroq tarqaladi. Shu bilan birga, bola immun tizimi hali ko‘plab viruslarga nisbatan immunologik xotira hosil qilmagan bo‘ladi. Shuning uchun bog‘chaga borishning dastlabki davrida shamollashlar birin-ketin kuzatilishi mumkin. Lekin immunitetni «chiniqtirish» uchun bola albatta ko‘plab infeksiyalarni boshdan kechirishi kerak, degan noto‘g‘ri xulosaga kelmaslik lozim. Immun tizimi ataylab yuqtirilgan infeksiyalarsiz ham rivojlanadi, infeksiyalar esa ba’zan asoratlar keltirib chiqaradi. Yaxshisi, yuqish xavfini kamaytirish kerak: qo‘llarni yuvish, xonalarni shamollatish, emlash taqvimiga rioya qilish va bola aniq kasal bo‘lib, mashg‘ulotlarda odatdagidek qatnasha olmasa, uni jamoaga yubormaslik zarur. Agar tez-tez uchraydigan infeksiyalar bilan birga o‘sishning sustlashishi, doimiy nam yo‘tal, takroriy pnevmoniya yoki kasallikning noodatiy og‘ir kechishi kuzatilsa, astma va allergiyadan tortib immun himoyasi buzilishlarigacha bo‘lgan boshqa sabablarni tekshirish kerak. [1, 4] 3. Ota-onalar ko‘pincha «Farzandimning immuniteti zaif», deydi. Pediatriyada bu ibora aslida nimani anglatadi va qaysi belgilar immunitet tanqisligidan shubhalanishga asos bo‘ladi? «Zaif immunitet» tibbiy tashxis emas. Sog‘lom bolaning immun tizimi mavsumiy virusli infeksiyalar tez-tez uchraganida ham me’yorida ishlashi mumkin. Haqiqiy immunitet tanqisligi — immun himoyaning muayyan mexanizmlaridagi aniqlangan buzilish bo‘lib, u tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin. Masalan, og‘ir to‘yib ovqatlanmaslik yoki ayrim dorilarni qabul qilish fonida ham paydo bo‘ladi. Amerika allergiya, astma va immunologiya akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, noodatiy qo‘zg‘atuvchilar chaqirgan infeksiyalar, qaytalanuvchi pnevmoniyalar, chuqur abssesslar, odatdagi davolashga qiyin javob beradigan infeksiyalar, bo‘y va vaznning yetarli o‘smasligi hamda oilada immunitet tanqisligi holatlari bo‘lishi xavotirli belgilar sanaladi. Birgina shamollashlar sonidan ko‘ra bir nechta belgilarning birgalikda uchrashi muhimroq. Asosli shubha bo‘lsa, pediatr kasallik tarixini o‘rganish, ko‘rik va maqsadli tekshiruvlardan boshlaydi, zarur bo‘lsa bolalar immunologiga yo‘llanma beradi. Tashxissiz «immunomodulyator» sotib olish na tashxis, na davodir. [4, 15] 4. Bolada yuqori harorat qanchalik xavfli? Qaysi vaziyatlarda isitmani uyda kuzatish mumkin va qachon zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish kerak? Isitma — immun javobning bir ko‘rinishi, lekin infeksiya og‘irligini mustaqil belgilovchi ko‘rsatkich emas. Olti oydan katta bolalarda termometrdagi raqamning o‘zidan ko‘ra nafas olishi, faolligi, atrofdagilarga javobi, suyuqlik ichishi, siydik ajratishi va umumiy ahvoli muhimroq. Bola o‘zini nisbatan yaxshi his qilsa, xavotirli belgilar bo‘lmasa va uni kuzatib turish imkoni mavjud bo‘lsa, yengil isitmani ko‘pincha uyda yetarli suyuqlik va nazorat bilan boshqarish mumkin. Yoshga bog‘liq muhim istisnolar bor: uch oylikkacha bo‘lgan chaqaloqda harorat 38°C yoki undan yuqori bo‘lsa, zudlik bilan tibbiy baholash talab qilinadi; 3–6 oylik bolada harorat 39°C yoki undan yuqori bo‘lsa, tezkor ko‘rik zarur. Nafas olish qiyinlashishi, kuchli uyquchanlik yoki javob bermaslik, tirishish, suvsizlanish belgilari, ensa mushaklarining qotishi va bosganda rangi o‘chmaydigan toshma bo‘lsa, darhol yordam kerak. Isitma tushiruvchi dorilar birinchi navbatda bolaning bezovtaligini kamaytirish uchun, yosh va vazniga mos dozada qo‘llanadi. Virusli infeksiya vaqtida bolalarga aspirin berish mumkin emas. Isitma besh kun yoki undan ko‘proq davom etsa, bolani tekshirib, jumladan Kavasaki kasalligi va boshqa sabablarni istisno qilish zarur. [5, 10] 5. Keng tarqalgan xatolardan biri — yo‘tal, tumov yoki isitma paytida antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan boshlash. Bu nima uchun xavfli va qaysi hollarda antibiotiklar haqiqatan kerak bo‘ladi? Oddiy shamollashlarning aksariyatini viruslar keltirib chiqaradi, antibiotiklar esa viruslarga ta’sir qilmaydi. Ularni nazoratsiz qabul qilish nojo‘ya ta’sirlar xavfini oshiradi, mikrobiotani buzadi va bakteriyalarning dorilarga chidamliligini kuchaytiradi. Bundan tashqari, ko‘riksiz davolashni boshlash kasallikning asl sababini o‘z vaqtida aniqlashga xalaqit berishi mumkin. Antibakterial davolash tasdiqlangan yoki asosli ravishda gumon qilingan bakterial infeksiyada talab etiladi. Masalan, pnevmoniyaning ayrim turlari, siydik yo‘llari infeksiyasi, tegishli test bilan tasdiqlangan streptokokkli tonzillit va o‘rta quloq yallig‘lanishining ayrim holatlarida. Bakterial sinusitda, jumladan, belgilar o‘n kundan ortiq yaxshilanmasdan davom etishi, dastlabki yaxshilanishdan keyin yana yomonlashish yoki yuqori harorat va yiringli ajralma bilan og‘ir boshlanishi e’tiborga olinadi. Antibiotikni shifokor tashxis, bolaning yoshi va vazni, allergiyasi hamda hududdagi bakteriyalar chidamliligini hisobga olib tanlaydi. Burundan yashil ajralma kelishi yoki faqat isitmaning o‘zi antibiotik buyurish uchun avtomatik asos emas. [6] 6. Dastlab oddiy shamollashga o‘xshagan kasallik pnevmoniyaga aylanishi mumkinmi? Harorat allaqachon tushgan bo‘lsa ham, qaysi dastlabki belgilar ota-onani hushyor torttirishi kerak? Ha. Ba’zan virusli infeksiya quyi nafas yo‘llarini ham zararlaydi, ba’zan esa unga bakterial infeksiya qo‘shiladi. Ammo har bir uzoq davom etgan shamollash pnevmoniyaga olib kelmaydi va balg‘amning rangigagina qarab tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. Tinch holatda tez nafas olish, nafas olayotganda qovurg‘alar oralig‘i yoki ko‘krak qafasining pastki qismi ichkariga tortilishi, nafas qisishi, ko‘krak og‘rig‘i, kuchli holsizlik, suyuqlik ichishdan bosh tortish va dastlab yaxshilangandan keyin ahvolning yomonlashishi erta xavotirli belgilardir. 2–12 oylik bolalarda daqiqasiga 50 ta yoki undan ko‘p, 1–5 yoshda esa 40 ta yoki undan ko‘p nafas tez nafas olish mezoni hisoblanadi. Bular dastlabki saralash belgilari bo‘lib, shifokor ko‘rigini almashtirmaydi. Muhimi, haroratning tushishi pnevmoniyani istisno qilmaydi. Nafas olish og‘irlashsa, bola ko‘karib qolsa, icholmasa yoki keskin lanj ko‘rinsa, shoshilinch yordam zarur. Ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvi har bir yo‘talayotgan bolaga emas, klinik ko‘rsatma bo‘lganda o‘tkaziladi. [7, 5] 7. Kasallikdan keyin bolaning yo‘tali bir necha hafta davom etsa, bu har doim qoldiq belgisimi? Avvalo qaysi kasalliklarni istisno qilish kerak? Yo‘q, garchi virusli infeksiyadan keyin yo‘tal haqiqatan ham ma’lum vaqt saqlanib qolishi mumkin. CHEST tavsiyalariga ko‘ra, bolada to‘rt haftadan ortiq davom etayotgan kundalik yo‘tal surunkali yo‘tal deb baholanishi va uning sababi aniqlanishi lozim. Baholash yo‘talning xususiyatlaridan boshlanadi: nammi yoki quruqmi, kunduzi yoki kechasi kuchayadimi, jismoniy faollik bilan bog‘liqmi, xirillash, ovqatdan keyingi yo‘tal xurujlari, isitma yoki vaznning yetarli qo‘shilmasligi bormi. Mumkin bo‘lgan sabablar orasida bronxial astma, cho‘zilgan bakterial bronxit, ko‘kyo‘tal, allergiya hamda quloq-burun-tomoq kasalliklari bor. Yo‘tal tiqilib qolish epizodidan keyin to‘satdan boshlangan bo‘lsa, nafas yo‘llariga yot jism tushganini istisno qilish zarur. Yo‘tal har kuni takrorlanib, to‘rt haftadan oshsa, shifokor ko‘rigi va ko‘rsatmaga ko‘ra ko‘krak qafasi rentgenografiyasi hamda tekshiruvni to‘g‘ri bajara oladigan yoshdagi bolada spirometriya kerak bo‘ladi. Sababni aniqlamasdan oylab yo‘tal siroplari yoki antibiotiklar buyurish to‘g‘ri emas. [8, 14] 8. Ota-onalar ko‘pincha nebulayzer, yo‘tal siroplari va turli dorilarni mustaqil qo‘llaydi. Uy sharoitidagi qaysi davolash usullari samarasiz yoki hatto bola uchun xavfli bo‘lishi mumkin? Eng katta xavf shamollashga qarshi bir necha komponentli preparatlar, yo‘talni to‘xtatuvchi dorilar, antibiotiklar va ingalyatsiya dorilarini nazoratsiz ishlatish bilan bog‘liq. FDA ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga retseptsiz yo‘tal va shamollash dorilarini tavsiya etmaydi; ishlab chiqaruvchilar esa odatda qadoqda to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallanmaganini ko‘rsatadi. Ayrim preparatlarda bir nechta faol modda bo‘lgani sababli bir moddaning ikki baravar dozasini tasodifan berib qo‘yish oson. Nebulayzer — belgilangan dorini nafas yo‘llariga yetkazish qurilmasi, tumov uchun universal davolash usuli emas. Odatiy bronxiolitda NICE ingalyatsion bronx kengaytiruvchi preparatlar yoki kortikosteroidlarni muntazam qo‘llashni tavsiya etmaydi. Issiq suv ustida bug‘ bilan ingalyatsiya qilish ham kuyish xavfi sababli zararli. Asoratsiz shamollashda ko‘pincha yetarli suyuqlik, dam olish, burun uchun tuzli tomchi yoki sprey va yoshga mos tarzda burunni ehtiyotkorlik bilan tozalash kifoya. Bir yoshdan katta bolalarda oz miqdordagi asal ba’zan tungi yo‘talni kamaytirishi mumkin; bir yoshgacha esa botulizm xavfi sababli asal berish mumkin emas. [9–11] 9. Bugun vitaminlar, immunomodulyatorlar va «immunitetni mustahkamlovchi» preparatlar faol reklama qilinmoqda. Ularning samaradorligi bo‘yicha ishonchli ilmiy dalillar bormi va bolalar salomatligini saqlashga aslida nima yordam beradi? Sog‘lom bolaning immunitetini «kuchaytirib», shamollashdan ishonchli himoya qiladigan universal dori mavjud emas. Reklama qilinadigan immunomodulyatorlarning aksariyati uchun yuqori sifatli pediatrik tadqiqotlardan olingan ishonchli dalillar yetarli emas. Tasdiqlangan tanqislikni bartaraf etish boshqa masala: masalan, D vitamini yoshga oid tavsiyalar bo‘yicha raxit profilaktikasi uchun zarur, ammo bu uning yuqori dozalari O‘RVI dan himoya qiladi degani emas. Jumladan, 2025-yildagi yangilangan meta-tahlilda 46 ta randomizatsiyalangan tadqiqot va 64 mingdan ortiq ishtirokchi ma’lumotlari birlashtirilgan hamda D vitamini qo‘shimchalarining o‘tkir respirator infeksiyalarga qarshi umumiy profilaktik samarasi statistik jihatdan ahamiyatli emasligi aniqlangan. Cochrane sharhida ham C vitaminini muntazam qabul qilish umumiy aholida shamollashlar sonini kamaytirishi tasdiqlanmagan, garchi belgilar davomiyligi biroz qisqarishi mumkin bo‘lsa-da. Eng yaxshi ilmiy asosga ega choralar — emlash, to‘laqonli ovqatlanish, yetarli uyqu, tamaki tutunidan himoyalanish, gigiyena va muayyan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash. Vitaminlar ana shu choralar o‘rniga emas, tibbiy ko‘rsatmalar asosida buyuriladi. [12, 13, 3] 10. Burunning doimiy bitishi yoki qaytalanuvchi yo‘tal infeksiya emas, balki allergiya, bronxial astma yoki adenoidlarning kattalashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi? Bu holatlarni qanday farqlash mumkin? Ha, bu diagnostik xatolarning keng tarqalgan sabablaridan biridir. Virusli infeksiya uchun nisbatan to‘satdan boshlanish va asta-sekin yaxshilanish xos. Allergik rinitda ko‘pincha ketma-ket aksirish, burun yoki ko‘z qichishishi, suvdek ajralma, gul changi, uy changi yoki hayvonlar bilan bog‘liqlik hamda yaqqol isitmaning bo‘lmasligi kuzatiladi. Bronxial astmada, ayniqsa kechasi yoki jismoniy zo‘riqishda, xirillab nafas olish, nafas qisishi, ko‘krakda siqilish hissi va yo‘tal qaytalanishi mumkin. Ammo faqat yo‘talning o‘zi astmani isbotlamaydi: tashxis belgilar yig‘indisi va yosh imkon bersa, o‘pka faoliyatini obyektiv tekshirish asosida qo‘yiladi. Kattalashgan adenoidlar tufayli bola doim og‘izdan nafas olishi, xurrak otishi, burundan nafas olishi qiyinlashishi va o‘rta quloq yallig‘lanishi takrorlanishi mumkin. Sababni aniqlash uchun pediatr, allergolog, LOR shifokor yoki pulmonolog ko‘rigi kerak bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarni oylab o‘zboshimchalik bilan antibiotiklar orqali davolash kerak emas. [14, 19, 20] 11. Ota-onalar tez-tez kasallanish sababini topish uchun ba’zan imkon qadar ko‘proq tahlil topshirishni talab qiladi. Qaysi tekshiruvlar haqiqatan tashxis qo‘yishda foydali, qaysilari esa odatda kerak emas? Sifatli diagnostika katta tahlillar to‘plamidan emas, balki kasalliklarning batafsil tarixi, bo‘y va vaznning baholanishi, emlash holati hamda o‘pka, burun-halqum, teri va limfa tugunlarini ko‘rikdan o‘tkazishdan boshlanadi. Odatiy virusli shamollashlar bilan kasallanadigan sog‘lom bolaga odatda keng qamrovli laborator tekshiruvlar kerak bo‘lmaydi. Anemiya, ovqatlanish buzilishi yoki uzoq davom etgan yallig‘lanish belgilari bo‘lsa, shifokor maqsadli tahlillarni tayinlaydi. Immunitet tanqisligiga asosli shubha tug‘ilganda boshlang‘ich tekshiruvlar leykotsitar formula bilan umumiy qon tahlili va yosh me’yorlarini hisobga olgan holda IgG, IgA, IgM immunoglobulinlarining miqdoriy ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olishi mumkin; klinik vaziyatga qarab komplement tizimi, emlashdan keyingi antitanalar va boshqa maxsus testlar tekshiriladi. Uzoq davom etgan yo‘talda diagnostika strategiyasi boshqacha bo‘ladi. Aniq ko‘rsatmalarsiz «to‘liq immunogramma», barcha viruslarga oid panellar, juda ko‘p allergenlarga testlar yoki onkomarkerlarni topshirish tavsiya etilmaydi: bunday tekshiruvlar ko‘pincha talqin qilish qiyin bo‘lgan natijalar beradi va davolash taktikasini o‘zgartirmaydi. [15, 8] 12. Uyqu, ovqatlanish, temir tanqisligi, jismoniy faollik va atrof-muhit sharoitlari bolalarning kasallanish tezligi hamda og‘irligiga qanday ta’sir qiladi? Ota-onalar avvalo nimalarga e’tibor qaratishi kerak? Kundalik turmush omillari «superimmunitet» yaratmaydi, ammo bolaning umumiy ahvoli va kasalliklarni o‘tkazishiga sezilarli ta’sir qiladi. Oqsil, temir va boshqa ozuqa moddalari yetarli bo‘lgan xilma-xil, to‘laqonli ovqatlanish muhim. Temir tanqisligi holsizlik va anemiyaga sabab bo‘lishi mumkin; uni tekshirish va davolash haqidagi qaror «hamma bolaga temir preparati kerak» degan yondashuvga emas, yosh, ratsion va xavf omillariga asoslanadi. Uyqu ayniqsa muhim. CDC tavsiyalariga ko‘ra, 1–2 yoshli bolalarga sutkasiga taxminan 11–14 soat, 3–5 yoshdagilarga 10–13 soat, 6–12 yoshdagilarga 9–12 soat uyqu kerak. Har kuni sayr qilish va yoshga mos jismoniy faollik umumiy sog‘liqni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq tibbiy profilaktikaning o‘rnini bosmaydi. Eng muhim choralardan biri — uy va avtomobilda tamaki tutunini butunlay yo‘qotish. Passiv chekish bolalarda respirator infeksiyalar, otit va astmaning og‘ir xurujlari xavfini oshirishi isbotlangan. [16, 17] 13. Ayrim ota-onalar tez-tez kasal bo‘ladigan bolalarni emlashdan xavotirlanadi. Qachon emlashni haqiqatan kechiktirish kerak va tez-tez shamollashning o‘zi emlashga qarshi ko‘rsatma hisoblanadimi? Oldin tez-tez shamollaganlikning o‘zi emlashga qarshi ko‘rsatma emas. CDC tavsiyalariga ko‘ra, yuqori nafas yo‘llarining yengil infeksiyasi, biroz tumov yoki subfebril harorat odatda rejalashtirilgan emlashni kechiktirishni talab qilmaydi. Yakuniy qarorni shifokor bolaning ayni paytdagi ahvoli va aniq vaksina turini baholagandan keyin qabul qiladi. Emlashni kechiktirish odatda o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir o‘tkir kasallikda ko‘rib chiqiladi — avvalo kasallik belgilarini emlashdan keyingi ehtimoliy reaksiyalar bilan adashtirmaslik uchun. Haqiqiy qarshi ko‘rsatmalar vaksina turiga bog‘liq: masalan, avvalgi dozaga yoki tarkibiy qismga og‘ir allergik reaksiya; ayrim tirik vaksinalar esa immunitet tanqisligining ba’zi og‘ir turlarida mumkin emas. Og‘ir infeksiyalar xavfi yuqori bo‘lgan bolalar uchun o‘z vaqtida emlash ayniqsa muhim bo‘lishi mumkin. Har bir tumov sababli emlashni o‘zboshimchalik bilan bir necha oyga qoldirmang; muddatlar o‘tib ketgan bo‘lsa, pediatr bilan individual to‘ldiruvchi emlash jadvalini muhokama qiling. [18, 3] 14. Boladagi qaysi belgilarni aslo e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi? Ertangi kungacha kutmasdan, darhol shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilish kerak bo‘lgan xavotirli belgilarni ayting. Bolada kuchli nafas qisishi, nafas olayotganda ko‘krak qafasining ichkariga tortilishi, lab yoki terining ko‘karishi, nafasning to‘xtab qolishi, murojaatga javob bermaslik, tirishish, keskin holsizlik yoki ong buzilishi bo‘lsa, darhol tez yordam chaqiring. Icholmaslik yoki emolmaslik, og‘ir suvsizlanish, isitma bilan birga ensaning qotishi, shuningdek bosganda rangi o‘chmaydigan qizil-binafsha toshma ayniqsa xavfli. Uch oylikkacha bo‘lgan chaqaloqda harorat 38°C yoki undan yuqori bo‘lsa, u nisbatan tinch ko‘rinsa ham zudlik bilan tibbiy ko‘rik zarur. 3–6 oylik bolalarda 39°C yoki undan yuqori harorat ham tezkor baholashni talab qiladi. Alohida favqulodda holat — ovqatlanayotganda yoki mayda buyumlar bilan o‘ynayotganda to‘satdan yo‘talish va bo‘g‘ilish: nafas yo‘liga yot jism tushgan bo‘lishi mumkin. Asosiy qoida — faqat termometrga emas, balki nafas olishga, ong holatiga, teri rangiga, suyuqlik ichishiga va ahvolning qanchalik tez yomonlashayotganiga ham e’tibor berish. 15. Agar ota-onalarga bolalarda jiddiy kasalliklar xavfini kamaytirishga yordam beradigan atigi uchta tavsiya bera olsangiz, ular qanday bo‘lardi? Bolalar salomatligiga g‘amxo‘rlik qilishdagi qaysi keng tarqalgan xatolarni eng xavfli deb hisoblaysiz? Birinchidan, bolani tavsiya etilgan taqvim bo‘yicha o‘z vaqtida emlash va profilaktik ko‘riklarni o‘tkazib yubormaslik. Emlash ayrim potensial og‘ir infeksiyalarning oldini oladi va jamoat salomatligini saqlashdagi eng samarali choralardan biridir. Ikkinchidan, har kuni sog‘lom muhit yaratish: to‘laqonli ovqatlanish, yetarli uyqu, harakat, tamaki tutunisiz toza havo va oddiy qo‘l gigiyenasi. Bular «immunitetni kuchaytiruvchi preparatlar» reklamasichalik ta’sirli eshitilmasligi mumkin, ammo aynan shu choralar ishonchli ilmiy dalillarga asoslanadi. Uchinchidan, xavotirli belgilarni bilish va ayniqsa nafas olish qiyinlashganda, suvsizlanish, ong buzilishi yoki kasallik noodatiy og‘ir kechganda o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish. Eng xavfli xatolar — antibiotiklarni nazoratsiz ishlatish, tekshiruv o‘rniga isbotlanmagan vositalarga tayanish, emlashlarni o‘tkazib yuborish va shoshilinch holat belgilariga qaramay «o‘zi o‘tib ketar» deb kutish. Ota-onalar shifokor bo‘lishi shart emas; uyda parvarish qilish qachon yetarli bo‘lmay qolishini bilishi muhim.
Bo‘g‘imlardagi og‘riq, suyak sinishlari, sport jarohatlari va zamonaviy davolash usullari: jahon statistikasi nimalarni ko‘rsatmoqda va qachon jarrohlik amaliyoti haqiqatan zarur bo‘ladi? Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 1,71 milliard kishi tayanch-harakat tizimi kasalliklari va buzilishlari bilan yashamoqda. Ushbu holatlar harakatlanish imkoniyatining cheklanishi va nogironlikning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Muammoning ko‘lami kengayishda davom etmoqda. Aholining qarishi, ortiqcha tana vazni, jismoniy faollik yetishmasligi va jarohatlarning asoratlari zamonaviy travmatologiya va ortopediya oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bilan birga, zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya usullari ko‘p hollarda og‘riqni kamaytirish, harakatlanish qobiliyatini tiklash hamda bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi. Eng ko‘p uchraydigan bo‘g‘im kasalliklari, jarohatlarni nega e’tiborsiz qoldirmaslik kerakligi va zamonaviy ortopediyaning imkoniyatlari haqida AKFA Medline travmatologiya va ortopediya bo‘limi mudiri, travmatolog-ortoped Babakulov Abduaziz Shadiyevich bilan suhbatlashdik. 1. Xalqaro statistikaga ko‘ra, tayanch-harakat tizimi kasalliklari 1,7 milliarddan ortiq kishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Nega bu muammo bunchalik keng ko‘lamga ega bo‘ldi va kasallanishning ortishiga qanday omillar sabab bo‘lmoqda? Buning bir nechta sababi bor va ular bir vaqtda ta’sir qiladi. Birinchisi — aholining qarishi. Odamlar uzoqroq umr ko‘rmoqda, yosh o‘tishi bilan esa tog‘aylar, suyaklar, boylamlar va mushaklarda o‘zgarishlar asta-sekin to‘planib boradi. Ilgari rivojlanishga ulgurmagan kasalliklar bugun millionlab bemorlarda uchramoqda. Ikkinchi sabab — turmush tarzi. Ortiqcha vazn, o‘tirib ishlash, kompyuter yoki avtomobilda uzoq vaqt o‘tkazish, kamharakatlik odatda bo‘g‘imlar va umurtqa pog‘onasini himoya qiluvchi mushaklarni zaiflashtiradi. Qandli diabet, chekish va D vitamini yetishmovchiligini ham alohida ta’kidlash kerak: bularning barchasi suyak hamda biriktiruvchi to‘qima holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uchinchi sabab — jarohatlar: yo‘l-transport hodisalari, uy sharoitida yiqilish va sport jarohatlari. Yetarlicha davolanmagan bo‘g‘im jarohati bir necha yil o‘tib posttravmatik artrozga aylanishi mumkin. Nihoyat, biz bu kasalliklarni yaxshiroq tashxislay boshladik. Ammo bir narsani unutmaslik kerak: ularning aksariyati surunkali bo‘lib, o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi va aholi orasida tobora ko‘proq uchraydi. Shu sababli JSST ma’lumotlariga ko‘ra, belning pastki qismidagi og‘riq bugungi kunda dunyoda nogironlikning yetakchi sabablaridan biridir. 2. Global Burden of Disease tadqiqotiga ko‘ra, 2020-yilda qariyb 595 million kishi osteoartrozdan aziyat chekkan. Qaysi bo‘g‘imlar ko‘proq zararlanadi va nega bu kasallik nafaqat keksalarda, balki yoshlarda ham aniqlanmoqda? Eng ko‘p tizza bo‘g‘imlari zararlanadi — osteoartroz holatlarining katta qismi aynan ularga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda son bo‘g‘imlari, qo‘l panjasining mayda bo‘g‘imlari (ayniqsa ayollarda), shuningdek, umurtqa pog‘onasi va oyoq panjasi bo‘g‘imlari turadi. Bular tana vaznining asosiy yukini ko‘taradigan yoki kun davomida doimiy ishlaydigan bo‘g‘imlardir. Osteoartroz endi faqat keksa yoshdagilarga xos kasallik emas. Yoshlarda u ko‘pincha jarohatlardan — menisk yoki oldingi xochsimon boylam uzilishi, bo‘g‘im ichidagi suyak sinishidan keyin rivojlanadi. Jarohatlangan bo‘g‘imning faoliyati buziladi va tog‘ay tezroq yemiriladi. Boshqa sabablar qatoriga ortiqcha vazn, tug‘ma anatomik xususiyatlar (masalan, son bo‘g‘imi displaziyasi), oyoq o‘qining qiyshayishi (O yoki X shaklidagi oyoqlar), kasb va sport bilan bog‘liq ortiqcha yuklamalar hamda irsiyat kiradi. Dam olgandan keyin ilk qadamlarni bosganda paydo bo‘ladigan og‘riq, ertalabki qotishish, bo‘g‘imdan qirsillagan tovush chiqishi va harakatning asta-sekin cheklanishi ogohlantiruvchi belgilar hisoblanadi. Davolash qanchalik erta boshlansa, bemorning o‘z bo‘g‘imini shunchalik uzoq saqlab qolish mumkin. 3. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi qariyb 1,8 milliard katta yoshli kishi tavsiya etilgan jismoniy faollik darajasiga erishmaydi. Kamharakat turmush tarzi bo‘g‘imlar salomatligiga qanday ta’sir qiladi va nega hatto yoshlarda ham tizza hamda umurtqa pog‘onasida og‘riq kuzatilmoqda? Bo‘g‘im tog‘ayining o‘z qon tomirlari yo‘q. U oziq moddalarni bo‘g‘im suyuqligidan oladi va bu almashinuv aynan harakat paytida, ya’ni yuklama tushishi va kamayishi navbatlashganda yuz beradi. Shartli ravishda aytganda, tog‘ay harakat orqali «oziqlanadi». Kamharakat turmush tarzida bu jarayon sustlashadi. Bundan tashqari, muntazam jismoniy yuklama bo‘lmasa, mushaklar zaiflashadi. Tizza uchun sonning to‘rt boshli mushagi ayniqsa muhim: u zarbani yumshatadi va bo‘g‘imni barqaror ushlab turadi. Umurtqa pog‘onasi uchun esa orqa, qorin va dumba mushaklari muhim. Mushaklar tayanchi zaiflashganda yuklama bevosita bo‘g‘imlar, boylamlar va umurtqalararo disklarga tushadi. Yoshlarda tizza va bel og‘rig‘i ko‘pincha uzoq vaqt o‘tirish, kompyuter yoki telefondan foydalanishda gavdani noto‘g‘ri tutish, shuningdek, kamharakatlikdan birdaniga kuchli jismoniy yuklamaga o‘tish bilan bog‘liq. Masalan, odam hafta davomida ofisda o‘tirib ishlaydi, dam olish kuni esa futbol o‘ynaydi. Biz patellofemoral og‘riq sindromi va nospetsifik bel og‘rig‘i bilan murojaat qiladigan ko‘plab bemorlarni ko‘ramiz. JSST kattalarga haftasiga 150–300 daqiqa o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy faollik — tez yurish, suzish, velosiped haydash — va haftada kamida ikki marta kuch mashqlarini tavsiya qiladi. Ko‘pchilik uchun bu bo‘g‘imlar salomatligini asrashning eng yaxshi «profilaktik dorisi»dir. 4. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, 2019-yilda dunyo bo‘ylab taxminan 178 million yangi suyak sinishi holati qayd etilgan. Qaysi sinishlar eng xavfli va zamonaviy davolash usullari jarohatlangan qo‘l yoki oyoq faoliyatini qay darajada tiklay oladi? Men sinishlarning bir necha turini ayniqsa xavfli deb hisoblayman. Avvalo, keksalarda son suyagining yuqori qismi sinishlari (jumladan, son suyagi bo‘yni sinishi). O‘z vaqtida davolanmasa, bemor yotib qolishi, pnevmoniya, tromboz va yotoq yaralari rivojlanishi mumkin; birinchi yil ichidagi o‘lim xavfi ham yuqori bo‘lib qoladi. Chanoq suyaklari sinishi kuchli qon ketishi, umurtqa sinishlari orqa miya shikastlanishi, ochiq sinishlar infeksiya xavfi tufayli, qon tomirlari va nervlar shikastlanishi bilan kechadigan sinishlar esa boshqa og‘ir asoratlar sabab xavflidir. Bo‘g‘im ichidagi sinishlarga ham alohida e’tibor qaratish kerak: suyak yaxshi bitgan taqdirda ham bo‘g‘im yuzasi aniq tiklanmasa, keyinchalik artroz rivojlanishi mumkin. Zamonaviy travmatologiya juda yaxshi natijalarga erishish imkonini beradi. Kichik kesmalar orqali o‘rnatiladigan intramedullyar shtiftlar va burchakli barqaror plastinalar yordamida kam invaziv osteosintez usullari qo‘llaniladi. Son suyagi singan keksa bemorlarni dastlabki 24–48 soat ichida operatsiya qilishga va imkon qadar ertasi kuniyoq oyoqqa turg‘izishga intilamiz. Son suyagi bo‘yni singanda esa ko‘pincha darhol endoprotezlash amaliyotini bajaramiz. O‘z vaqtida va to‘g‘ri davolangan bemorlarning aksariyati odatdagi hayotiga qaytadi. Murojaat qilish vaqti, operatsiya sifati va keyingi reabilitatsiya hal qiluvchi ahamiyatga ega 5. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili qariyb 37 million yiqilish holatida tibbiy yordam talab etiladi. Yiqilish yoki boshqa jarohatdan keyin qaysi alomatlar travmatologga zudlik bilan murojaat qilish zarurligini bildiradi? Jarohatdan keyin quyidagi holatlar kuzatilsa, darhol travmatologga murojaat qilish yoki tez yordam chaqirish kerak: – qo‘l yoki oyoqda ko‘zga tashlanadigan deformatsiya yoxud g‘ayritabiiy holat paydo bo‘lsa; – oyoqqa tayanib bo‘lmasa yoki qo‘l va barmoqlarni qimirlatish imkonsiz bo‘lsa; – og‘riq juda kuchli bo‘lib, tinch holatda ham kamaymasa, shish yoki ko‘karish tez ortsa; – barmoqlarda uvishish, sanchish, sovuqlashish yoki oqarish kuzatilsa — bu nerv yoki qon tomir shikastlanganini ko‘rsatishi mumkin; – jarohat joyida yara bo‘lsa, ayniqsa undan suyak ko‘rinib tursa; – jarohat paytida qirsillash yoki «qars» etgan tovush eshitilib, keyin bo‘g‘im bo‘shashib, beqaror bo‘lib qolsa; – yiqilgandan keyin bel og‘rig‘i bilan birga oyoqlarda uvishish yoki holsizlik, siydik chiqarish buzilishi paydo bo‘lsa; – boshga zarba tekkan, hushdan ketish, qusish yoki kuchli bosh og‘rig‘i bo‘lgan bo‘lsa. Keksalarga alohida e’tibor kerak. Hatto tik turgan holatdan sodir bo‘lgan «arzimas» yiqilish ham son suyagi bo‘yni sinishiga olib kelishi mumkin. Yiqilgandan keyin chov yoki son sohasida og‘riq paydo bo‘lib, oyoqqa bosish qiyinlashsa, zudlik bilan tekshiruvdan o‘tish lozim. Umumiy qoida shuki, jarohatdan keyingi og‘riq bir necha kun ichida o‘tmasa, holat «jiddiy emasdek» tuyulsa ham shifokorga boring. Ko‘rikdan oldin qo‘l-oyoqni o‘zingiz joyiga solishga urinmang, jarohat joyini isitib qo‘ymang va shikastlangan a’zoga dam bering. 6. Bugun tayanch-harakat tizimi jarohatlarini aniqlashda MRT, KT va raqamli rentgenografiya qo‘llaniladi. Tekshiruv usuli qanday tanlanadi va oddiy ko‘rikda qaysi shikastlanishlar sezilmay qolishi mumkin? Tekshiruv usulini tanlash har doim klinik ko‘rikdan boshlanadi. Shifokor jarohat qanday yuz berganini, bemorning shikoyatlarini baholaydi, maxsus klinik sinamalarni o‘tkazadi va shundan keyingina qaysi tekshiruv zarurligini hal qiladi. Biz tasvirni emas, bemorni davolaymiz. Rentgenografiya eng asosiy va ommabop usuldir. U suyaklarni, jumladan, sinishlar, chiqishlar va artroz belgilarini yaxshi ko‘rsatadi. Raqamli rentgenografiya kamroq nurlanish bilan sifatliroq tasvir olish imkonini beradi. Kompyuter tomografiyasi (KT) suyakni batafsil baholash kerak bo‘lganda — murakkab bo‘g‘im ichi sinishlari, chanoq va umurtqa sinishlarida, operatsiyani rejalashtirishda qo‘llaniladi. Uch o‘lchamli rekonstruksiya jarrohga sinishni oldindan barcha tomondan «ko‘rish» imkonini beradi. MRT yumshoq to‘qimalar — menisklar, boylamlar, tog‘ay, paylar va yelkaning rotator manjetasini tekshirishda eng maqbul usuldir. Shuningdek, suyak iligi shishi, zo‘riqishdan kelib chiqqan sinishlar va yashirin sinishlarni aniqlaydi. Ba’zan paylar va bo‘g‘im ichidagi suyuqlikni baholash uchun qo‘shimcha UTT ham qo‘llaniladi. Oddiy ko‘rikda, hatto rentgen tasvirida ham bilakdagi qayiqsimon suyak sinishi, siljimagan son suyagi bo‘yni sinishi, zo‘riqish sinishlari, osteoporoz tufayli umurtqalarning kompression sinishlari, oldingi xochsimon boylam va menisk uzilishlari, to‘piq boylamlari shikastlanishi hamda tog‘ay-suyak yuzasi shikastlanishlari sezilmay qolishi mumkin. Buning aksini ham unutmaslik kerak: MRT juda sezgir usul bo‘lib, 40–50 yoshdan oshgan ko‘plab kishilarda hech qanday bezovtalik bermaydigan menisk yoki umurtqalararo disklarning yoshga bog‘liq o‘zgarishlarini aniqlaydi. Shu sababli MRT xulosasini har doim klinik holat bilan birgalikda baholash lozim. 7. JAMA Network Open jurnalida chop etilgan ESCAPE tadqiqotida meniskning ayrim degenerativ shikastlanishlarida davolovchi jismoniy mashqlar artroskopik operatsiyadan kam samara bermasligi ko‘rsatilgan. Qaysi holatlarda jarrohlik amaliyoti haqiqatan zarur va qachon operatsiyasiz davolanish mumkin? ESCAPE tadqiqoti va boshqa bir qator ilmiy ishlar davolashga yondashuvni chindan ham o‘zgartirdi. Gap o‘rta va katta yoshdagi bemorlarda, ko‘pincha boshlanayotgan artroz fonida, jiddiy jarohatsiz asta-sekin rivojlanadigan degenerativ menisk uzilishlari haqida ketmoqda. Bunday vaziyatda bir necha oy davom etadigan tizimli davolovchi mashqlar dasturi og‘riq va bo‘g‘im faoliyati jihatidan artroskopiyaga yaqin natija beradi. Shu bilan birga, mashqlar yordam bermagan ayrim bemorlar keyinchalik operatsiya qilingan. Demak, konservativ davolash kelajakda operatsiya qilish imkoniyatini yo‘qqa chiqarmaydi. Shuning uchun bo‘g‘im bloklanmagan degenerativ menisk uzilishida davolashni konservativ usullardan boshlaymiz: davolovchi jismoniy mashqlar, vazn nazorati, yallig‘lanishga qarshi dorilarning qisqa kurslari va zarurat bo‘lsa, bo‘g‘im ichiga inyeksiyalar. Muhim jihat: artroskopiya artrozning o‘zini davolamaydi. Operatsiya quyidagi holatlarda haqiqatan zarur bo‘ladi: – uzilish jarohat tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, ayniqsa yosh va faol bemorda — bunda meniskni tikib, saqlab qolishga intilamiz; – bo‘g‘im bloklanib, siljigan menisk bo‘lagi tufayli tizza «qotib qolsa» va to‘liq yozilmasa; – menisk uzilishi oldingi xochsimon boylam uzilishi va tizza beqarorligi bilan birga kelsa; – menisk ildizi uzilib, uning vazifasi butunlay yo‘qolsa; – taxminan uch oylik konservativ davolash natija bermasa. Qaror har doim bemorning yoshi, uzilish turi, tog‘ay holati va jismoniy faollikka bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda individual qabul qilinadi. 8. Global Burden of Disease tadqiqotchilari prognoziga ko‘ra, 2050-yilga borib osteoartroz bilan yashovchilar soni bir milliardga yaqinlashishi mumkin. Kasallik rivojlanishini sekinlashtirish mumkinmi va qaysi profilaktika choralari samaradorligi ilmiy jihatdan tasdiqlangan? Ha, osteoartroz rivojlanishini sekinlashtirish mumkin, ammo zamonaviy tibbiyot hozircha yemirilgan tog‘ayni to‘liq tiklay olmaydi. Tog‘ay yemirilishini to‘xtatishi isbotlangan dori vositalari ham hozircha yo‘q. Shu sababli davolashning asosi dori emas, balki turmush tarzini o‘zgartirishdir. Eng kuchli ilmiy dalillarga ega bo‘lgan va xalqaro tavsiyalarga kiritilgan choralar quyidagilar: – muntazam davolovchi mashqlar: son va dumba mushaklarini mustahkamlash, egiluvchanlik va muvozanat mashqlari, piyoda yurish, suzish va velotrenajyorda mashq qilish kabi aerob yuklamalar; – tana vaznini kamaytirish va nazorat qilish; – bemorni xabardor qilish: kasallik mohiyatini tushunish va yuklamalarni to‘g‘ri taqsimlash; – qulay poyabzal, zarurat bo‘lsa ortopedik pataklar, kuchli og‘riqda hassa ishlatish; – bo‘g‘im jarohatlarini o‘z vaqtida va to‘liq davolash, boylamlarni tiklash va menisklarni saqlab qolish; – sportchilarda maxsus badantarbiya dasturlari va nerv-mushak mashqlari yordamida jarohatlarning oldini olish. Ko‘p reklama qilinadigan xondroprotektorlar, gialuron kislotasi va PRP-terapiyaga kelsak, ularning samaradorligiga oid dalillar cheklangan va bir-biriga zid. Yetakchi xalqaro tavsiyalarda ular majburiy davolash usullari qatoriga kiritilmagan. Qo‘llash masalasi individual hal qilinadi, biroq faqat shu usullarga umid bog‘lab, turmush tarzini o‘zgartirmaslik xatodir. 9. NICE klinik tavsiyalariga ko‘ra, tana vaznining 10 foizini kamaytirish osteoartrozli bemorlarga 5 foiz kamaytirishdan ko‘ra ko‘proq foyda berishi mumkin. Ortiqcha vazn tizza va son bo‘g‘imlariga qanchalik kuchli ta’sir qiladi va ozish jarrohlik amaliyotiga ehtiyojni kamaytirishi mumkinmi? Ta’siri juda katta. Yurganda tana vaznidagi har bir ortiqcha kilogramm tizza bo‘g‘imiga tushadigan yuklamani taxminan 4 kilogrammga oshiradi, zinadan chiqishda yoki cho‘kkalab o‘tirishda esa bundan ham ko‘proq. Shunga ko‘ra, atigi 5 kg vazn tashlashning o‘zi har bir qadamda tizzaga tushadigan yuklamani taxminan 20 kg ga kamaytiradi. Ammo gap faqat mexanik yuklamada emas. Yog‘ to‘qimasi metabolik faol a’zo bo‘lib, organizmda, jumladan bo‘g‘imlarda surunkali yallig‘lanishni kuchaytiradigan moddalarni ishlab chiqaradi. Shu sababli semizlik bilan yashovchilarda hatto tana vaznini ko‘tarmaydigan qo‘l panjasi bo‘g‘imlarida ham artroz ko‘proq uchraydi. Tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, jismoniy mashqlar bilan birga vaznni 10 foiz yoki undan ko‘proqqa kamaytirish og‘riqni sezilarli pasaytiradi va bo‘g‘im faoliyatini yaxshilaydi. Bu natija 5 foizlik vazn kamayishiga qaraganda ancha yuqori. Shu sababli NICE ana shu maqsadga intilishni tavsiya qiladi. Ozish operatsiyaga ehtiyojni kamaytiradimi? Artrozning erta va o‘rta bosqichlarida — ha, endoprotezlashni bir necha yilga kechiktirish mumkin. Kech bosqichda, tog‘ay yemirilib ketganda, vazn kamayishi operatsiya o‘rnini bosa olmaydi, lekin uni xavfsizroq qiladi. Yaqqol semizlikda infeksiya, tromboz, boshqa asoratlar va endoprotezning yeyilishi xavfi yuqori bo‘ladi. Demak, vaznni kamaytirish har qanday bosqichda foydali. 10. Xalqaro osteoporoz jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 50 yoshdan oshgan har uchinchi ayol va har beshinchi erkak umrining qolgan qismida osteoporoz bilan bog‘liq suyak sinishiga duch kelishi mumkin. Nega yosh o‘tgan sari sinish xavfi oshadi va qaysi profilaktika usullari eng samarali? Yosh o‘tishi bilan suyak to‘qimasi zichligi va mustahkamligini yo‘qotadi. Ayollarda menopauzadan keyin estrogen darajasining pasayishi tufayli bu jarayon keskin tezlashadi, shu bois osteoporoz ularda ancha ko‘p uchraydi. Osteoporoz uzoq vaqt hech qanday alomatsiz kechishi mumkin va uning birinchi belgisi ko‘pincha suyak sinishi bo‘ladi. Muammoning yana bir tomoni — yiqilishlar. Yosh o‘tishi bilan mushak massasi kamayadi (sarkopeniya), muvozanat, ko‘rish va harakatlarni muvofiqlashtirish yomonlashadi, ayrim dorilar esa bosh aylanishi va uyquchanlikka sabab bo‘ladi. Mo‘rt suyaklar va tez-tez yiqilish son suyagi bo‘yni, umurtqa va bilak suyaklari sinishining asosiy sabablaridir. Eng samarali profilaktika choralariga quyidagilar kiradi: – kalsiy, D vitamini va oqsilni yetarli miqdorda iste’mol qilish; – kuch va muvozanat mashqlari: ular suyaklar va mushaklarni mustahkamlab, yiqilish xavfini kamaytiradi; – chekish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishdan voz kechish; – densitometriya (suyak zichligini tekshirish): ayollarda 65 yoshdan, erkaklarda 70 yoshdan keyin, xavf omillari mavjud bo‘lsa ertaroq; – osteoporoz tasdiqlanganda sinish xavfini kamaytirishi isbotlangan, shifokor tayinlaydigan dori vositalari bilan davolash; – uy xavfsizligini ta’minlash: yaxshi yoritish, sirpanchiq gilamchalarni olib tashlash va hammomga tutqichlar o‘rnatish. Muhim: 50 yoshdan oshgan kishi yengil jarohat oqibatida suyak sinishini boshdan kechirgan bo‘lsa, albatta osteoporozga tekshirilishi kerak. Bunday bitta sinishning o‘zi keyingi sinish xavfini sezilarli oshiradi. 11. The Lancet jurnalida e’lon qilingan tizimli sharhga ko‘ra, tizza bo‘g‘imining to‘liq endoprotezlaridan qariyb 82 foizi 25 yil davomida qayta almashtirilmasdan xizmat qiladi. Zamonaviy sun’iy bo‘g‘imlar qanchalik ishonchli va qachon endoprotezlash eng maqbul davolash usuliga aylanadi? Zamonaviy endoprotezlar jarrohlikda ishlatiladigan eng ishonchli va muvaffaqiyatli tibbiy moslamalardan biridir. Tizza endoprotezlarining 25 yillik xizmat muddati haqidagi keltirilgan ma’lumotlar asosan oldingi avlod implantlariga asoslangan. Hozirgi materiallar, konstruksiyalar va jarrohlik texnologiyalari esa yanada takomillashgan. Ko‘pchilik bemorlar uchun bu endoprotez ko‘p yillar xizmat qilishini, keksalarda esa ko‘pincha umrining oxirigacha yetishini anglatadi. Quyidagi holatlarda endoprotezlash eng maqbul usul hisoblanadi: – bemorda kuchli osteoartroz bo‘lib, doimiy, jumladan tunda va tinch holatda ham og‘riq kuzatilsa; – og‘riq va harakat cheklanishi yurish, ishlash yoki kundalik ehtiyojlarni mustaqil bajarishga jiddiy xalaqit bersa; – bir necha oylik konservativ davolash natija bermasa; – son suyagi boshchasining aseptik nekrozi yoki bo‘g‘imning kuchli deformatsiyasi mavjud bo‘lsa; – keksa bemorda son suyagi bo‘yni sinishi yuz bergan bo‘lsa. Ta’kidlamoqchiman: operatsiyaga ko‘rsatma faqat rentgen tasviriga emas, kasallik bemorning hayot sifatini qay darajada pasaytirayotganiga qarab belgilanadi. Ba’zan rentgenda o‘zgarishlar kuchli bo‘lsa ham bemor faol hayot kechiradi, ba’zan esa buning aksi kuzatiladi. Shuni ham bilish kerakki, har doim butun bo‘g‘imni almashtirish shart emas. Tizzaning faqat bitta bo‘limi zararlangan bo‘lsa, qisman (bir kondilli) endoprotezlash mumkin. Zamonaviy operatsiyadan keyin bemor ko‘pincha ertasi kuniyoq oyoqqa turadi, natija esa ko‘p jihatdan reabilitatsiya sifatiga bog‘liq. 12. JSST hisob-kitobiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 2,4 milliard kishi reabilitatsiya xizmatlariga muhtoj bo‘lishi mumkin. Suyak sinishlari va ortopedik operatsiyalardan keyin reabilitatsiya qanday ahamiyatga ega va bemorlarga bo‘g‘imlar salomatligini uzoq yillar saqlash uchun qanday tavsiyalar berasiz? Reabilitatsiya davolashga qo‘shimcha emas, balki uning to‘laqonli va majburiy qismidir. Operatsiya a’lo darajada o‘tkazilgan bo‘lsa ham, to‘g‘ri tiklanishsiz bemor yaxshi natijaga erisha olmasligi mumkin: bo‘g‘im qotib qoladi, mushaklar zaif bo‘ladi, yurish tarzi esa buziladi. Erta harakatlantirish tromboz, pnevmoniya, mushaklar atrofiyasi va kontrakturalar xavfini kamaytiradi. Endoprotezlash yoki osteosintezdan keyin bemorni dastlabki sutkadayoq oyoqqa turg‘izishga intilamiz. Keyin reabilitatsiya haftalar va oylar davom etadi: harakat amplitudasi, mushak kuchi, muvozanat va to‘g‘ri yurishni tiklash, so‘ngra ishga va sportga qaytish. Natija ko‘p jihatdan bemorning intizomi va uyda mashqlarni muntazam bajarishiga bog‘liq. Bo‘g‘imlar salomatligini uzoq yillar saqlash bo‘yicha tavsiyalarim: – har kuni harakat qiling va kuch mashqlarini unutmang; – tana vazningizni nazorat qiling; – sportdan oldin badan qizdiring, yuklamani bosqichma-bosqich oshiring; – qulay poyabzal kiying va og‘ir yukni tizzalarni bukib, belni tik tutgan holda ko‘taring; – chekmang: chekish suyak bitishi va to‘qimalar tiklanishini yomonlashtiradi; – og‘riqni e’tiborsiz qoldirmang, jarohatdan keyin shifokorga borishni kechiktirmang; – 50 yoshdan keyin suyaklar salomatligiga e’tibor bering va suyak zichligini tekshirtiring. 13. Ko‘plab bemorlar, ayniqsa ertalab uyqudan turgach ilk qadamlarni bosganda, tovonda kuchli og‘riqdan shikoyat qiladi. Buni ko‘pincha «tovon shporsi» deb atashadi. Aslida og‘riq nimadan kelib chiqadi, kasallikni operatsiyasiz davolash mumkinmi va qaysi usullar chindan ham samarali? Bu eng keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalardan biri. Tovondagi og‘riq, ayniqsa ertalab yoki dam olgandan keyin ilk qadamda seziladigan og‘riq ko‘pincha plantar fassiit tufayli yuzaga keladi. Bu — tovon suyagiga birikadigan joydagi oyoq tagi fassiyasining ortiqcha yuklanishi va degenerativ o‘zgarishlaridir. Rentgenda ko‘rinadigan «shpor» — suyak o‘simtasi — umuman og‘riq sezmaydigan ko‘plab odamlarda ham uchraydi. U og‘riqning sababi emas, balki fassiyaning uzoq muddat tarang tortilishi oqibatidir. Shu sababli «shpor»ni emas, ortiqcha yuklangan fassiyani davolash kerak. Ortiqcha vazn, uzoq vaqt tik turish yoki yurish, yugurish, yassi oyoqlik yoki oyoq kaftining haddan tashqari baland gumbazi, boldir mushagi va axill payining qisqarishi, qattiq yoki eskirgan poyabzal kasallikka sabab bo‘lishi mumkin. Yaxshi xabar shuki, taxminan har 10 holatning 9 tasida kasallik bir necha oy ichida operatsiyasiz o‘tib ketadi. Eng samarali choralar: – oyoq tagi fassiyasi va boldir mushaklarini har kuni, ayniqsa ertalab ilk qadamdan oldin cho‘zish; – zarbani yaxshi yumshatadigan qulay poyabzal va oyoq kafti gumbazini qo‘llab-quvvatlovchi ortopedik pataklardan foydalanish; – vaznni kamaytirish va zarbali yuklamalarni vaqtincha cheklash; – yallig‘lanishga qarshi dorilarni qisqa muddat qabul qilish; – surunkali holatlarda zarba-to‘lqin terapiyasini qo‘llash. Gormonal preparatlar inyeksiyasi faqat vaqtinchalik samara beradi hamda fassiya uzilishi va tovonning yog‘ yostiqchasi yupqalashishi xavfini oshiradi. Shu sababli ulardan cheklangan hollarda foydalaniladi. Operatsiya kamdan-kam, 6–12 oy davomida to‘liq konservativ davolash samara bermaganda talab etiladi. Agar tovon tunda og‘risa, uvishish bilan kechsa yoki jarohatdan keyin boshlangan bo‘lsa, albatta tekshiruvdan o‘tish kerak: zo‘riqish sinishi, nerv siqilishi yoki boshqa sabablar bo‘lishi mumkin 14. Ba’zan odam yelkasi og‘riy boshlaganini, qo‘lini yuqoriga ko‘tarish yoki orqasiga uzatish tobora qiyinlashayotganini sezadi. Bu «muzlagan yelka» deb ataladigan holat belgisi bo‘lishi mumkinmi? Kasallik nega rivojlanadi va bo‘g‘im harakatchanligini to‘liq tiklash mumkinmi? Ha, bunday belgilar adgeziv kapsulit, ya’ni «muzlagan yelka» sindromini ko‘rsatishi mumkin. Bu kasallikda yelka bo‘g‘imi kapsulasi yallig‘lanadi, keyin qalinlashib, chandiqlanish hisobiga qisqaradi — natijada bo‘g‘im go‘yo ichkaridan tortilib, siqilib qoladi.Kasallik ko‘proq 40–60 yoshda uchraydi, ayollarda erkaklarga qaraganda biroz ko‘proq kuzatiladi. Qandli diabet va qalqonsimon bez kasalliklari bo‘lganlarda, shuningdek, jarohat, operatsiya yoki qo‘l uzoq muddat harakatsiz saqlanganidan keyin xavf ancha yuqori. Ko‘pincha aniq sabab topilmaydi.Kasallik uch bosqichda kechadi: avval og‘riq va qotishish kuchayadi («muzlash» bosqichi), keyin og‘riq kamayadi, biroq harakat keskin cheklanganicha qoladi («muzlagan» bosqich), so‘ng harakatchanlik asta-sekin tiklanadi («erish» bosqichi). Butun jarayon bir yildan uch yilgacha davom etishi mumkin. «Muzlagan yelka»ni rotator manjeta shikastlanishi, impingement sindromi va artrozdan farqlash muhim. Kapsulitda nafaqat bemorning o‘zi bajaradigan faol harakatlar, balki passiv harakatlar ham cheklanadi: shifokor ham bemor qo‘lini to‘liq ko‘tara yoki aylantira olmaydi. Shu bois ortoped ko‘rigi zarur.Ko‘p hollarda davolash konservativ bo‘ladi: og‘riq ko‘taradigan darajada yengil cho‘zish mashqlari, yallig‘lanishga qarshi preparatlar va erta bosqichda og‘riqni samarali kamaytiradigan kortikosteroidni bo‘g‘im ichiga yuborish. Diabeti bor bemorlar qondagi glyukoza miqdorini ham nazorat qilishi kerak. Davolash samara bermasa, gidrodilatatsiya yoki artroskopik kapsula relizi ko‘rib chiqiladi. Bemorlarning aksariyatida harakatchanlik to‘liq yoki deyarli to‘liq tiklanadi, ayrimlarda esa kichik cheklanish saqlanib qolishi mumkin. Eng muhimi — sabr va muntazam mashqlar. 15. Ko‘plab insonlarda, ayniqsa ayollarda, oyoq bosh barmog‘i yonida «suyakcha» paydo bo‘ladi. Hallux valgus — bosh barmoqning valgus deformatsiyasi nega rivojlanadi, maxsus poyabzal va ortopedik pataklar uning kuchayishini to‘xtata oladimi va qachon operatsiya zarur bo‘ladi? Avvalo, keng tarqalgan bir afsonaga oydinlik kiritaman: «suyakcha» tuz yig‘ilishi emas. Bu oyoq panjasining deformatsiyasi bo‘lib, unda birinchi kaft suyagi ichkariga, bosh barmoq esa tashqariga — qolgan barmoqlar tomonga og‘adi. Kaft suyagi boshchasining bo‘rtib chiqishi «suyakcha»dek ko‘rinadi. Asosiy rolni irsiyat o‘ynaydi: kasallik ko‘pincha bir oilaning bir necha avlodida uchraydi. Uchi tor poyabzal, baland poshna, yassi oyoqlik va boylamlar zaifligi deformatsiyani kuchaytiradi. Shuning uchun ayollarda bu holat ancha ko‘p uchraydi. Old qismi keng, ustki materiali yumshoq bo‘lgan qulay poyabzal, ortopedik pataklar, barmoqlar orasiga qo‘yiladigan ajratkichlar va tungi shinalar og‘riq, bosim hamda ishqalanishni kamaytiradi. Ammo bir narsani ochiq aytish kerak: ular shakllanib bo‘lgan deformatsiyani to‘g‘rilay olmaydi va kasallik kuchayishini to‘xtatishi haqida ishonchli dalillar yo‘q. Bular kasallikni davolash emas, alomatlarni yengillashtirish vositalaridir. Quyidagi holatlarda operatsiya zarur bo‘lishi mumkin: – mos poyabzal va patak tanlanganiga qaramay og‘riq saqlansa; – qulay poyabzal topish qiyinlashsa; – deformatsiya kuchayib borsa; – qo‘shni barmoqlarning bolg‘asimon qiyshayishi, qadoqlar va kaft suyaklari boshchalari ostida og‘riq kabi ikkilamchi o‘zgarishlar paydo bo‘lsa. Odatda shikoyat bo‘lmasa, faqat kosmetik sabab bilan operatsiya tavsiya etilmaydi. Zamonaviy jarrohlikda tuzatuvchi osteotomiyalar, jumladan kichik teshiklar orqali bajariladigan kam invaziv usullar qo‘llaniladi. Bemor maxsus operatsiyadan keyingi poyabzalda deyarli darhol yura boshlaydi, o‘rtacha 6–8 haftadan keyin odatiy poyabzalga qaytadi, to‘liq tiklanish esa taxminan 3–6 oy davom etadi. Jahon tibbiy statistikasi tayanch-harakat tizimi kasalliklari va jarohatlari zamonaviy sog‘liqni saqlashning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq o‘z vaqtida tashxis qo‘yish, davolashni individual tanlash va reabilitatsiyani to‘g‘ri tashkil etish ko‘p hollarda harakatchanlikni saqlash, asoratlarning oldini olish va hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi. Bemorlar ko‘pincha vaqtinchalik noqulaylik deb qabul qiladigan belgilarga — tovondagi og‘riq, yelka harakatining cheklanishi, oyoq panjasi deformatsiyasi yoki tizzadagi vaqti-vaqti bilan paydo bo‘ladigan og‘riqqa — alohida e’tibor berish kerak. Bunday alomatlar ortida mutaxassis bahosi va individual davolashni talab qiladigan kasalliklar yashiringan bo‘lishi mumkin. Zamonaviy travmatologiya va ortopediya nafaqat jarohatlarni davolashga, balki insonning funksional imkoniyatlarini tiklashga ham qaratilgan. AKFA Medline — tayanch-harakat tizimi salomatligini diagnostika qilish, davolash va tiklashga kompleks yondashuv.
Baxadirov Said Kamilovich — AKFA Medline shifokor-endokrinologi, MD, PHD Ish tajribasi — 17 yil. Qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, semizlik va gormonal buzilishlar haqida. Kirish Endokrin tizim kasalliklari zamonaviy sog‘liqni saqlashning eng dolzarb muammolaridan biridir. Ular asta-sekin rivojlanib, uzoq vaqt yaqqol belgilar bermasligi mumkin. Shu bilan birga, yurak-qon tomir tizimi, moddalar almashinuvi, reproduktiv salomatlik va insonning umumiy ahvoliga ta’sir ko‘rsatadi. Xalqaro diabet federatsiyasi (IDF) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo bo‘ylab 20–79 yoshdagi qariyb 589 million kishi qandli diabet bilan yashagan. Shulardan taxminan 252 million kishi o‘zida ushbu kasallik borligini bilmagan. Semizlik ham jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 2,5 milliard nafar katta yoshli inson ortiqcha vaznga ega bo‘lgan, ulardan 890 milliondan ortig‘ida semizlik kuzatilgan. Ayollardagi gormonal buzilishlar ham alohida e’tiborga loyiq. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, polikistoz tuxumdon sindromi reproduktiv yoshdagi ayollarning 10–13 foizida uchraydi. Ko‘plab holatlar esa tashxislanmay qoladi. Bu raqamlar endokrin kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, oldini olish va to‘g‘ri davolash qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Gormonal buzilishlarni qanday aniqlash mumkin? Nega ayrim insonlar parhezga rioya qilsa ham vazn tashlay olmaydi? Qalqonsimon bez kasalliklarida har doim dori ichish kerakmi? Qandli diabetning oldini olish mumkinmi? Shu va boshqa dolzarb savollar yuzasidan AKFA Medline shifokor-endokrinologi, MD, 17 yillik tajribaga ega Baxadirov Said Kamilovich bilan suhbatlashdik. Endokrinologga 13 savol 1. Qandli diabet va semizlik: nega bemorlar soni ortib bormoqda? Savol: Xalqaro diabet federatsiyasiga ko‘ra, 20–79 yoshdagi deyarli har to‘qqiz nafar katta yoshli kishidan biri qandli diabet bilan yashaydi. Nima uchun endokrin va metabolik kasalliklar tobora keng tarqalmoqda va ularning rivojlanish xavfini qaysi omillar oshiradi? Javob: 2-tur qandli diabet va semizlikning ko‘payishi bir nechta omillar bilan bog‘liq: ovqatlanish odatlarining o‘zgarishi, jismoniy faollikning yetishmasligi, aholining qarishi va irsiy moyillik. Shuni tushunish kerakki, qandli diabet shunchaki shirinlikni ko‘p iste’mol qilish oqibati emas. Uning rivojlanishida to‘qimalarning insulinga sezgirligi pasayishi va oshqozonosti bezining yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarish qobiliyati asta-sekin susayishi kabi murakkab mexanizmlar ishtirok etadi. Ba’zi insonlarda tana vazni me’yorga yaqin bo‘lsa ham kasallik xavfi yuqori bo‘lishi mumkin. Shuning uchun profilaktika faqat shakarni cheklashdan iborat emas: turmush tarzi, vazn, oilaviy anamnez va moddalar almashinuvi ko‘rsatkichlarini ham kompleks baholash kerak. 2. Doimiy charchoq, uyquchanlik va ish qobiliyatining pasayishi gormonal muammo belgisi bo‘lishi mumkinmi? Savol: Ko‘pchilik uzoq vaqt davomida charchoq, uyquchanlik, soch to‘kilishi va vazn o‘zgarishlarini stressga yo‘yadi. Qaysi belgilar haqiqatan ham endokrin tizim faoliyati buzilganini ko‘rsatishi mumkin va qachon shifokorga murojaat qilish lozim? Javob: Bunday belgilar gipotireoz, qandli diabet va ayrim boshqa endokrin kasalliklarda uchrashi mumkin. Masalan, qalqonsimon bez faoliyati pasayganda tez charchash, sovuqqa chidamsizlik, teri qurishi va qabziyat kuzatiladi. Qondagi glyukoza oshganda esa chanqash, tez-tez siyish va vazn kamayishi yuz berishi mumkin. Biroq bu belgilar faqat endokrin kasalliklarga xos emas. Ular kamqonlik, uyqu buzilishi, yetarli ovqatlanmaslik va boshqa holatlarda ham uchraydi. Shu sababli har qanday charchoqni gormonlar muvozanati buzilishi yoki kortizol yuqoriligi bilan izohlash noto‘g‘ri. Shifokorning vazifasi — shikoyatlarning ehtimoliy sababini aniqlash va aynan shu bemorga zarur tekshiruvlarni belgilash. 3. Qalqonsimon bez tugunlari qanchalik xavfli? Savol: Amerika tireoid assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, qalqonsimon bez tugunlarining 90 foizdan ortig‘i yaxshi sifatli. Ular nima sababdan paydo bo‘ladi, qaysi o‘zgarishlar jiddiy e’tibor talab qiladi va tugun aniqlansa, albatta operatsiya kerakmi? Javob: Qalqonsimon bezdagi tugunli hosilalar, ayniqsa yosh ulg‘aygani sayin, ko‘p uchraydi. Aksariyat hollarda ular sezilarli alomat bermaydi va ultratovush tekshiruvida tasodifan topiladi. Tugun aniqlanganda uning o‘lchami, UTT belgilarini va qalqonsimon bez faoliyatini baholash muhim. Muayyan holatlarda shifokor ingichka ignali aspiratsion biopsiyani tavsiya qilishi mumkin. Tugunning mavjudligi o‘z-o‘zidan operatsiya uchun ko‘rsatma emas. Ko‘plab yaxshi sifatli tugunlarda faqat kuzatuv yetarli bo‘ladi. Biroq gormonlar darajasi me’yorda bo‘lishi tugunni qo‘shimcha baholash kerak emasligini anglatmaydi. 4. Qalqonsimon bez tufayli ortiqcha vazn yig‘ish mumkinmi? Savol: Ko‘p bemorlar ortiqcha vaznning asosiy sababi qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilish deb o‘ylaydi. Gipotireoz tana vazniga aslida qay darajada ta’sir qiladi va gormonlar me’yorga keltirilgach ozish mumkinmi? Javob: Gipotireoz, jumladan, organizmda suyuqlik ushlanib qolishi hisobiga tana vaznining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo yaqqol semizlikni har doim ham qalqonsimon bez faoliyati pasayishi bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Gipotireoz tasdiqlansa, to‘g‘ri tanlangan o‘rnini bosuvchi davolash qalqonsimon bez gormonlari darajasini me’yorlashtirishga va ularning yetishmasligi bilan bog‘liq buzilishlarni kamaytirishga yordam beradi. Ammo qalqonsimon bez faoliyati normal bo‘lgan insonlar uchun bu gormonlar ozdiruvchi vosita emas. Vazn kamaytirish maqsadida qalqonsimon bez gormonlarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish yurak ritmi buzilishi va boshqa asoratlarga olib kelishi mumkin. Davolash faqat tibbiy ko‘rsatma asosida olib borilishi kerak. 5. Qandli diabet yillar davomida belgisiz kechishi mumkin. Uni qanday qilib erta aniqlash mumkin? Savol: IDF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 250 milliondan ortiq katta yoshli kishi o‘zida qandli diabet borligini bilmaydi. Nega kasallik uzoq vaqt sezilmaydi va qaysi tekshiruvlar uni dastlabki bosqichda aniqlashga yordam beradi? Javob: 2-tur qandli diabet ko‘pincha asta-sekin rivojlanadi. Dastlab qondagi glyukoza miqdori ko‘tarilsa ham inson o‘zini odatdagidek his qilishi mumkin. Ba’zan kasallik profilaktik tekshiruv paytida tasodifan aniqlanadi. Tashxis uchun och qoringa qon plazmasidagi glyukozani, glikatsiyalangan gemoglobinni (HbA1c) aniqlash va zarurat bo‘lsa, og‘iz orqali glyukozaga tolerantlik testini o‘tkazish qo‘llanadi. ADA mezonlariga ko‘ra, HbA1c 6,5% yoki undan yuqori bo‘lishi qandli diabetga mos kelishi mumkin. Ammo yaqqol giperglikemiya belgilari bo‘lmasa, tashxis tasdiqlanishi kerak. Ayrim klinik vaziyatlarda HbA1c tashxis uchun mos emas. Oilada diabet bo‘lgan, ortiqcha vazn, arterial gipertenziya yoki boshqa xavf omillariga ega insonlar tekshiruvdan o‘tishga alohida e’tibor qaratishi kerak. 6. Prediabet: qandli diabet rivojlanishining oldini olish mumkinmi? Savol: Diabetes Prevention Program yirik tadqiqotida turmush tarzini faol o‘zgartirish taxminan uch yillik kuzatuv davomida 2-tur diabet rivojlanish xavfini 58% ga kamaytirgan. Prediabet nimani anglatadi va dori vositalarisiz qondagi shakar ko‘rsatkichlarini me’yorga qaytarish mumkinmi? Javob: Prediabet — qondagi glyukoza ko‘rsatkichlari me’yordan yuqori, lekin qandli diabet tashxisi uchun belgilangan darajaga yetmagan holat. Bu 2-tur diabet xavfi oshganini bildiradi, ammo kasallik albatta rivojlanadi degani emas. Ovqatlanishni o‘zgartirish, jismoniy faollikni oshirish va ortiqcha vaznni kamaytirish muhim o‘rin tutadi. Diabetes Prevention Program tadqiqotida ishtirokchilar dastlabki tana vaznini taxminan 7% ga kamaytirish va haftasiga kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lishni maqsad qilgan. Natijalar bunday yondashuv diabet xavfini sezilarli pasaytirishini ko‘rsatgan. Ba’zi hollarda shifokor dori vositalari bilan profilaktikani ham tavsiya qilishi mumkin. Eng muhimi, prediabetni muqarrar kasallik emas, balki xavf omillarini o‘z vaqtida o‘zgartirish imkoniyati sifatida qabul qilishdir. 7. Insulin rezistentligi: haqiqiy muammomi yoki ommalashgan tashxismi? Savol: Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “insulin rezistentligi” atamasi juda ko‘p uchraydi. Doimiy ochlik, shirinlikka ishtiyoq, qorin sohasida yog‘ to‘planishi va ozish qiyinligini shu holat bilan bog‘lashadi. Insulin rezistentligi aslida nima va hamma insulin hamda HOMA-IR tahlilini topshirishi shartmi? Javob: Insulin rezistentligi — organizm to‘qimalarining insulin ta’siriga sezgirligi pasayishi. U abdominal semizlik, prediabet, 2-tur diabet va polikistoz tuxumdon sindromi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq uni faqat tashqi ko‘rinish yoki shikoyatlarga asoslanib aniqlab bo‘lmaydi. Insulin miqdorining yuqoriligi ham o‘z-o‘zidan universal tashxis mezoni emas. Insulin va HOMA-IR ko‘rsatkichlarini muntazam aniqlash har bir bemorga kerak emas. Ko‘p vaziyatlarda tana vazni, bel aylanasi, glyukoza, HbA1c, lipidlar va qo‘shimcha xavf omillarini baholash klinik jihatdan muhimroq. 8. Nima uchun parhezga rioya qilsa ham ayrim insonlar ozolmaydi? Savol: JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 890 milliondan ortiq katta yoshli inson semizlik bilan yashagan. Nega ovqatlanishni cheklash va sport bilan shug‘ullanishga qaramay, ayrim bemorlar uchun vazn tashlash juda qiyin? Qachon ortiqcha vazn endokrinolog davolashi kerak bo‘lgan tibbiy muammoga aylanadi? Javob: Semizlik — surunkali, ko‘p omilli kasallik. Uning rivojlanishiga genetika, ishtaha va to‘qlikning neyrogormonal boshqarilishi, ovqatlanish odatlari, uyqu, atrof-muhit va boshqa omillar ta’sir qiladi. Vazn kamayganidan so‘ng organizm moslashishi mumkin: ochlik, to‘qlik hissi va energiya sarfi o‘zgaradi. Bu natijani saqlab qolishni qiyinlashtiradi. Shu bois bemorga shunchaki “kamroq yeng” deyish har doim yetarli emas. Tekshiruvda tana vazni indeksi, bel aylanasi, hamroh kasalliklar va vazn oshishining ehtimoliy ikkilamchi sabablari baholanadi. Davolash individual ovqatlanish rejasi, jismoniy faollik, xulq-atvor bo‘yicha yordam, ko‘rsatma bo‘lsa dori vositalari yoki bariatrik jarrohlikni o‘z ichiga olishi mumkin. 9. Ozdiruvchi inyeksiyalar: tibbiy yutuqmi yoki xavfli urfmi? Savol: GLP-1 retseptori agonistlari zamonaviy endokrinologiyada eng ko‘p muhokama qilinadigan dori guruhlaridan biriga aylandi. 2025-yil dekabrda JSST semizlikni davolashda ulardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Bu preparatlar qanchalik samarali, kimlarga ko‘rsatilgan va nima uchun ularni shifokor nazoratisiz qo‘llash mumkin emas? Javob: Bu guruhdagi preparatlar ishtaha va to‘qlik hissini boshqaruvchi mexanizmlarga ta’sir qiladi. Ularning ayrimlari 2-tur qandli diabetda ham qo‘llanadi. Klinik tadqiqotlar to‘g‘ri tanlangan davolash sezilarli vazn kamayishi va ayrim metabolik ko‘rsatkichlar yaxshilanishiga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq ular ozishni istagan har bir inson uchun universal vosita emas. Dori tayinlashdan oldin ko‘rsatmalar, qarshi ko‘rsatmalar, hamroh kasalliklar, nojo‘ya ta’sirlar va boshqa dorilar bilan o‘zaro ta’sir hisobga olinishi lozim. Ko‘ngil aynishi, qayt qilish va boshqa me’da-ichak belgilaridan tashqari, tibbiy kuzatuv talab qiladigan jiddiyroq xavflar ham mavjud. Ozish uchun dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qo‘llash mumkin emas. Davolash sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik o‘rnini bosmasdan, kompleks dastur tarkibida olib borilishi kerak. 10. Polikistoz tuxumdon sindromi: nega ko‘p ayollar yillar davomida kasallikdan bexabar yuradi? Savol: JSST ma’lumotlariga ko‘ra, polikistoz tuxumdon sindromi (PTOS) reproduktiv yoshdagi ayollarning 10–13 foizida uchraydi, holatlarning 70 foizigachasi esa tashxislanmay qolishi mumkin. Qaysi belgilar ayolni ogoh bo‘lishga undashi kerak va PTOS moddalar almashinuvi hamda reproduktiv salomatlikka qanday ta’sir qiladi? Javob: PTOS keng tarqalgan endokrin buzilish bo‘lib, hayz siklining nomuntazamligi, androgenlar darajasining oshishi, husnbuzar, tuklarning ortiqcha o‘sishi va ovulyatsiya buzilishi bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Belgilarning og‘irligi har bir ayolda turlicha. Ayrim ayollar faqat homiladorlikni rejalashtirishda qiyinchilik paydo bo‘lganda shifokorga murojaat qiladi. PTOS nafaqat reproduktiv muammolar, balki insulin rezistentligi va 2-tur diabet xavfining oshishi bilan ham bog‘liq. Tashxis boshqa sabablar istisno qilingach, klinik va laborator ma’lumotlar majmui asosida qo‘yiladi. PTOS tashxisi uchun faqat ultratovush tekshiruvi yetarli emas. Kasallik o‘z vaqtida aniqlansa, belgilarni nazorat qilish, metabolik xavflarni kamaytirish va reproduktiv salomatlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davolashni tanlash mumkin. 11. Gormonal buzilishlar bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkinmi? Savol: JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan har olti kishidan biri hayoti davomida bepushtlik muammosiga duch keladi. Bunda endokrin kasalliklarning o‘rni qanday va ayollar hamda erkaklarda qaysi gormonal buzilishlar ko‘proq aniqlanadi? Javob: Gormonal tizim ayollar va erkaklarning reproduktiv faoliyatini boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Ayollarda ovulyatsiya buzilishi PTOS, qalqonsimon bez kasalliklari, prolaktinning oshishi va boshqa endokrin holatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Erkaklarda ayrim gormonal o‘zgarishlar spermatozoidlar ishlab chiqarilishi hamda jinsiy funksiyaga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq bepushtlik har doim gormonal sabab bilan bog‘liq emas. Anatomik, genetik va boshqa omillar ham rol o‘ynaydi. Shu sababli homiladorlik yuzaga kelishida qiyinchilik bo‘lsa, ikkala sherikni kompleks tekshirish muhim. Klinik holatni hisobga olmasdan ko‘plab gormonal tahlillarni tayinlash maqsadga muvofiq emas. Tekshiruv rejasi individual tuzilishi kerak. 12. Osteoporoz: nega suyaklar mo‘rtlashadi va sinishlarning oldini qanday olish mumkin? Savol: Menopauzadan keyin ayollarda suyak massasining kamayish xavfi ortadi. USPSTFning 2025-yilgi tavsiyalariga ko‘ra, 65 yosh va undan katta ayollarga osteoporoz skriningi tavsiya etiladi. Gormonal o‘zgarishlar suyak mustahkamligiga qanday ta’sir qiladi va kasallikni birinchi sinish yuz bermasidan oldin aniqlash mumkinmi? Javob: Osteoporoz suyak to‘qimasining mustahkamligi pasayishi bilan kechadi va sinish xavfini oshiradi. Ayniqsa menopauzadan keyin estrogen yetishmovchiligi suyak massasining tezroq yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Suyak salomatligiga yosh, irsiyat, kamharakatlik, ayrim endokrin kasalliklar va ba’zi dori vositalarini uzoq vaqt qabul qilish ham ta’sir qiladi. Suyak mineral zichligini baholash uchun ikki energiyali rentgen absorbsiometriya — DXA qo‘llanadi. Tekshiruv yoshi va individual xavf omillariga qarab belgilanadi. Profilaktika yetarli miqdorda kalsiy va D vitamini qabul qilish, jismoniy faollik, kuch mashqlari va yiqilishlarning oldini olishni o‘z ichiga oladi. Asosiy maqsad — jiddiy asoratlar yuz bermasidan oldin sinish xavfi yuqori bo‘lgan insonlarni aniqlash. 13. Profilaktika uchun qaysi gormonal tahlillarni haqiqatan ham topshirish kerak? Savol: Bugun kortizol, insulin, qalqonsimon bez gormonlari, D vitamini va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan “gormonal chek-ap”lar ommalashgan. Qaysi tahlillar endokrin kasalliklarni aniqlashda foydali va nima uchun “barcha gormonlarga” tekshiruvdan o‘tish har doim ham zarur emas? Javob: Har bir inson muntazam topshirishi shart bo‘lgan yagona gormonal tahlillar ro‘yxati mavjud emas. Tekshiruv yoshi, shikoyatlari, oilaviy anamnezi, qabul qilayotgan dorilari va xavf omillariga asoslanishi kerak. Masalan, uglevod almashinuvi buzilishlarini aniqlashda glyukoza va HbA1c qo‘llanadi. Qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlardan shubhalanganda odatda avval TSH (TTG) aniqlanadi, qolgan tekshiruvlar esa ko‘rsatmaga qarab belgilanadi. Kortizol, prolaktin, jinsiy gormonlar va boshqa ko‘rsatkichlarni tekshirish uchun aniq klinik asos bo‘lishi kerak. Barcha sog‘lom katta yoshli insonlar ham D vitamini darajasini muntazam tekshirtirishga muhtoj emas. Xalqaro tavsiyalar tegishli ko‘rsatmalarsiz ommaviy tahlil topshirishni qo‘llab-quvvatlamaydi. Ortiqcha tekshiruvlar tasodifiy og‘ishlar, keraksiz qo‘shimcha diagnostika va asossiz davolashga olib kelishi mumkin. Sifatli profilaktika — tahlillar sonini ko‘paytirish emas, balki haqiqiy xavf omillari va kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlashdir. Xulosa Endokrin tizim kasalliklari uzoq vaqt sezilmasdan rivojlanib, moddalar almashinuvi, yurak-qon tomir tizimi, reproduktiv salomatlik va hayot sifatiga asta-sekin ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xalqaro tibbiy statistika qandli diabet, semizlik, qalqonsimon bez kasalliklari va boshqa gormonal buzilishlar shifokorlar bilan bir qatorda bemorlarning ham jiddiy e’tiborini talab qilishini tasdiqlaydi. Zamonaviy endokrinologiya yutuqlari ko‘plab kasalliklarni erta aniqlash, ularning kechishini nazorat qilish va asoratlar xavfini kamaytirish imkonini beradi. Erta tashxis, ilmiy dalillarga asoslangan davolash va har bir bemorga individual yondashuv zamonaviy endokrinologik yordamning asosidir. Doimiy charchoq, vaznning sababsiz o‘zgarishi, hayz sikli buzilishi, kuchli chanqash va ahvoldagi boshqa o‘zgarishlar shifokor maslahatini olish uchun sabab bo‘lishi mumkin. Gormonal dorilarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilish, asossiz tekshiruvlardan o‘tish yoki ogohlantiruvchi belgilar paydo bo‘lsa ham maslahatni kechiktirish to‘g‘ri emas. Endokrinologga o‘z vaqtida murojaat qilish kasallikni aniqlash, salomatlik va hayot sifatini uzoq muddat saqlashga yordam beradi. AKFA Medline klinikasida bemorlar endokrin tizimi holatini baholash, zarur tekshiruvlarni belgilash va keyingi davolash yo‘lini tanlash uchun endokrinolog maslahatini olishlari mumkin.
Kardiojarrohlik bo‘limi mudiri Murodov Maqsud Marufovich bilan intervyu Yurak-qon tomir kasalliklari butun dunyoda o‘limning yetakchi sababi bo‘lib qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2022 yilning o‘zida ular qariyb 19,8 million o‘limga sabab bo‘lgan, bu dunyodagi barcha o‘lim holatlarining taxminan 32 foizini tashkil etadi. (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) Ammo bu raqamlar ortida faqat infarktlar va shoshilinch holatlar emas. Ayrim bemorlarda koronar tomirlar asta-sekin torayadi, boshqalarida yurak klapanlari normal ishlashdan to‘xtaydi, yana ayrimlar esa yillar davomida kasallik bilan yashab, bir kun kelib jarrohlik davolash zarur bo‘lishi mumkinligini bilmay yuradi. “Yurak operatsiyasi” degan ibora hanuz kuchli qo‘rquv uyg‘otadi. Bemorlarni deyarli hamma narsa tashvishga soladi: operatsiya vaqtida yurak to‘xtatiladimi, xavf qanchalik katta, jarrohlik aralashuvisiz davolanish mumkinmi, qaysi klapanni tanlash kerak va operatsiyadan keyin inson odatiy hayotiga qayta oladimi. Zamonaviy kardiojarrohlikka oid eng muhim savollarga Maqsud Marufovich Murodov javob beradi. — Maqsud Marufovich, kardiologik davolashning qaysi bosqichida kardiojarroh jarayonga qo‘shiladi? Dori vositalari yetarli bo‘lmay qolgandami? — Ha, eng ko‘p uchraydigan noto‘g‘ri tushuncha — kardiojarroh faqat dori bilan davolash “samara bermaganidan” keyin kerak bo‘ladi, degan fikr. Aslida jarrohlik va medikamentoz davolash bir-biriga raqib emas, balki yagona davolash strategiyasining bosqichlaridir. Kardiojarroh uchta asosiy vaziyatda davolashga qo‘shiladi: 1. Dori vositalarining imkoniyati tugaganda. Masalan, koronar arteriyalarning og‘ir aterosklerozi yoki klapanning kritik stenozida. Dori arterial bosimni, yurak urish tezligini yoki xolesterin darajasini pasaytirishi mumkin, ammo u zich aterosklerotik blyashkani jismonan “eritib yubora” yoki toraygan klapanni kengaytira olmaydi. 2. Hayot uchun xavf simptomlardan oldin paydo bo‘lganda. Ba’zan bemor o‘zini yomon his qilmaydi, biroq tekshiruvlar (ExoKG, koronarografiya, KT) zararlanish anatomiyasi kritik ekanini ko‘rsatadi. Bunday vaziyatda operatsiya simptomlarni kamaytirish uchun emas, balki infarkt yoki to‘satdan yurak o‘limining oldini olish uchun kerak bo‘ladi. 3. Heart Team (kardiojamoa) doirasida. Bugun qarorni bitta shifokor qabul qilmaydi. Kardiolog va kardiojarroh bemorni birgalikda baholaydi. Agar erta bosqichdagi operatsiya insonga nogironliksiz yana 15–20 yil faol hayot berishini tushunsak, dorilar yordam bermay qolishini kutib o‘tirmaymiz. Shuning uchun jarrohlik “so‘nggi imkoniyat” emas, balki hayot sifati va davomiyligini o‘z vaqtida tiklashga xizmat qiladigan vositadir. — Ko‘plab bemorlar “sizga yurak operatsiyasi kerak” degan jumlaning o‘zidan qo‘rqadi. Operatsiya tavsiya qilinishi har doim vaziyat allaqachon kritik ekanini anglatadimi? — Bemorlarning qo‘rquvini to‘liq tushunish mumkin: bizning madaniyatimizda yurak go‘yo daxlsiz a’zo sifatida qabul qilinadi. Ammo amalda operatsiya tavsiya etilishi ko‘pincha buning aksini anglatadi — biz vaziyat hali kritik bo‘lmasdan turib o‘z vaqtida harakat qilamiz. Zamonaviy kardiojarrohlikda ikki asosiy ssenariy mavjud: 1. Shoshilinch jarrohlik. Bu keskin, hayot uchun xavfli holat yuz berganda — masalan, asoratlangan o‘tkir miokard infarkti yoki aorta disseksiyasi (qavatlanishi)da amalga oshiriladi. Bunday paytda biz ayni damda bemorning hayotini saqlab qolamiz. 2. Rejali jarrohlik. Operatsiyalarning aksariyati aynan shunday bajariladi. Bu holatda maqsadimiz — kasallikdan oldinroq harakat qilish. Yurakning funksional zaxirasi hali yaxshi, organizm davolashni yengilroq ko‘tara oladigan va tez tiklana oladigan davrda aralashuvni tavsiya qilamiz. Agar vaziyat “kritik” bo‘lishini kutib yurilsa, operatsiya xavfi sezilarli oshadi, uning samarasi esa pastroq bo‘lishi mumkin. Shu sababli rejali operatsiya hukm ham, eng oxirgi chora ham emas; u infarkt va nogironlik xavfini kamaytirib, insonni to‘laqonli hayotga qaytarishga qaratilgan ongli qarordir. — Oddiy tilda tushuntirib bersangiz: bugungi kunda qaysi yurak kasalliklari ko‘proq jarrohlik davolashni talab qiladi? — Murakkab terminlarni chetga sursak, ko‘pincha uch turdagi patologiya jarrohlik aralashuvini talab qiladi: • Yurak ishemik kasalligining og‘ir shakllari. Koronar arteriyalar bir necha joyda aterosklerotik blyashkalar bilan kritik darajada toraygan va stentlash imkonsiz yoki uzoq muddatli yechim bo‘lmay qolgan holatlar. • Orttirilgan yoki tug‘ma yurak klapani nuqsonlari. Avvalo aortal va mitral klapan stenozlari hamda yetishmovchiligi; bunday holatlarda yurak juda katta yuklama ostida ishlaydi. • Aorta anevrizmasi va disseksiyasi. Asosiy tomir devorining bo‘rtib chiqishi yoki qavatlanishi bo‘lib, kritik asoratlar rivojlanishidan oldin rekonstruksiya talab etadi. Ko‘p hollarda zamonaviy tibbiyot bu muammolarni rejali tarzda bartaraf etish, normal anatomiyani tiklash va umrni o‘nlab yillarga uzaytirish imkonini beradi. — Bemorlarning eng ko‘p uchraydigan qo‘rquvlaridan biri: “Operatsiya vaqtida yuragimni to‘xtatishadi”. Haqiqatan ham yurakni to‘xtatishga to‘g‘ri keladimi va bu paytda organizm qanday ishlaydi? — “Yurakni to‘xtatish” iborasi hammani qo‘rqitadi, ammo operatsion xonada bu falokat emas, balki yuqori texnologiyali, boshqariladigan tanaffusdir. Jarroh klapan yoki tomirni juda nozik tarzda tiklayotgan paytda bemor uchun maxsus sun’iy qon aylanish apparati “nafas oladi” va “qon haydaydi”. Yurak dam olayotgan davrda miya, buyraklar va boshqa barcha a’zolar yetarli miqdorda kislorod va qon bilan ta’minlanadi. Ayrim hollarda — masalan, koronar shuntlashda — maxsus stabilizatorlar yordamida urib turgan yurakda ham operatsiya qilamiz. Demak, kardiojarrohlikdagi yurakni vaqtincha to‘xtatish o‘limni anglatmaydi; aksincha, yurakni xavfsiz davolash uchun optimal sharoit yaratadi. — Bugungi kunda ochiq yurak operatsiyasi qanchalik xavfli? Jarrohlik xavfi aslida nimalarga bog‘liq? — Qisqacha aytganda, bugun rejali yurak operatsiyasining xavfi davolanmagan og‘ir patologiya bilan yashash xavfiga nisbatan ancha past. So‘nggi 20–30 yil ichida kardiojarrohlik ulkan taraqqiyotga erishdi. Ilgari o‘lim yoki og‘ir asoratlar o‘nlab foizlar bilan o‘lchangan bo‘lsa, bugun rejali kardiojarrohlik amaliyotlarida tirik qolish ko‘rsatkichi 98–99 foizdan yuqori. Xavf nimalarga bog‘liq? Bemorlar ko‘pincha hammasi operatsiyaning “qanchalik murakkab” ekaniga bog‘liq deb o‘ylaydi. Aslida jarrohlik xavfi uchta asosiy omil bilan belgilanadi: 1. Operatsiyaning maqomi (rejali yoki shoshilinch). Bu eng muhim omil. Bemor operatsiyaga rejali kelganda — organizm kompensatsiyalangan, tahlillar tekshirilgan, o‘tkir yurak yetishmovchiligi bo‘lmagan holatda — xavf minimal, taxminan 1–2 foiz bo‘ladi. Agar bemor tez yordam orqali o‘tkir holat yoki shok bilan olib kelinsa, xavf bir necha baravar oshadi. 2. Hamroh kasalliklar (umumiy somatik holat). Biz faqat yurakni emas, butun organizmni baholaymiz: buyrak va o‘pka faoliyati, qandli diabet mavjudligi, ilgari o‘tkazilgan insultlar, bo‘yin va pastki oyoq tomirlarining holati. Operatsiyadan keyingi davrning murakkabligini ko‘pincha aynan shu fon kasalliklari belgilaydi. 3. Yosh va organizm zaxiralari. Bugungi kunda yoshning o‘zi operatsiyaga qarshi ko‘rsatma emas — 70 yoshli va 80 yoshdan oshgan bemorlarni ham muvaffaqiyatli operatsiya qilamiz. Biroq har doim “frailty” — biologik zaiflik, ya’ni to‘qima va a’zolarning funksional zaxirasini baholaymiz. Xavfni obyektiv baholash uchun butun dunyoda maxsus shkalalar — masalan, EuroSCORE yoki STS Score qo‘llanadi. Bemorning o‘nlab ko‘rsatkichlari tizimga kiritiladi va dastur xavfning matematik foizini hisoblab beradi. Bugungi kardiojarrohlik taxmin emas, aniq hisob-kitobga tayangan sohadir. — Bemorga operatsiya tavsiya qilinadi, biroq u o‘zini nisbatan yaxshi his qilib, kutishga qaror qiladi. Bunday qaror nimasi bilan xavfli? — Simptomlarning yo‘qligi sog‘lomlik belgisi emas; bu yurakning ichki zaxiralari ishlayotganini bildirishi mumkin. Yurak uzoq vaqt davomida yuklamaga moslashib, muammoni “yashirib” turishga qodir. Kutish uch jihatdan xavfli: • Yurak hujayralari simptomlarsiz nobud bo‘lishi mumkin. Belgilar paydo bo‘lguncha yurak mushagining bir qismi qayta tiklanmaydigan chandiq to‘qimasiga aylanishi mumkin. • Rejali operatsiya shoshilinch operatsiyaga aylanishi mumkin. Rejali aralashuv xavfi taxminan 1 foiz bo‘lsa, infarkt fonidagi shoshilinch operatsiyada xavf ancha yuqori bo‘ladi. • Qimmatli vaqtni boy berish mumkin. Yurak shunday darajada kengayib ketishi mumkinki, keyinchalik operatsiya qilish uchun juda kech bo‘lishi mumkin. Kasallikdan oldinroq harakat qilishga qaratilgan jarrohlik — allaqachon yemirilgan tuzilmani tiklashga urinish emas, balki yurak funksiyasini imkon qadar saqlab qolish usulidir. — Yurak operatsiyasi uchun “juda kech” bo‘ladigan yosh bormi? Masalan, 70–80 yosh va undan katta bemorlarni muvaffaqiyatli operatsiya qilish mumkinmi? — Pasportdagi yosh — shunchaki raqam. Biz tug‘ilgan sanani emas, insonning biologik holatini operatsiya qilamiz. Bugun 70, 80 va hatto 85 yoshli bemorlar yurak operatsiyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Miniinvaziv va kam shikastlovchi texnologiyalarning rivojlanishi minimal travma va tezroq tiklanish bilan aralashuvlar bajarish imkonini berdi. Agar yurak va boshqa a’zolarning funksional zaxirasi saqlangan bo‘lsa, faqat pasportdagi raqam sababli insonni yaxshi hayot sifatidan mahrum qilish to‘g‘ri emas. Bugun 80 yoshda ham operatsiya qilish — faqat xavf emas, balki yaqinlari davrasida yana 10–15 yil faol va baxtli yashash imkoniyatidir. — Yurak ishemik kasalligida qachon stentlash yetarli bo‘ladi, qachon esa aortokoronar shuntlash talab etiladi? — Stentlash (perkutan koronar intervensiya) va aortokoronar shuntlash o‘rtasidagi tanlov koronar zararlanishning anatomik murakkabligi hamda xalqaro SYNTAX Score shkalasiga asoslanadi: • Stentlash 1–2 ta koronar arteriyada alohida zararlanish, qisqa va lokal blyashkalar mavjud bo‘lsa hamda ochiq operatsiya uchun jarrohlik xavfi yuqori bo‘lsa ma’qul bo‘lishi mumkin. • Aortokoronar shuntlash chap koronar arteriya stvoli zararlanganda, uch tomirli zararlanishda (ayniqsa qandli diabet yoki chap qorinchaning chiqarish fraksiyasi pasayishi bilan birga bo‘lsa), shuningdek diffuz kalsinozda ko‘rsatiladi. Murakkab holatlarda shuntlash miokardning to‘liqroq revaskulyarizatsiyasini ta’minlaydi va kelajakda takroriy aralashuvlarga ehtiyojni sezilarli kamaytiradi. — Bemorlar ko‘pincha: “Nega katta operatsiya o‘rniga bir nechta stent qo‘yib bo‘lmaydi?” deb so‘raydi. Stentlash va shuntlash o‘rtasidagi qaror qanday qabul qilinadi? — Tasavvur qiling, oldingizda butun uzunligi bo‘ylab zanglagan eski suv quvuri turibdi. Unga beshta yamoq — ya’ni stent qo‘yishingiz mumkin. Ammo bir yil o‘tib, muammo yamoq yonida yana paydo bo‘lishi mumkin. Yoki bir marta yonidan yangi parallel quvur — shunt o‘tkazib, muammoni uzoq muddatga hal qilish mumkin. Keng zararlangan tomirga 4–5 ta stent qo‘yish bemorning takroriy torayishlar sababli bir necha yilda qayta aralashuvga muhtoj bo‘lish ehtimolini oshiradi. Qarorni bitta shifokor emas, Heart Team — kardiojamoa qabul qiladi. Biz tomir zararlanishining murakkabligini SYNTAX Score orqali baholaymiz. Agar zararlanish keng bo‘lsa yoki bemorda qandli diabet bo‘lsa, shuntlash statistik jihatdan ko‘p sonli stentlarga qaraganda infarktsiz ancha ko‘proq yillar yashash imkonini beradi. — Yurak klapanlari kasalliklarida qachon kuzatuvni davom ettirish mumkin, qachon esa operatsiyani kechiktirish xavfli bo‘ladi? — Klapan patologiyasida taktika klinik va exokardiografik mezonlar asosida belgilanadi: • Dinamik kuzatuv stenoz yoki yetishmovchilik o‘rtacha darajada bo‘lganda, shuningdek og‘ir, ammo chegaraviy holatdagi klapan nuqsonida — agar bemorda klinik simptomlar bo‘lmasa, chap/o‘ng qorincha ko‘rsatkichlari (yakuniy sistolik o‘lcham, chiqarish fraksiyasi) va o‘pka arteriyasidagi bosim me’yor chegarasida qolsa — tavsiya etilishi mumkin. • Operativ davolashga (klapan plastikasi yoki protezlash) ko‘rsatmalar: 1. Yaqqol klinik simptomlar paydo bo‘lishi: hansirash, stenokardiya, sinkope (hushdan ketish). 2. Simptomlarsiz chiqarish fraksiyasining pasayishi (aortal yoki mitral klapan nuqsonida 50 foizdan past). 3. Yurak kameralarining progressiv kengayishi (mitral yetishmovchilikda chap qorinchaning yakuniy sistolik o‘lchami — LVESD/KSR ≥ 40 mm). 4. Birinchi marta yuzaga kelgan bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi yoki o‘pka gipertenziyasi. Klapanni o‘z vaqtida rekonstruksiya qilish yoki almashtirish miokardning qaytmas disfunksiyasi rivojlanishining oldini olishga yordam beradi. — Agar klapanni almashtirish kerak bo‘lsa, bemorlar mexanik va biologik protezlar haqida eshitadi. Ularning farqi nimada va mos variant qanday tanlanadi? — Mexanik va biologik klapan o‘rtasidagi asosiy farqni ikki tamoyil bilan tushuntirish mumkin: • Mexanik klapan — juda mustahkam uglerod materiallaridan tayyorlanadi va 50 yildan ortiq xizmat qilishi mumkin. Biroq buning evaziga bemor umr bo‘yi qonni suyultiruvchi dorilar — antikoagulyantlarni qabul qilishi kerak. • Biologik klapan — qayta ishlangan biologik to‘qimalardan tayyorlanadi. Qonni suyultiruvchi og‘ir dorilarni qabul qilish, ukol va muntazam qon tahlillariga ehtiyoj bo‘lmaydi, biroq klapanning o‘rtacha xizmat muddati 12–15 yil bo‘lib, keyinchalik uni almashtirishga to‘g‘ri keladi. Tanlovning umumiy tamoyili quyidagicha: • Yosh bemorlarda kelajakda takroriy operatsiyalardan qochish maqsadida ko‘pincha mexanik protez tanlanadi. • Katta yoshdagi bemorlarda (65+) biologik protez ko‘proq tanlanadi, chunki katta yoshda u uzoqroq xizmat qiladi, qonni suyultiruvchi dorilar bilan bog‘liq qon ketish xavfi esa jiddiyroq bo‘ladi. — Zamonaviy kardiojarrohlik har doim ko‘krak qafasida katta kesma qilishni anglatadimi? Bugun qaysi operatsiyalarni kamroq travmatik usulda bajarish mumkin? — Bugun to‘sh suyagini katta kesish har doim ham shart emas. Zamonaviy kardiojarrohlikda 4–5 santimetrlik mini-kirish orqali ham operatsiyalar bajariladi. Qovurg‘alar orasidagi kichik kesma va videokamera nazorati ostida quyidagi amaliyotlarni bajarish mumkin: • Mitral va aortal klapanlarni plastik rekonstruksiya qilish va almashtirish; • Koronar arteriyalarni shuntlash (MIDCAB); • Kattalarda yurak o‘smalarini olib tashlash va ayrim tug‘ma nuqsonlarni tuzatish. Asosiy afzallik — to‘sh suyagi butunligicha qoladi. Bu og‘riq bir necha baravar kam bo‘lishini, yarim yil davomida bandaj taqishga hojat qolmasligini va 2–3 haftadan keyin bemor avtomobil boshqarib, odatiy hayotiga qayta olishini anglatadi. — Inson yillar davomida jiddiy yurak muammosi bilan deyarli simptomsiz yashashi mumkin bo‘lgan holatlar uchraydimi? — Ha. Yurak juda katta moslashuv qobiliyatiga ega va uzoq vaqt davomida mavjud muammoni kompensatsiya qilib ishlashi mumkin. Inson yillar davomida quyidagi uchta xavfli holat borligini bilmasligi mumkin: • Aorta anevrizmasi — kritik o‘lchamga yetmaguncha umuman og‘riq bermasligi mumkin. • Klapan nuqsoni — yurak mushagi nuqsonni kompensatsiya qilish uchun kuchliroq ishlaydi, bemor esa yurish tezligini biroz pasaytirib, buni shunchaki “qarilik” deb o‘ylashi mumkin. • Qandli diabetli bemorlardagi ishemiya — nerv sezuvchanligi pasaygani sababli ayrim bemorlar og‘riqsiz mikroinfarktlarni boshdan kechirishi mumkin. Esda tuting: o‘zingizni yaxshi his qilishingiz yurak sog‘lom ekanining kafolati emas. Kardiojarrohlikda eng xavfli tashxislarning ayrimlari ko‘pincha “shunchaki tekshiruvdan o‘tish” uchun kelgan odamlarda rejali check-up vaqtida aniqlanadi. — Qaysi simptomlar odamni imkon qadar tezroq kardiologga murojaat qilishga undashi kerak: hansirash, ko‘krakdagi og‘riq, shishlar, yurak urishidagi uzilishlar, hushdan ketish? — Shifokorga murojaatni kechiktirish xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan “qizil beshlik” simptomlarini eslab qoling: 1. Ko‘krakda siquvchi yoki kuydiruvchi og‘riq (qo‘l yoki jag‘ga tarqalishi mumkin) — miokard infarkti xavfini ko‘rsatishi mumkin. Agar og‘riq 15 daqiqadan ortiq davom etsa, tez yordam chaqirish kerak. 2. Minimal yurish paytida yoki tunda hansirash — klapan nuqsoni yoki yurak mushagi funksiyasi pasayishining belgisi bo‘lishi mumkin. 3. Hushdan ketish — xavfli ritm buzilishlari yoki klapan stenozi belgisi bo‘lishi mumkin. 4. Yurak urishining “to‘xtab qolishi”, notekis yoki uzilib urishi — aritmiya ko‘rinishi bo‘lib, ayrim holatlarda insult xavfi bilan bog‘liq. 5. Kechga borib oyoqlarda shish paydo bo‘lishi — yurak yuklamani yetarli bajara olmayotganining belgisi bo‘lishi mumkin. Bu simptomlarning har biri yurak tomonidan yuborilayotgan yordam signali bo‘lishi mumkin. Ularni e’tiborsiz qoldirmang. — Yurak operatsiyasidan keyin inson umrining qolgan qismida jismoniy faolligini keskin cheklashi kerak, degan gap rostmi? — Eng katta noto‘g‘ri tushuncha: “Yurak operatsiyasi odamni nogiron qilib qo‘yadi”. Aslida ko‘pincha buning aksi yuz beradi. Operatsiyagacha kasallik sababli ko‘plab cheklovlar bilan yashagan bo‘lsangiz, muvaffaqiyatli davolash bu cheklovlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Cheklovlar asosan dastlabki 1,5–2 oy — to‘qimalar bitayotgan davrda kerak bo‘ladi. Keyin esa shifokor tavsiyasi asosida jismoniy faollik bosqichma-bosqich tiklanadi: suzish, piyoda yurish, velosiped, sport, sayohat va faol mehnat qayta mumkin bo‘lishi mumkin. Zamonaviy kardiojarrohlikning maqsadi faqat umrga qo‘shimcha yillar qo‘shish emas, balki bu yillarni hansirash, og‘riq va doimiy qo‘rquvsiz yashash imkonini berishdir. — Muvaffaqiyatli operatsiyadan keyin bemorlar eng ko‘p qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi? — Muvaffaqiyatli operatsiya yo‘lning faqat yarmi. Keyingi asosiy vazifa — to‘rtta klassik xatoga yo‘l qo‘ymaslik: 1. “Hech narsa og‘rimayapti” deb dorilarni to‘xtatib qo‘yish. Statinlar yoki qonni suyultiruvchi preparatlarni shifokorsiz bekor qilish yangi shuntlarning trombozi yoki qayta torayish xavfini oshirishi mumkin. 2. Chekishga qaytish. Operatsiyadan keyin chekish hatto yaxshi ishlayotgan shuntlar va qon tomirlariga ham tez zarar yetkazadi. 3. Keskinlikka berilish. Butunlay yotib qolish ham, bir oy o‘tib og‘ir jismoniy mehnatga kirishish ham xavfli. Yuklama asta-sekin oshirilishi kerak. 4. Yurak UZI va tahlillarini unutish. Kamida yiliga bir marta yurak holatini mutaxassis nazoratida tekshirtirib turish kerak. Jarroh yurakka yangi imkoniyat beradi, uni asrash esa bemorning kundalik vazifasiga aylanadi. — Agar inson turmush tarzini o‘zgartirmasa va buyurilgan dorilarni qabul qilmasa, texnik jihatdan mukammal bajarilgan operatsiyadan keyin ham kasallik qaytishi mumkinmi? — Qisqa javob: HA, agar turmush tarzi o‘zgartirilmasa, kasallik albatta qaytadi! Kardiojarroh anatomik muammoni tuzatadi, ammo bemorni aterosklerozga olib keluvchi barcha biologik va turmush tarzi omillaridan avtomatik tarzda xalos qila olmaydi. Agar ideal bajarilgan shuntlashdan keyin inson yana chekishga, yog‘li ovqatlanishga qaytsa va statinlarni tashlab yuborsa, yangi shuntlar 20 yil o‘rniga 2–3 yil ichida blyashkalar bilan berkiladi! Operatsiya kasallikka qarshi doimiy “immunitet” emas, balki ikkinchi imkoniyatdir. Jarroh sifatli hayot uchun yangi yillar beradi, ulardan qanday foydalanish esa ko‘p jihatdan bemorning o‘ziga bog‘liq. — Siz har kuni inson yuragi bilan, tom ma’noda uni qo‘lingizda ushlab ishlaysiz. Kasbingiz hayot va sog‘liq haqidagi shaxsiy qarashlaringizni o‘zgartirdimi? — Har kuni inson yuragini qo‘lingda ushlab ishlaganingda, hayotni abadiy va o‘z-o‘zidan mavjud narsa deb qabul qilishni to‘xtatasan. Jarrohlik menga o‘rgatgan eng muhim narsa shuki: hayot nihoyatda nozik, ammo organizmga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilinsa, ayni paytda hayratlanarli darajada bardoshli. Chekish va yuqori xolesterin ta’sirida zararlangan tomirlarni ko‘raman va tushunaman: sog‘lig‘imiz — bu kundalik tanlov. Men vaqtni, yaqinlarimni ancha ko‘proq qadrlay boshladim va, albatta, harakat, ovqatlanish hamda o‘z tanasiga e’tibor borasida bemorlarimga shaxsiy namuna bo‘lishga harakat qilaman. — Va so‘nggi savol. Agar odamlarga ularning ko‘pchiligini operatsiya stoliga tushib qolishdan saqlashi mumkin bo‘lgan faqat bitta maslahat berish imkoningiz bo‘lsa, nima der edingiz? Zamonaviy kardiojarrohlik bundan bir necha o‘n yil avval nihoyatda murakkab hisoblangan vazifalarni ham hal qila oladi. Biroq davolash natijasi faqat jarroh va texnologiyalarga bog‘liq emas. Eng muhim omillardan biri — vaqt. Yurak kasalligi qanchalik erta aniqlansa, to‘g‘ri baholansa va optimal davolash usuli tanlansa, yurak funksiyasi hamda bemorning hayot sifatini saqlab qolish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Shuning uchun asosiy savol faqat “Operatsiya qilish qo‘rqinchlimi?” bo‘lmasligi kerak. Yana bir savol ham berilishi lozim: “Agar zarur operatsiyani kechiktirsam, yuragim bilan nima sodir bo‘ladi?”
Oftalmologiya bo‘limi mudiri, oliy toifali oftalmolog-jarroh, MD, PhD Mamatov Jamshid Furkatovich — uzoq vaqt alomatsiz kechadigan ko‘z kasalliklari, xavfli belgilar va ko‘rish qobiliyatiga qimmatga tushishi mumkin bo‘lgan xatolar haqida. Biz ko‘zlarimiz yaxshi ko‘rayotgan bo‘lsa, ular bilan hammasi joyida deb hisoblashga odatlanganmiz. Og‘riq yo‘q, telefondagi matnni o‘qiymiz, yuzlarni taniymiz — demak, oftalmologga shoshilmasak ham bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Ammo muammoning asosiy jihati ham aynan shunda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab kamida 2,2 milliard kishi yaqin yoki uzoq masofani ko‘rishda buzilishlar bilan yashamoqda . Shu bilan birga, kamida 1 milliard holatning oldini olish yoki ko‘rish buzilishini hali ham tuzatish mumkin . Dunyo miqyosida ko‘rish buzilishlarining asosiy sabablaridan biri — korreksiya qilinmagan refraksiya nuqsonlari, katarakta, glaukoma va diabetik retinopatiyadir. Muammo faqat kasalliklarning o‘zida emas. Ko‘pchilik ko‘rish qobiliyati sezilarli darajada yomonlashguncha oftalmolog ko‘rigini kechiktiradi. Inson yaxshi ko‘rib turgan bo‘lsa ham jiddiy ko‘z kasalligiga ega bo‘lishi mumkinmi? Nega glaukoma uzoq vaqt sezilmasligi mumkin? Telefon haqiqatan ham ko‘rishni buzadimi? Katarakta “yetilib qolishini” kutish kerakmi? Qaysi belgilar paydo bo‘lganda oftalmologga ertaga emas, aynan bugun murojaat qilish kerak? Bu savollar haqida oftalmolog shifokor Mamatov Jamshid Furkatovich bilan suhbatlashdik. — Jamshid Furkatovich, inson yaxshi ko‘rib turgan bo‘lsa ham, ko‘rish qobiliyatiga asta-sekin xavf tug‘dirayotgan kasallik bo‘lishi mumkinmi? Ha, albatta. Va asosiy xavf ham shunda. Ko‘rish o‘tkirligini, ya’ni mayda detallarni markazda ajratish qobiliyatini ko‘plab kasalliklar uzoq vaqt davomida buzmaydi. Avval periferik ko‘rish, kontrastni ajratish qobiliyati yoki to‘r parda tomirlarida o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Miya esa tasvirni “to‘ldirib” boradi, ikkinchi ko‘z esa birinchi ko‘zdagi nuqsonni qisman kompensatsiya qiladi. Glaukoma — dastlab periferik ko‘rish sohasi torayadi. Diabetik va gipertenziv retinopatiya — to‘r parda tomirlaridagi o‘zgarishlar og‘riqsiz kechadi. Boshlang‘ich katarakta va yoshga bog‘liq makulyar degeneratsiya — inson asta-sekin yuz berayotgan o‘zgarishlarga moslashib ketadi. Epidemiologik tadqiqotlarga ko‘ra, glaukoma bilan yashayotgan insonlarning taxminan yarmi o‘z tashxisidan bexabar. Oftalmologga murojaat qilish imkoniyati cheklangan hududlarda bu ko‘rsatkich 90 foizgacha yetishi mumkin. — Glaukoma nima? Nega u yillar davomida deyarli sezilmasdan rivojlanishi mumkin? Ushbu kasallik tufayli yo‘qotilgan ko‘rishni qaytarish mumkinmi? Glaukoma — ko‘ruv nervining surunkali kasalligi bo‘lib, bunda nerv tolalari asta-sekin nobud bo‘ladi va ko‘rish maydoni torayadi. Boshqarilishi mumkin bo‘lgan asosiy xavf omillaridan biri — ko‘z ichki bosimining (KIB) yuqoriligidir. Nega u sezilmaydi? Og‘riq bo‘lmasligi mumkin, ko‘rishning yo‘qolishi periferiyadan boshlanadi, markaziy ko‘rish esa kasallikning kech bosqichlarigacha saqlanib qoladi. Bundan tashqari, miya va ikkinchi ko‘z mavjud nuqsonlarni qisman yashiradi. Shikoyatlar paydo bo‘lgan paytga kelib, ko‘rish maydonining sezilarli qismi allaqachon yo‘qolgan bo‘lishi mumkin. Yo‘qotilgan ko‘rishni qaytarib bo‘lmaydi , chunki ko‘ruv nervi tolalari qayta tiklanmaydi. Davolash — tomchilar, lazer yoki jarrohlik amaliyoti — bir maqsadga qaratilgan: kasallikning rivojlanishini to‘xtatish yoki sekinlashtirish. Klinik tadqiqotlarda KIBni har 1 mm simob ustuniga pasaytirish kasallik rivojlanish xavfini taxminan 10 foizga kamaytirishi ko‘rsatilgan. Shuning uchun erta tashxis juda muhim. Xavf guruhi: 40 yoshdan keyingi yosh, ota-ona, aka-uka yoki opa-singillarda glaukoma bo‘lishi, miopiya, diabet, gormonal preparatlarni uzoq muddat qabul qilish. Glaukoma bilan kasallangan bemorning yaqin qarindoshlari albatta tekshiruvdan o‘tishi kerak. — Ko‘z ichki bosimi normal bo‘lsa, odamda glaukoma yo‘qligiga ishonch hosil qilish mumkinmi? Yo‘q. “Normal bosimli glaukoma” deb ataladigan turi mavjud. Osiyo populyatsiyalarida — Yaponiya, Koreya va Xitoyda — u ochiq burchakli glaukomaning sezilarli qismini tashkil qiladi. Bundan tashqari, ko‘z ichki bosimi sutka davomida o‘zgarib turadi, shox pardaning qalinligi esa o‘lchov natijasiga ta’sir qilishi mumkin. Tashxis kompleks baholash asosida qo‘yiladi: ko‘ruv nervi diski tekshiruvi, OKT (optik kogerent tomografiya), perimetriya (ko‘rish maydonlarini tekshirish), gonioskopiya, paximetriya va dinamik kuzatuv. Aksincha, ko‘z ichki bosimi yuqori bo‘lib, ko‘ruv nervi shikastlanmagan holat ham uchraydi. Bu oftalmogipertenziya deb ataladi. Bunday bemorlar kuzatuvga olinadi, ammo har doim ham davolash talab qilinmaydi. — Agar inson ertalab uyg‘onib, bir ko‘zida ko‘rish qobiliyati birdan yomonlashganini sezsa, bir necha kun kutish mumkinmi? Yo‘q. Shu kunning o‘zida, imkon qadar bir necha soat ichida shifokorga murojaat qilish kerak. To‘satdan ko‘rishning pasayishi — aksini isbotlamaguncha, shoshilinch holat hisoblanadi. To‘r parda arteriyasining tiqilib qolishi — “ko‘z insulti”. To‘r parda qon oqimisiz atigi bir necha soat chidashi mumkin. Amerika yurak assotsiatsiyasi bunday bemorni insult holatidagi kabi boshqarishni tavsiya qiladi. To‘r parda venasi trombozi, to‘r parda ajralishi, shishasimon tanaga qon quyilishi, o‘tkir glaukoma xuruji, ko‘ruv nervi nevriti va ishemiyasi ham to‘satdan ko‘rish pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. 50 yoshdan oshgan insonda bosh og‘rig‘i va chaynash paytida og‘riq bo‘lsa, gigant hujayrali arterit dan shubhalanish kerak. Shoshilinch gormonal davolashsiz ikkinchi ko‘zni ham yo‘qotish xavfi mavjud. O‘zbilarmonlik bilan hech qanday tomchi tomizmaslik va “o‘zi o‘tib ketadi” deb kutmaslik kerak. To‘satdan ko‘rishning yo‘qolishi yurak-qon tomir tizimidagi jiddiy hodisa, jumladan TIA yoki insult belgisi ham bo‘lishi mumkin. — Ko‘z oldida to‘satdan chaqnashlar, “yashinlar”, ko‘plab qora nuqtalar yoki yon tomondan qorong‘i parda paydo bo‘lishi qanchalik xavfli? Juda xavfli. Bular to‘r parda yirtilishi yoki ajralishining belgisi bo‘lishi mumkin. 24 soat ichida ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tish kerak. Yosh o‘tishi bilan, ayniqsa miopiyada, shishasimon tana to‘r pardadan ajralishi mumkin. U to‘r pardani tortib, “chaqnashlar”ni keltirib chiqaradi. Qon yoki pigment esa ko‘z oldida ko‘plab qora nuqtalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. “Parda” hissi esa to‘r parda ajralayotganidan darak berishi mumkin. Klinik tavsiyalarga ko‘ra, o‘tkir orqa shishasimon tana ajralishi kuzatilgan bemorlarning 10–15 foizida to‘r parda yirtilishi aniqlanadi. Yirtiq lazer yordamida ambulator sharoitda bir necha daqiqada yopilishi va shu orqali to‘r parda ajralishining oldini olish mumkin. To‘r parda ajralishi esa jarrohlik amaliyotini talab qiladi. Davolash qanchalik erta amalga oshirilsa va to‘r pardaning markaziy qismi zararlanmagan bo‘lsa, natija shunchalik yaxshi bo‘ladi. — Ko‘z oldidagi odatiy “qora nuqtalar” qachon zararsiz, qachon esa jiddiy muammo belgisi bo‘lishi mumkin? Nisbatan zararsiz holat: ular uzoq vaqtdan beri mavjud, o‘zgarmaydi, kam sonli, chaqnashlar yoki soyalar yo‘q va ko‘rish pasaymagan. Xavotirli belgilar: to‘satdan paydo bo‘lishi, sonining keskin ko‘payishi, “qora yomg‘ir” yoki “qurum”ga o‘xshash ko‘rinish, chaqnashlar, soya yoki “parda”, ko‘rishning pasayishi, jarohat yoki operatsiyadan keyin paydo bo‘lishi, shuningdek diabet bilan kasallangan bemorda kuzatilishi. Har qanday **yangi paydo bo‘lgan “mushkalar”**da qorachiqni kengaytirib, ko‘z tubini tekshirtirish kerak. Yirtiq aniqlanmasa ham, bir necha haftadan so‘ng qayta ko‘rik tavsiya etiladi, chunki yirtiq keyinroq paydo bo‘lishi mumkin. — Telefon va kompyuter haqiqatan ham ko‘rishni buzadimi? Muammo ekranning o‘zida emas, undan foydalanish davomiyligi va masofasida. Ekranlar kattalarda to‘r parda kasalliklarini keltirib chiqarmaydi. Ammo yaqindan ishlaganda odam kamroq ko‘z qisadi va natijada raqamli ko‘z zo‘riqishi paydo bo‘lishi mumkin: quruqlik, achishish, charchoq va bosh og‘rig‘i. Ekranlardan chiqadigan ko‘k yorug‘likning to‘r pardaga zararli ekanini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud emas. 2023-yilgi Cochrane sharhi ko‘k yorug‘lik filtrli ko‘zoynaklarning ko‘z charchog‘ini kamaytirishda aniq foydasini ko‘rsatmagan. Monitorni taxminan qo‘l uzunligidagi masofada joylashtiring. Telefonni ko‘zdan kamida 30–40 sm uzoqlikda tuting. Har 20 daqiqada qisqa tanaffus qilib, uzoqqa qarang. Ko‘zni ongli ravishda tez-tez pirpirating. Quruqlikda konservantsiz namlovchi tomchilardan foydalanish mumkin. — Smartfon va planshetdan ko‘p foydalanish bolalarda miopiya xavfini oshiradimi? Ha, bunday bog‘liqlik mavjud. Ko‘chada o‘tkaziladigan vaqt esa asosiy himoya omillaridan biridir. Miopiya tez sur’atlarda tarqalmoqda va prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga kelib dunyo aholisining qariyb yarmi miopiyaga ega bo‘lishi mumkin. Uzoq vaqt davomida yaqindan ishlash, jumladan smartfondan foydalanish, miopiya rivojlanish xavfining oshishi bilan bog‘liq. Himoya omillari — kunduzgi yorug‘lik va uzoqqa qarash. Maktab yoshidagi bolalar ishtirokidagi randomizatsiyalangan tadqiqotlarda ko‘chada qo‘shimcha vaqt o‘tkazish yangi miopiya holatlari sonini kamaytirgani ko‘rsatilgan. Xalqaro Miopiya instituti kuniga taxminan 2 soat ochiq havoda bo‘lishni tavsiya qiladi. Bunda quyoshdan himoyalanish — bosh kiyim va UV-filtrli ko‘zoynaklardan foydalanish ham muhim. JSST tavsiyalariga ko‘ra, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ekran tavsiya etilmaydi, 2–4 yoshda esa kuniga 1 soatdan oshirmaslik kerak. Agar miopiya allaqachon mavjud bo‘lsa, uning rivojlanishini sekinlashtirish uchun past dozali atropin, ortokeratologiya, maxsus ko‘zoynaklar va miopiyani nazorat qiluvchi yumshoq kontakt linzalari qo‘llanishi mumkin. Bularni shifokor tanlaydi. — Bola ko‘zlarini qisib qaray boshlasa, televizorga yaqinroq o‘tirsa yoki telefonni yuziga juda yaqin olib kelsa, ota-onalar qanchalik jiddiy munosabatda bo‘lishi kerak? Jiddiy munosabatda bo‘lish kerak. Yaqin haftalar ichida oftalmolog ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Bolalar ko‘pincha shikoyat qilmaydi, chunki boshqalar qanday ko‘rishini bilmaydi. Sabablar orasida miopiya, gipermetropiya, astigmatizm, g‘ilaylik va ambliopiya (“dangasa ko‘z”) bo‘lishi mumkin. Bolalarda ko‘zoynak tanlashda qorachiqni kengaytiruvchi siklopegik tekshiruv o‘tkazish kerak, aks holda natija noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Ambliopiyani davolash eng samarali tarzda 7–8 yoshgacha amalga oshiriladi, undan keyin samaradorlik pasayadi. — Ko‘zoynakni doimiy taqish ko‘zlarni unga “o‘rgatib qo‘yadi” va ko‘rishni yanada yomonlashtiradimi? Yo‘q. Bu afsona. Ko‘zoynak ko‘zlarni zaiflashtirmaydi. Miopiya ko‘z olmasining uzunligi o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayon ko‘zoynak taqishga bog‘liq emas. Ko‘zoynaksiz ko‘rish avvalgidan yomonroqdek tuyulishi ko‘pincha insonning tiniq tasvirga o‘rganib qolishi bilan izohlanadi. Ko‘rishni yetarli darajada korreksiya qilmaslik miopiya rivojlanishini sekinlashtirmaydi. Bolalarda esa ko‘zoynak ko‘rish tizimining normal rivojlanishi uchun zarur — aks holda ambliopiya rivojlanishi mumkin. — Ko‘z gimnastikasi yordamida miopiyani kamaytirish yoki “minus”dan xalos bo‘lish mumkinmi? Yo‘q, bu ham afsona. Ko‘z gimnastikasi ko‘z olmasining anatomik uzunligini o‘zgartirmaydi va miopiyani yo‘qotmaydi. Miopiyani to‘g‘ri korreksiya qilish va uning rivojlanishini nazorat qilish uchun oftalmolog tavsiyalariga amal qilish kerak. — Vitaminlar, lutein, chernika yoki turli biologik faol qo‘shimchalar ko‘rishni yaxshilaydimi? Ko‘pchilik bunday va’dalarni bo‘rttirib yuboradi. Hech qanday biologik faol qo‘shimcha ko‘rishni tiklamaydi va ko‘zoynak o‘rnini bosa olmaydi. Isbotlangan samaraga ega formulalardan biri — AREDS2 . U oraliq bosqichdagi makulyar degeneratsiyaning og‘ir shaklga o‘tishini taxminan 25 foizga sekinlashtirishi mumkin. Bu faqat tegishli tashxisi mavjud bemorlarga taalluqli va shifokor tomonidan tavsiya etiladi. Sog‘lom odamlarda qo‘shimchalar makulyar degeneratsiya yoki kataraktaning oldini olishi isbotlanmagan. Chernika ko‘rishni yaxshilashini tasdiqlovchi yetarli dalillar yo‘q. Omega-3 katta DREAM tadqiqotida quruq ko‘z sindromini davolashda samarali bo‘lmagan. Haqiqatan foydali bo‘lgan choralar: chekishdan voz kechish, qon bosimi va qand miqdorini nazorat qilish, UV-himoya, sabzavotlar — ayniqsa yashil bargli sabzavotlar va baliq iste’moli. — Dorixonadan “ko‘z qizarishiga qarshi” tomchilarni mustaqil sotib olib, muntazam ishlatish xavfsizmi? Yo‘q, xavfsiz emas. Bunday tomchilarning ko‘pchiligi tomirlarni toraytiruvchi moddalarni o‘z ichiga oladi. Ular vaqtincha ta’sir qiladi, ammo muntazam qo‘llanganda “rebound” qizarish , ya’ni qaytuvchi qizarish va o‘rganib qolish holatini keltirib chiqarishi mumkin. Ayrim moyil bemorlarda ular yopiq burchakli glaukoma xurujini ham qo‘zg‘atishi mumkin. Eng katta muammo shundaki, tomchilar qizarishning asl sababini niqoblaydi : allergiya, quruq ko‘z, yallig‘lanish, keratit yoki glaukoma. Og‘riq, yorug‘likdan qo‘rqish yoki ko‘rish pasayishi bilan kechadigan qizil ko‘z shifokor ko‘rigini talab qiladi. Gormonal tomchilarni, masalan, deksametazonni ham shifokorsiz ishlatish xavfli: ular glaukoma, katarakta va gerpetik keratitning og‘irlashishiga olib kelishi mumkin. — Ko‘zlarda doimiy quruqlik, achishish va “qum bor”dek his qilish faqat sun’iy ko‘z yoshini qo‘llash bilan hal bo‘ladimi? Yengil holatlarda yordam berishi mumkin, ammo simptomlar doimiy bo‘lsa, sababini aniqlash kerak. Quruq ko‘z kasalligi ko‘p omilli holatdir. Uning ortida meybomiy bezlar disfunksiyasi, blefarit, allergiya, Sjögren sindromi va boshqa tizimli kasalliklar, ayrim dori vositalarining nojo‘ya ta’siri, kontakt linzalar bilan bog‘liq muammolar yoki qovoqlarning to‘liq yopilmasligi bo‘lishi mumkin. Davolash asoslari: konservantsiz namlovchi tomchilar, qovoqlar gigiyenasi, iliq kompresslar va muhit omillarini nazorat qilish — konditsioner, quruq havo, chang va ekranlardan foydalanish. Agar simptomlar 2 haftadan ortiq davom etsa yoki og‘riq, yorug‘likdan qo‘rqish, ko‘rishning pasayishi kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish kerak. — Kontakt linzalarda ba’zan uxlab qolish yoki ularni tavsiya etilgan muddatdan uzoqroq taqish qanchalik xavfli? Xavfli. Hatto “ba’zan” bo‘lsa ham. Kontakt linzalarda uxlash mikrobiologik keratit xavfini bir necha barobar oshiradi. Shox parda kislorod yetishmovchiligiga duch keladi va mikroorganizmlarning kirib borishi osonlashadi. Shox parda yarasi xiralashish, doimiy ko‘rish pasayishi va hatto transplantatsiyaga olib kelishi mumkin. Linzalarni belgilangan muddatda almashtiring. Linza konteynerini har 3 oyda almashtiring. Eng xavfsiz variantlardan biri — bir kunlik linzalar. Linzalarni suvda yuvmang va suvda saqlamang. Linzalarda suzmang va dush qabul qilmang. Qizarish, og‘riq yoki yorug‘likdan qo‘rqish paydo bo‘lsa, linzani darhol yeching va shu kunning o‘zida shifokorga murojaat qiling. — Kataraktada uning “yetilib qolishini” kutish kerakmi? Bu yondashuv eskirgan. Ilgari operatsiya ancha travmatik bo‘lgani uchun kataraktaning “yetilishi” kutilgan. Hozirgi zamonaviy fakoemulsifikatsiya va ko‘z ichki linzasini implantatsiya qilish — odatda mahalliy og‘riqsizlantirish ostida 15–20 daqiqa davom etadigan kam travmatik operatsiyadir. Operatsiya uchun asosiy ko‘rsatma — ko‘rishning hayot sifatiga xalaqit beradigan darajada pasayishi : ishlash, o‘qish, avtomobil boshqarish yoki xavfsiz yurishga ta’sir qilishi. Kataraktaning “yetilishi”ni kutish shart emas. — Katarakta operatsiyasini juda uzoq vaqtga kechiktirish keyingi davolashni qiyinlashtirishi mumkinmi? Ha. O‘ta yetilgan katarakta zichroq bo‘ladi, uni olib tashlash qiyinlashadi, asoratlar va shox parda shikastlanishi xavfi ortadi. Bundan tashqari: shishgan yoki parchalanayotgan gavhar sababli ikkilamchi glaukoma va yallig‘lanish rivojlanishi mumkin; xiralashgan gavhar to‘r pardani ko‘rish va davolashni qiyinlashtiradi, ayniqsa diabetda; yomon ko‘rish keksa odamlarda yiqilish va suyak sinishi xavfini oshiradi. Afsuski, ba’zi bemorlar juda zich katarakta bilan murojaat qilishadi. Bunday holatda operatsiya ham murakkabroq, tiklanish ham uzoqroq bo‘ladi. — Lazer yordamida ko‘rishni korreksiya qilish bugungi kunda deyarli hammaga mos keladimi? Yo‘q, hamma uchun mos emas. Qaror to‘liq oftalmologik tekshiruvdan, jumladan shox parda topografiyasi va tomografiyasidan keyin qabul qilinadi. Asosiy qarshi ko‘rsatmalar va cheklovlar: 18 yoshgacha bo‘lish, odatda 21 yoshgacha va refraksiyaning so‘nggi bir yil davomida barqaror bo‘lmasligi; shox pardaning yupqaligi , keratokonus yoki unga shubha; og‘ir quruq ko‘z sindromi; ko‘z yallig‘lanishlari; glaukoma; yaqqol katarakta; nazorat qilinmaydigan diabet va autoimmun kasalliklar; homiladorlik va emizish davri; juda yuqori darajadagi miopiya. Lazer korreksiyasi yoshga bog‘liq presbiopiyani bekor qilmaydi. 40–45 yoshdan keyin o‘qish uchun ko‘zoynak zarur bo‘lishi mumkin. — Oftalmolog oddiy tekshiruv vaqtida qandli diabet, arterial gipertoniya yoki boshqa tizimli kasalliklarning belgilarini ko‘rishi mumkinmi? Ha. To‘r parda — qon tomirlari va nerv to‘qimasini jarrohlik aralashuvisiz bevosita ko‘rish mumkin bo‘lgan yagona joylardan biridir. Diabet: mikroanevrizmalar, qon quyilishlar va ekssudatlar. Arterial gipertoniya: arteriolalarning torayishi, qon quyilishlar, og‘ir holatlarda ko‘ruv nervi diskining shishi. Boshqa holatlar: uyqu arteriyalari stenozi, bosh ichi bosimining oshishi, autoimmun va infeksion uveitlar, ko‘ruv nervi nevriti, qalqonsimon bez kasalliklari va lipid almashinuvi buzilishlari. — Qaysi belgilar haqiqiy “qizil bayroq” hisoblanadi? Qisqacha: ko‘rishdagi har qanday to‘satdan o‘zgarish, ko‘zdagi og‘riq yoki jarohat — shoshilinch murojaat qilish uchun sabab. Shu kunning o‘zida / tez yordam: ko‘rishning to‘satdan yo‘qolishi yoki keskin pasayishi; chaqnashlar, ko‘plab “mushkalar”, ko‘rish maydonida soya yoki “parda”; ko‘zdagi kuchli og‘riq, qizarish, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i va chiroqlar atrofida rangli halqalar; kimyoviy kuyish — avval 15–20 daqiqa suv bilan yuvish, keyin klinikaga murojaat qilish; ko‘z jarohati yoki yara; kontakt linza taqadigan odamda qizil, og‘riqli va yorug‘likka sezgir ko‘z; to‘satdan ikki ko‘rish, qovoq tushishi yoki qorachiqlarning turlicha bo‘lishi; bolada oq qorachiq yoki to‘satdan paydo bo‘lgan g‘ilaylik. Yaqin 1–3 kun ichida: to‘g‘ri chiziqlarning qiyshayib ko‘rinishi yoki markaziy ko‘rishda dog‘; uzoq yoki yaqinni ko‘rishning pasayishi; tunda avtomobil boshqarishda qiyinchilik; 2 haftadan ortiq davom etuvchi quruqlik, achishish yoki ko‘z yoshlanishi; asta-sekin kuchayib borayotgan “parda”; bolada tez-tez ko‘z qisish, o‘qishda bosh og‘rig‘i yoki buyumlarni yuziga yaqin olib kelish; diabet bilan kasallangan odamda har qanday yangi ko‘z shikoyati. — Siz ko‘rishni avvalroq murojaat qilish orqali saqlab qolish mumkin bo‘lgan holatlarga tez-tez duch kelasizmi? Afsuski, ha. Bu qaytarib bo‘lmaydigan ko‘rish yo‘qotilishining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir. Odatdagi misollar: “naychasimon ko‘rish” bosqichida aniqlangan glaukoma; “parda o‘zi yo‘qolib ketadi” deb haftalab kutgan bemordagi to‘r parda ajralishi; ko‘z tubini hech qachon tekshirtirmagan diabetli bemorda proliferativ diabetik retinopatiya; kech murojaat qilingan nam makulyar degeneratsiya; kontakt linza taqish va o‘zbilarmoncha davolash fonidagi shox parda yaralari; 8–9 yoshdan keyin aniqlangan ambliopiya. JSSTning 2019-yildagi Butunjahon ko‘rish hisoboti ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 1 milliard odamda ko‘rish buzilishining oldini olish yoki uni tuzatish mumkin edi. — Inson yaxshi ko‘rsa, hech qanday og‘riq bo‘lmasa va ilgari oftalmologga bormagan bo‘lsa, nega profilaktik tekshiruvdan o‘tishi kerak? Kasallikni ko‘rish qobiliyatini hali saqlab qolish mumkin bo‘lgan paytda aniqlash uchun. Glaukoma, diabetik retinopatiya va makulyar degeneratsiya kabi ko‘rishga xavf tug‘diruvchi ko‘plab kasalliklar dastlab hech qanday alomatsiz kechadi. Oddiy oftalmologik tekshiruv odatda 20–30 daqiqa davom etadi: ko‘rish o‘tkirligi, ko‘z ichki bosimi, ko‘z tubi tekshiriladi va zarur bo‘lsa OKT amalga oshiriladi. Taxminiy tekshiruv jadvali: sog‘lom kattalar — 40 yoshda bazaviy tekshiruv; 54 yoshgacha har 2–4 yilda, 55–64 yoshda har 1–3 yilda, 65 yoshdan keyin har 1–2 yilda; diabet, gipertoniya, oilaviy glaukoma tarixi, yuqori darajadagi miopiya, kontakt linza taqish, uzoq muddat gormonal preparatlar qabul qilish, autoimmun kasalliklar yoki ko‘z jarohatlari bo‘lsa — ertaroq va tez-tez ; bolalar — 3–5 yoshda, maktabga chiqishdan oldin va keyin har 1–2 yilda; miopiya mavjud bo‘lsa, har 6 oyda. Yomonlashishini kutmang Oftalmologiyadagi eng muhim xulosalardan biri paradoksal eshitiladi: bugun yaxshi ko‘rish ko‘zlar to‘liq sog‘lom degani emas. Ayrim kasalliklar asta-sekin rivojlanadi va inson ulardagi o‘zgarishlarga shunchaki moslashib boradi. Boshqa kasalliklar esa uzoq vaqt davomida og‘riq yoki sezilarli noqulaylik tug‘dirmaydi. Ayrim holatlarda esa shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish ko‘rish qobiliyatini saqlab qolish imkoniyatini bevosita belgilaydi. Shuning uchun profilaktik tekshiruvdan inson ko‘rishi yomonlashgandan keyin emas, muammoni undan oldin aniqlash uchun o‘tishi muhim. Ko‘rish qobiliyatini biz odatda uning yo‘qolishini boshlamaguncha qadriga yetmaymiz.
Nevrologiya afsonalarsiz: nevrologga 15 muhim savol Bosh og‘rig‘i, migren, bosh aylanishi, qo‘l-oyoqlarning uvishishi, bel va bo‘yin og‘rig‘i, uyqu buzilishi — millionlab insonlar duch keladigan alomatlardir. Shunga qaramay, ko‘pchilik noqulaylikka ko‘nikib qoladi, o‘zicha og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qiladi yoki shifokorga murojaat qilishni kechiktiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda asab tizimiga ta’sir qiluvchi kasallik va holatlar taxminan 3,4 milliard kishida — dunyo aholisining qariyb 43 foizida uchragan. Nevrologik kasalliklar butun dunyoda sog‘liqning yomonlashuvi va nogironlikning yetakchi sabablaridan biri hisoblanadi. Qaysi alomatlarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi? Migren oddiy bosh og‘rig‘idan nimasi bilan farq qiladi? Bel og‘rig‘ida har doim ham disk churrasi aybdormi? Qachon MRT tekshiruvi kerak? Eng ko‘p uchraydigan savollarga AKFA Medline nevrologi, 19 yillik tajribaga ega MD, PhD Nigora Saidganiyevna Qodirxo‘jayeva javob beradi. Shifokorning professional qiziqishlari nevrologiya, neyropsixologiya, transkranial magnit stimulyatsiya — TMS hamda nevrologiyada, jumladan birlamchi surunkali bosh og‘riqlarida botulinoterapiyani qo‘llashni o‘z ichiga oladi. 1. Bemorlar nevrologga ko‘pincha qanday shikoyatlar bilan murojaat qilishadi? Eng ko‘p uchraydigan shikoyatlar — bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, bo‘yin va beldagi og‘riqlar, qo‘l-oyoqlarda uvishish yoki sanchish hissi, mushaklardagi kuchsizlik, uyqu va xotira bilan bog‘liq muammolardir. Shuningdek, bemorlar qo‘l titrashi, harakat muvofiqligining buzilishi, quloqda shovqin, sezuvchanlikning o‘zgarishi, turli og‘riq sindromlari, insultdan keyingi holatlar va periferik asab tizimi kasalliklari bilan ham murojaat qilishadi. Muhim jihati shundaki, bir xil alomat turli sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Masalan, bosh aylanishi vestibulyar tizim bilan bog‘liq bo‘lishi yoki boshqa kasalliklar belgisi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun nevrologning vazifasi faqat alomatni yo‘qotish emas, uning asl sababini aniqlashdir. 2. Odamlar qaysi nevrologik alomatlarni ko‘pincha jiddiy qabul qilmaydi? Tananing bir tomonida to‘satdan yuzaga kelgan qo‘l yoki oyoq uvishishi va kuchsizligi, nutqning buzilishi, yuz assimetriyasi, ko‘rishning keskin yomonlashishi, odatdagidan keskin kuchli bosh og‘rig‘i va muvozanatning to‘satdan buzilishi alohida e’tibor talab qiladi. Odamlar tez-tez takrorlanadigan bosh og‘rig‘i, barmoqlarning vaqti-vaqti bilan uvishishi, muvozanat buzilishi, oyoq yoki qo‘lga tarqaladigan bel og‘rig‘i, xotira va uyqudagi o‘zgarishlarni ham uzoq vaqt e’tiborsiz qoldirishlari mumkin. Agar alomat takrorlansa, kuchaysa yoki kundalik hayotga xalaqit bera boshlasa, unga ko‘nikib yashash emas, mutaxassisga murojaat qilish kerak. 3. Qachon oddiy bosh og‘rig‘i nevrologga murojaat qilish uchun sabab bo‘ladi? Agar bosh og‘rig‘i muntazam takrorlansa, kuchayib borsa yoki uning odatiy xarakteri o‘zgarsa, sababini aniqlash lozim. Ayniqsa quyidagi holatlarda shifokorga murojaat qilish kerak: • bosh og‘rig‘i birinchi marta paydo bo‘lib, juda kuchli bo‘lsa; • xurujlar tezlashib borsa; • og‘riq qusish, ko‘rish, nutq yoki sezuvchanlik buzilishi, kuchsizlik bilan birga kechsa; • bosh jarohatidan keyin yuzaga kelsa; • og‘riq qoldiruvchi preparatlarni tez-tez qabul qilishga to‘g‘ri kelsa; • bosh og‘rig‘i ish, uyqu yoki kundalik faoliyatga jiddiy ta’sir qilsa. To‘satdan boshlanib, soniyalar yoki bir necha daqiqa ichida maksimal darajaga yetadigan juda kuchli bosh og‘rig‘i ayniqsa xavotirli belgi hisoblanadi. Bunday vaziyatda shoshilinch tibbiy tekshiruv talab etiladi. 4. Migren nima va u oddiy bosh og‘rig‘idan nimasi bilan farq qiladi? Migren — shunchaki kuchli bosh og‘rig‘i emas, balki mustaqil nevrologik kasallikdir. Odatdagi migren xuruji bir necha soatdan bir necha sutkagacha davom etishi mumkin. Og‘riq ko‘pincha pulsatsiyalovchi bo‘ladi, boshning bir tomonida kuchliroq sezilishi va oddiy jismoniy faollik paytida kuchayishi mumkin. Migren paytida bosh og‘rig‘i ko‘pincha ko‘ngil aynishi, yorug‘likka, tovushga va hidlarga ortiqcha sezuvchanlik bilan kechadi. Biroq har bir bemorda klassik belgilar to‘liq namoyon bo‘lavermaydi. Shu sababli tashxis, avvalo, alomatlar va bemorning kasallik tarixi asosida qo‘yiladi. 5. Migren uchun qanday alomatlar xos va xurujni nimalar qo‘zg‘atadi? Bosh og‘rig‘idan tashqari bemorda quyidagilar kuzatilishi mumkin: • ko‘ngil aynishi; • yorug‘lik va tovushga sezuvchanlik; • asabiylik; • diqqatni jamlash qiyinlashishi; • kuchli charchoq; • jismoniy harakat paytida holatning yomonlashishi. Migrenni qo‘zg‘atuvchi omillar har bir insonda turlicha bo‘ladi. Eng keng tarqalganlari — uyquning yetishmasligi yoki ortiqcha uxlash, emotsional stress, ovqatlanishni o‘tkazib yuborish, suvsizlanish, ayrim gormonal o‘zgarishlar va kundalik rejimning keskin o‘zgarishidir. Bosh og‘rig‘i kundaligini yuritish juda foydali. Unda xuruj sanasi, davomiyligi, ehtimoliy sabablar, qo‘shimcha alomatlar va qabul qilingan dorilar qayd etiladi. Bu shifokorga kasallikdagi qonuniyatlarni aniqlashga yordam beradi. 6. Aurali migren nima va u qanday namoyon bo‘ladi? Aura — odatda bosh og‘rig‘idan oldin paydo bo‘ladigan vaqtinchalik va qaytuvchan nevrologik alomatlardir. Ba’zi hollarda ular bosh og‘rig‘isiz ham kuzatilishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigani — ko‘ruv aurasi. Bunda inson ko‘z oldida yaltirab turgan nuqtalar, zigzag chiziqlar, yorug‘lik chaqnashlari yoki ko‘rish maydonining ayrim qismlarini vaqtincha ko‘rmay qolishi mumkin. Shuningdek, qo‘l yoki yuz bo‘ylab asta-sekin tarqaladigan sanchish yoki uvishish hissi kuzatilishi mumkin. Kam hollarda vaqtinchalik nutq buzilishi ham uchraydi. Agar bunday alomatlar birinchi marta yuzaga kelgan bo‘lsa, ayniqsa ular to‘satdan boshlangan bo‘lsa, ularni mustaqil ravishda migren deb baholash mumkin emas. Ayrim belgilar tranzitor ishemik xuruj yoki insultga o‘xshashi mumkin. Shuning uchun tibbiy ko‘rik zarur. 7. Migrenni davolash mumkinmi va bugungi kunda qanday zamonaviy usullar mavjud? Bugungi kunda migrenni samarali nazorat qilish imkonini beradigan davolash usullari mavjud. Davolashning asosiy maqsadi — xurujlar soni, davomiyligi va kuchini kamaytirish hamda bemorning hayot sifatini yaxshilash. Davolash odatda ikki yo‘nalishdan iborat. Birinchisi — boshlangan xurujni bartaraf etish. Vaziyatga qarab shifokor migren uchun maxsus preparatlar yoki boshqa vositalarni tavsiya qilishi mumkin. Ikkinchisi — profilaktik davolash. U tez-tez yoki og‘ir kechadigan xurujlarda individual tarzda tanlanadi.Surunkali migrenning ayrim holatlarida botulinoterapiya qo‘llanishi mumkin. Zamonaviy nevrologiyada migren rivojlanish mexanizmlariga bevosita ta’sir qiluvchi yangi profilaktik davolash usullari ham mavjud. Davolash usulini tanlashda xurujlarning tezligi, hamroh kasalliklar, avvalgi davolash natijalari va bemorning individual xususiyatlari hisobga olinadi. 8. Tez-tez bosh og‘rig‘i yoki migren bo‘lsa, bosh miya MRTsi shartmi? Har bir bosh og‘rig‘i bo‘lgan bemorga MRT kerak emas. Agar klinik belgilar birlamchi bosh og‘rig‘iga, masalan, migrenga xos bo‘lsa va nevrologik ko‘rikda xavotirli belgilar aniqlanmasa, qo‘shimcha tekshiruv talab qilinmasligi mumkin. MRT shifokorga bosh og‘rig‘ining ikkilamchi sabablarini istisno qilish zarur bo‘lgan vaziyatlarda buyuriladi. Masalan, og‘riq xarakterining o‘zgarishi, nevrologik alomatlarning paydo bo‘lishi, noodatiy klinik holat yoki boshqa xavotirli belgilar kuzatilganda. Shuning uchun to‘g‘ri yondashuv — avval shifokor konsultatsiyasi va nevrologik ko‘rik, keyin esa ko‘rsatmaga muvofiq tekshiruv. 9. Bosh aylanishi nima sababdan yuzaga keladi va qachon u xavfli belgi bo‘lishi mumkin? “Bosh aylanishi” tushunchasi ostida bemorlar turli hissiyotlarni nazarda tutishi mumkin: atrofdagi narsalar aylanayotgandek tuyulishi, beqarorlik, muvozanat yo‘qolishi, hushdan ketayotgandek bo‘lish yoki boshda “tuman” hissi. Buning sabablari ham turlicha. Keng tarqalgan sabablarning biri — yaxshi sifatli paroksizmal pozitsion bosh aylanishi bo‘lib, bunda xuruj bosh holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, ichki quloq, asab tizimi, yurak-qon tomir tizimi va boshqa holatlar ham bosh aylanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar bosh aylanishi to‘satdan boshlangan bo‘lsa va u nutq buzilishi, qo‘l-oyoqdagi kuchsizlik yoki uvishish, ko‘zda ikki ko‘rish, harakat muvofiqligining keskin buzilishi yoki yangi kuchli bosh og‘rig‘i bilan birga kechsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish kerak. 10. Qo‘l va oyoqlarning uvishishi, sanchishi yoki “chumoli yurgandek” bo‘lishi nimadan darak berishi mumkin? Bu alomatlarning sababi vaqtinchalik asab siqilishidan tortib, umurtqa pog‘onasi, periferik asablar yoki markaziy asab tizimi kasalliklarigacha bo‘lishi mumkin. Masalan, kaftning uvishishi ma’lum bir asabning siqilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Oyoq panjalarida simmetrik uvishish esa periferik neyropatiyada kuzatilishi mumkin. Shifokor uvishishning qayerda paydo bo‘layotgani, qanchalik kuchli ekani, og‘riq, mushak kuchsizligi yoki reflekslarning o‘zgarishi mavjudligini baholaydi.Agar sezuvchanlik buzilishi kuchayib borsa yoki mushak kuchsizligi bilan birga kuzatilsa, tekshiruvni kechiktirmaslik kerak. 11. Insultning qanday dastlabki belgilarini har bir inson bilishi kerak? Insultning eng muhim belgilaridan biri — ularning to‘satdan paydo bo‘lishidir. Yuz: insondan kulishni so‘rang. Yuzning bir tomoni osilib qolishi mumkin. Qo‘l: ikkala qo‘lni bir vaqtda ko‘tarishni so‘rang. Bir qo‘l tushib ketishi yoki umuman ko‘tarilmasligi mumkin. Nutq: oddiy jumlani takrorlashni so‘rang. Nutq tushunarsiz bo‘lishi yoki inson gapni ayta olmasligi mumkin. Shuningdek, to‘satdan ko‘rishning buzilishi, kuchli bosh aylanishi, koordinatsiyaning yo‘qolishi, tananing bir tomonida uvishish yoki kuchsizlik paydo bo‘lishi mumkin. Insultdan shubha qilinganda alomatlar o‘z-o‘zidan o‘tib ketishini kutish mumkin emas. Darhol tez tibbiy yordam chaqirish kerak. Bemor qanchalik tez ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga yetkazilsa, samarali davolash imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. 12. Nega bugungi kunda bo‘yin va bel og‘rig‘i hatto yoshlar orasida ham ko‘p uchraydi? MRTda topilgan disk churrasi har doim ham og‘riq sababimi? Yo‘q. MRTda protruzia yoki disk churrasi aniqlanishi aynan shu o‘zgarish og‘riqning sababi ekanini anglatmaydi. Umurtqalararo disklardagi o‘zgarishlar hech qanday og‘riq sezmaydigan insonlarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun shifokor MRT natijasini bemorning shikoyatlari va nevrologik ko‘rik natijalari bilan birgalikda baholaydi. Og‘riq mushaklar, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari, boylamlar, asab tuzilmalarining ta’sirlanishi va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yoshlar orasida kamharakat turmush tarzi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt o‘tirish, jismoniy faollikning yetishmasligi, yuklamaning noto‘g‘ri taqsimlanishi va stress muhim rol o‘ynaydi. Davolash kerak bo‘lgan narsa MRT tasviri emas, balki bemorning o‘zi va uning alomatlarini keltirib chiqarayotgan sababdir. 13. Surunkali stress, xavotir va uyqu yetishmasligi nevrologik alomatlarni paydo qilishi yoki kuchaytirishi mumkinmi? Ha. Uyqu, ruhiy holat va asab tizimi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Surunkali stress va uyqu yetishmasligi bosh og‘rig‘i, migren, mushak tarangligi, bosh aylanishi, diqqatni jamlash qiyinlashishi va charchoqni kuchaytirishi mumkin. Ba’zi bemorlarda yopiq doira shakllanadi: stress uyquni yomonlashtiradi, uyquning buzilishi asab tizimining sezuvchanligini oshiradi, alomatlar kuchayadi, natijada xavotir yanada ortadi. Biroq har qanday alomatni faqat stress bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Avvalo boshqa mumkin bo‘lgan sabablarni istisno qilish kerak. 14. Bemorlar bosh og‘rig‘i, migren yoki boshqa nevrologik alomatlarni o‘zicha davolashda qanday xatolarga yo‘l qo‘yishadi? Eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri — og‘riq qoldiruvchi dorilarni nazoratsiz va juda ko‘p qabul qilish. Ba’zi preparatlar tez-tez qo‘llanilganda bosh og‘rig‘ining o‘zi yanada ko‘payishi va dori vositalarini ortiqcha qabul qilish bilan bog‘liq bosh og‘rig‘i shakllanishi mumkin. Yana bir xato — MRT natijasini klinik holatdan alohida davolash. Bemorlar ko‘pincha alomatning aniq sababi aniqlanmasdan turib “qon tomirlar uchun” dorilar, vitaminlar, tinchlantiruvchi vositalar yoki boshqa preparatlarni o‘zicha qabul qilishadi. Nevrologiyada avvalo to‘g‘ri tashxis qo‘yish, undan keyingina davolash usulini tanlash muhim. 15. Nevrologik kasalliklarning oldini olish va asab tizimi salomatligini saqlash uchun nimalarni tavsiya qilasiz? Asab tizimini barcha kasalliklardan himoya qiladigan bitta universal tabletka mavjud emas. Eng katta ahamiyatni kundalik odatlar egallaydi. Muhim tavsiyalar: • muntazam jismoniy faollikni saqlash; • arterial qon bosimini nazorat qilish; • qondagi glyukoza va xolesterin darajasini kuzatib borish; • chekishdan voz kechish; • to‘g‘ri uyqu rejimiga rioya qilish; • muvozanatli ovqatlanish; • surunkali uyqusizlikka yo‘l qo‘ymaslik; • dori vositalarini nazoratsiz qabul qilmaslik; • ruhiy-emotsional holatga e’tibor qaratish. Eng muhimi — shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish. Alomat chidab bo‘lmas darajaga yetishini kutmaslik kerak. Takrorlanuvchi bosh og‘rig‘i, sezuvchanlikning buzilishi, kuchli bosh aylanishi, mushak kuchsizligi va boshqa nevrologik belgilar mutaxassis tomonidan baholanishi kerak. Eng muhimi — alomatlarga ko‘nikib qolmaslik Bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi yoki uvishish har doim ham xavfli kasallik belgisi bo‘lavermaydi. Ammo buning sababini insonning o‘zi aniq baholay olmaydi. Zamonaviy nevrologiyada tashxis faqat bitta alomat yoki MRT natijasiga asoslanmaydi. Shifokor bemorning shikoyatlari, kasallik tarixi va nevrologik holatini baholaydi, shundan keyingina qanday qo‘shimcha tekshiruvlar kerakligini belgilaydi. Tananing bir tomonida to‘satdan kuchsizlik, yuz assimetriyasi, nutq, ko‘rish yoki muvozanatning buzilishi yuzaga kelsa, tibbiy yordam darhol ko‘rsatilishi kerak. O‘z vaqtida o‘tkazilgan diagnostika kasallikni to‘g‘ri davolash bilan birga, keraksiz tekshiruvlar va noto‘g‘ri o‘z-o‘zini davolashning oldini olishga yordam beradi.
Arterial gipertoniya: nega yuqori qon bosimini e’tiborsiz qoldirish mumkin emas? Arterial gipertoniya — yurak-qon tomir tizimining eng keng tarqalgan kasalliklaridan biridir. Uning asosiy xavfi shundaki, yuqori arterial qon bosimi yillar davomida deyarli hech qanday alomat bermasligi, shu bilan birga yurak, qon tomirlari, buyraklar va boshqa a’zolarga asta-sekin zarar yetkazishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 30–79 yoshdagi qariyb 1,4 milliard kattalar arterial gipertoniya bilan yashagan . Shu bilan birga, gipertoniyasi bo‘lgan odamlarning taxminan 44 foizi o‘zida ushbu kasallik borligini bilmagan . Shu sababli, hatto o‘zingizni yaxshi his qilayotgan bo‘lsangiz ham, arterial qon bosimini nazorat qilib borish muhim. Arterial gipertoniya nima? Arterial qon bosimi qonning arteriya devorlariga qanday kuch bilan ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi. Yevropa kardiologlar jamiyatining (ESC) 2024-yilgi tavsiyalariga ko‘ra, arterial gipertoniya shifokor qabulida o‘lchangan arterial qon bosimining 140/90 mm simob ustuni va undan yuqori darajada doimiy bo‘lishi sifatida belgilanadi. Bunda tashxis odatda faqat bitta o‘lchov asosida qo‘yilmaydi. Shifokor arterial bosimni takroran o‘lchash, uy sharoitida nazorat qilish yoki 24 soatlik monitoringni tavsiya qilishi mumkin. ESC 2024 tavsiyalarida yuqori arterial qon bosimi toifasi ham ajratilgan — shifokor qabulida o‘lchangan sistolik bosim 120–139 mm simob ustuni va/yoki diastolik bosim 70–89 mm simob ustuni . Bunday ko‘rsatkichlar hali gipertoniya mezonlariga mos kelmaydi, biroq umumiy yurak-qon tomir xavfini baholashni talab qiladi. Qon bosimi ko‘rsatkichlarini bemorning yoshi, hamroh kasalliklari, xavf omillari va umumiy yurak-qon tomir xavfini hisobga olgan holda individual baholash kerak. Gipertoniya nima sababdan rivojlanadi? Ko‘pchilik hollarda bitta aniq sababni ajratib ko‘rsatishning imkoni bo‘lmaydi. Arterial qon bosimining oshishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar ta’sir qilishi mumkin: • irsiy moyillik; • ortiqcha tana vazni; • jismoniy faollikning kamligi; • tuzni ortiqcha iste’mol qilish; • chekish; • spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish; • surunkali stress; • uyqu yetishmasligi; • qandli diabet; • buyrak kasalliklari; • moddalar almashinuvi buzilishlari; • qon tomirlaridagi yoshga bog‘liq o‘zgarishlar. Bir vaqtning o‘zida xavf omillari qancha ko‘p bo‘lsa, arterial qon bosimini muntazam nazorat qilish va yurak-qon tomir tizimi holatini baholab borish shunchalik muhim. Yuqori qon bosimida qanday alomatlar paydo bo‘lishi mumkin? Gipertoniyaning asosiy xususiyatlaridan biri — u ko‘pincha yaqqol alomatlarsiz kechishidir. Inson o‘zini mutlaqo yaxshi his qilishi, biroq arterial qon bosimi doimiy ravishda yuqori bo‘lishi mumkin. Qon bosimi sezilarli darajada oshganda yoki asoratlar rivojlanganda quyidagi alomatlar kuzatilishi mumkin: • bosh og‘rig‘i; • bosh aylanishi; • holsizlik; • hansirash; • yurak urishining tezlashishi yoki ritmining buzilishi; • ko‘krak qafasida og‘riq yoki noqulaylik; • ko‘rishning yomonlashishi; • jismoniy yuklamaga chidamlilikning pasayishi. Biroq bu alomatlar faqat gipertoniyaga xos emas. Faqat o‘z holatingizga qarab xulosa chiqarish mumkin emas. Arterial qon bosimingizni bilishning eng ishonchli usuli — uni o‘lchash. Nega yuqori qon bosimi yurak uchun xavfli? Arterial qon bosimi doimiy ravishda yuqori bo‘lganda, yurak katta yuklama ostida ishlashga majbur bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan bu yurak mushagi va qon tomirlarida o‘zgarishlarga olib kelishi, shuningdek, yurak-qon tomir asoratlari xavfini oshirishi mumkin. Nazorat qilinmaydigan gipertoniya quyidagi holatlar xavfini oshiradi: • miokard infarkti; • insult; • yurak yetishmovchiligi; • yurak ritmining ayrim buzilishlari; • surunkali buyrak kasalligi; • ko‘z qon tomirlarining zararlanishi. Shu sababli o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va arterial qon bosimini muntazam nazorat qilish katta ahamiyatga ega. Uy sharoitida qon bosimini qanday to‘g‘ri o‘lchash kerak? To‘g‘ri o‘lchash texnikasi yanada ishonchli natija olishga yordam beradi. O‘lchashdan oldin taxminan 5 daqiqa tinch holatda o‘tirish tavsiya etiladi. Orqa suyanchiqka tayangan bo‘lishi, oyoqlar polga qo‘yilishi va chalishtirilmasligi, manjeta taqilgan qo‘l esa taxminan yurak balandligida turishi kerak. Uy sharoitida nazorat qilish uchun mos o‘lchamdagi manjetaga ega, klinik jihatdan tasdiqlangan avtomatik tonometrdan foydalanish tavsiya etiladi. Odatda ertalab va kechqurun 1–2 daqiqalik interval bilan ikki marta o‘lchash tavsiya qilinadi. Arterial qon bosimini dastlabki baholash uchun uni uy sharoitida bir necha kun davomida, optimal holatda taxminan 7 kun , o‘lchab, natijalarni qayd etib borish maqsadga muvofiq. O‘lchovlar kundaligi shifokorga arterial qon bosimi darajasini va davolash samaradorligini baholashga yordam beradi. Ayrim hollarda kardiolog arterial qon bosimini 24 soatlik monitoring qilish (ABPM/SMAД) tekshiruvini tavsiya qilishi mumkin. Arterial gipertoniya qanday tashxislanadi? Arterial qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorni tekshirish qon bosimi darajasini tasdiqlash, yurak-qon tomir xavfini baholash va nishon a’zolarda ehtimoliy zararlanishlarni aniqlashdan boshlanadi. Bemorning holatiga qarab shifokor quyidagi tekshiruvlarni tavsiya qilishi mumkin: • arterial qon bosimini takroran o‘lchash; • uy sharoitida arterial bosim nazorati yoki 24 soatlik monitoring; • elektrokardiografiya (EKG); • exokardiografiya; • qon va siydik tahlillari; • qondagi glyukoza va lipidlar darajasini aniqlash; • buyrak faoliyatini baholash; • albuminuriyani aniqlash; • ko‘rsatmalarga muvofiq qo‘shimcha tekshiruvlar. Tekshiruvning maqsadi faqat gipertoniya mavjudligini tasdiqlash emas, balki umumiy yurak-qon tomir xavfini aniqlash, qon bosimi oshishining ehtimoliy sabablarini topish va nishon a’zolar holatini baholashdan iborat. Gipertoniyani nazorat qilish mumkinmi? Ha. Aksariyat hollarda arterial qon bosimini samarali nazorat qilish mumkin. Shifokor turmush tarzini o‘zgartirishni, zarur hollarda esa dori vositalari bilan davolashni tavsiya qilishi mumkin. Quyidagilar katta ahamiyatga ega: • ortiqcha tana vaznini kamaytirish; • muntazam jismoniy faollik; • tuz iste’molini cheklash; • muvozanatli ovqatlanish; • chekishdan voz kechish; • spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilish yoki ulardan voz kechish; • yetarli va sifatli uyqu; • qondagi xolesterin va glyukoza miqdorini nazorat qilish; • arterial qon bosimini muntazam o‘lchab borish. Agar bemorga qon bosimini pasaytiruvchi preparatlar buyurilgan bo‘lsa, ko‘rsatkichlar me’yorlashganidan keyin ularni o‘zboshimchalik bilan to‘xtatish mumkin emas . Davolanish fonida qon bosimining me’yoriy bo‘lishi ko‘pincha terapiya samarali ishlayotganini anglatadi. Preparatni yoki uning dozasini faqat davolovchi shifokor bilan maslahatlashgandan so‘ng o‘zgartirish kerak. Qachon kardiologga murojaat qilish kerak? Quyidagi holatlarda shifokor konsultatsiyasi tavsiya etiladi: • arterial qon bosimi muntazam ravishda oshsa; • qon bosimi ko‘rsatkichlari odatdagidan yuqori bo‘lib qolsa; • yurak urishi tezlashsa yoki yurak faoliyatida uzilishlar sezilsa; • hansirash paydo bo‘lsa; • ko‘krak qafasida og‘riq yoki noqulaylik paydo bo‘lsa; • jismoniy yuklamaga chidamlilik pasaysa; • gipertoniya avval tashxislangan bo‘lsa-yu, qon bosimi barqaror bo‘lmasa; • avval buyurilgan davolash qon bosimini yetarli darajada nazorat qilmay qolsa. Yaqqol alomatlar paydo bo‘lishini kutish kerak emas. Yurak-qon tomir xavf omillari va nishon a’zolardagi zararlanishlar qanchalik erta aniqlansa, ularni nazorat qilishni shunchalik erta boshlash mumkin. Qachon shoshilinch tibbiy yordam kerak? Arterial qon bosimi juda yuqori bo‘lsa, ayniqsa ≥180/120 mm simob ustuni , bir necha daqiqa tinch holatda dam olgandan so‘ng qon bosimini qayta o‘lchash kerak. Agar qon bosimi shunday yuqori darajada qolsa, tibbiy yordamga murojaat qilish lozim. Agar juda yuqori qon bosimi fonida quyidagi alomatlar yuzaga kelsa: • ko‘krak qafasida kuchli og‘riq yoki yaqqol noqulaylik; • kuchli hansirash; • yuz, qo‘l yoki oyoqda to‘satdan kuchsizlik yoki uvishish; • nutqning buzilishi; • ko‘rishning to‘satdan yomonlashishi; • hushdan ketish; • boshqa to‘satdan paydo bo‘lgan og‘ir alomatlar, darhol shoshilinch tibbiy yordam chaqirish kerak. Yuqori qon bosimi bezovta qila boshlashini kutmang Arterial gipertoniya uzoq vaqt davomida sezilarli alomatlarsiz kechishi mumkin. Shuning uchun qon bosimini muntazam nazorat qilish muammoni o‘z vaqtida aniqlash va yurak-qon tomir asoratlari xavfini kamaytirishning eng oddiy usullaridan biridir. Agar arterial qon bosimingiz muntazam ko‘tarilayotganini sezsangiz yoki yurak-qon tomir tizimingiz holatini baholatmoqchi bo‘lsangiz, AKFA Medline University Hospital kardiologiga murojaat qiling. O‘z vaqtida o‘tkazilgan diagnostika yurak-qon tomir xavfini baholash, nishon a’zolardagi zararlanishlarni aniqlash va individual davolash taktikasini tanlashga yordam beradi. Yuragingiz haqida bugun qayg‘uring — uning salomatligini uzoq yillar saqlab qolish uchun
25 yildan ortiq ish tajribasiga ega urolog-onkourolog shifokor Yunusov Dilmurod Samixovich onkourologik kasalliklarning xavf omillari, dastlabki belgilari va zamonaviy davolash usullari haqida so‘zlab beradi. Onkourologik kasalliklar butun dunyo sog‘liqni saqlash tizimining dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2022-yilning o‘zida dunyo bo‘yicha prostata bezi, siydik pufagi va buyrak saratoni bilan bog‘liq 2,5 milliondan ortiq yangi holat qayd etilgan. Ushbu raqamlar onkologik kasalliklarni o‘z vaqtida tashxislash va erta bosqichlarda aniqlash naqadar muhimligini ko‘rsatadi . Chunki kasallik erta aniqlanganda, davolashning maqbul usulini tanlash imkoniyatlari kengroq bo‘lishi mumkin . Ushbu maqolada urolog-onkourolog shifokor Yunusov Dilmurod Samixovich onkourologik kasalliklarning o‘ziga xos xususiyatlari, xavf omillari, belgilari, diagnostika va davolash usullari haqida batafsil ma’lumot beradi. 1. Onkourologiya nima? Onkourologiya nima va ushbu yo‘nalishga qanday kasalliklar kiradi? Onkologiya — o‘smalar, ularning paydo bo‘lish sabablari, aniqlash, davolash va oldini olish usullarini o‘rganuvchi tibbiyot sohasi. Oddiy qilib aytganda, har bir tirik organizm doimiy ravishda bo‘linadigan, qayta tiklanadigan, o‘sadigan va tashqi muhitga moslashadigan hujayralardan tashkil topgan. Onkolog ushbu tabiiy jarayonlar buzilishi natijasida yuzaga keladigan kasalliklarni o‘rganish va davolash bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisdir Genetik yoki epigenetik omillar ta’sirida hujayralarning tuzilishi va faoliyatida o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Agar bunday o‘zgarishlar faqat bitta yoki bir nechta hujayrada kuzatilsa, ularni aniqlash odatda qiyin bo‘ladi. Immun tizimi ko‘plab anomal hujayralarni aniqlab, ular jiddiy patologik o‘zgarishlarga olib kelishidan oldin yo‘q qilishga qodir. Biroq anomal hujayralar nazoratsiz ko‘payib, to‘planib borsa, o‘sma hosil bo‘lishi mumkin.O‘smalar yaxshi sifatli va yomon sifatli turlarga bo‘linadi. Yomon sifatli o‘smalar saraton kasalliklari hisoblanadi. Ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, diagnostika va davolashda individual yondashuvni talab qiladi. Onkourologiya esa siydik ajratish tizimi va erkaklar reproduktiv a’zolarida paydo bo‘ladigan o‘smalarni, jumladan, buyrak, siydik pufagi, prostata bezi hamda siydik-tanosil tizimining boshqa a’zolari saratonini o‘rganish va davolash bilan shug‘ullanadi. Klinik amaliyotingizda onkourologik kasalliklarning qaysi turlari ko‘proq uchraydi? Jahon statistik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim urologik onkologik kasalliklar erkaklarda ko‘proq uchraydi. Prostata bezi saratoni dunyo bo‘yicha erkaklarda eng ko‘p aniqlanadigan onkologik kasalliklardan biridir. Siydik pufagi va buyrak saratoni ham siydik-tanosil tizimining keng tarqalgan onkologik kasalliklari qatoriga kiradi. Bizning klinik amaliyotimizda ham ushbu kasalliklarning uchrash ko‘rsatkichlari ko‘p jihatdan jahon epidemiologik ma’lumotlariga mos keladi. Biroq, yuqorida ta’kidlanganidek, inson organizmi butunlay hujayralardan tashkil topgan bo‘lib, ular hayot davomida ko‘plab bo‘linish va yangilanish jarayonlarini boshdan kechiradi. Shu sababli o‘smalar deyarli barcha a’zo va to‘qimalarda paydo bo‘lishi mumkin. Yevropa urologlar assotsiatsiyasi (European Association of Urology — EAU) urologik kasalliklar, jumladan, urologik saraton turlarining oldini olish, diagnostikasi, davolash va keyingi kuzatuviga oid klinik tavsiyalarni ishlab chiqadi. Ushbu tavsiyalar ilmiy tadqiqotlarning yangi natijalari va tibbiyotdagi yutuqlar asosida muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqiladi va yangilanadi. Biz mutaxassislar ham zamonaviy tibbiyotdagi ushbu o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishga va ilmiy dalillarga asoslangan eng so‘nggi tavsiyalarni kundalik klinik amaliyotimizda qo‘llashga intilamiz. Qaysi yosh guruhlarida onkourologik kasalliklarning rivojlanish xavfi yuqoriroq? Tasavvur qiling, odatiy ish kuningiz boshlandi. Kunning dastlabki soatlarida o‘zingizni tetik va yaxshi dam olgandek his qilasiz, vazifalaringizni aniq hamda samarali bajarasiz. Biroq kun davomida charchoq ortib borishi bilan ish unumdorligingiz pasayishi va xatoga yo‘l qo‘yish ehtimoli oshishi mumkin. Inson organizmida ham yosh ulg‘ayishi bilan ma’lum ma’noda shunga o‘xshash jarayonlar sodir bo‘ladi. Aksariyat onkologik kasalliklar yoshi katta insonlarda ko‘proq aniqlanadi. Vaqt o‘tishi bilan hujayralar ko‘p marotaba bo‘linadi va ularda genetik o‘zgarishlar to‘planishi mumkin. Bu esa hujayralarning yomon sifatli o‘smaga aylanish xavfini oshiradi. Bolalik davrida uchraydigan o‘smalar ko‘pincha genetik omillar bilan bog‘liq bo‘ladi. Katta yoshda rivojlanadigan onkologik kasalliklar esa to‘plangan genetik o‘zgarishlar, atrof-muhit ta’siri va boshqa xavf omillari, jumladan, kanserogen moddalar ta’sirining natijasi bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, onkourologik kasalliklar turli yoshdagi insonlarda rivojlanishi mumkin. Bemorni faqat yoshiga asoslanib tekshiruvdan istisno qilish to‘g‘ri emas. Shu bilan birga, epidemiologik ma’lumotlar yordamida kasallik rivojlanish xavfi yuqoriroq va nisbatan pastroq bo‘lgan guruhlarni ajratish imkoniyati mavjud. Masalan, prostata bezi saratoni haqida gapiradigan bo‘lsak, qo‘shimcha xavf omillari bo‘lmagan erkaklarga odatda 50 yoshdan boshlab prostata spetsifik antigeni (PSA) tahlilini topshirish masalasini shifokor bilan muhokama qilish tavsiya etiladi. Prostata bezi saratoni rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan, jumladan, ushbu kasallikka oilaviy moyilligi mavjud insonlarda esa bunday maslahatlashuvni ertaroq, taxminan 40–45 yoshdan boshlash mumkin. PSA tahlilini qaysi yoshdan boshlash va keyingi tekshiruvlarni qanday davriylikda o‘tkazish bemorning individual xavf omillari, umumiy salomatligi va amaldagi klinik tavsiyalar asosida belgilanadi. Xavf omillari va profilaktika usullarini yaxshiroq tushunish uchun mutaxassis maslahatidan o‘tishni tavsiya qilaman. Chunki bu har bir bemorga individual yondashuvni talab qiladigan keng qamrovli mavzudir. Nima uchun onkourologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash muhim? So‘nggi paytlarda odamlar orasida «Hozir saraton kasalliklari juda ko‘payib ketdi, ilgari bunday emas edi», degan fikrni tez-tez eshitamiz. Biroq biz, tibbiyot sohasi mutaxassislari, ilm-fan, tibbiy texnologiyalar va diagnostika imkoniyatlarining rivojlanishi ko‘plab onkologik kasalliklarni avvalgiga nisbatan ertaroq aniqlash imkonini berganini yaxshi bilamiz. Diagnostika usullarining takomillashuvi saraton kasalliklarini chuqurroq o‘rganish va yanada samarali davolash strategiyalarini ishlab chiqishga ham xizmat qilmoqda. Bugungi kunda ko‘plab onkologik kasalliklarni davolashning bir nechta usullari mavjud. Ularning tanlanishi kasallik turi, bosqichi va bemorning individual xususiyatlariga bog‘liq. Erta diagnostikaning ahamiyati shundaki, saraton kasalligi rivojlanib ketishidan oldin aniqlansa, davolash usullarini tanlash imkoniyatlari kengroq bo‘lishi va ijobiy natijaga erishish ehtimoli ortishi mumkin. Aksincha, kasallik kech bosqichda aniqlanganda, shifokor va bemor uchun mavjud davolash imkoniyatlari cheklanishi, kasallikni nazorat qilish esa murakkablashishi mumkin. 2. Asosiy sabablar va xavf omillari Buyrak, siydik pufagi va prostata bezi o‘smalarining rivojlanish xavfini qanday omillar oshiradi? Xavf omillari odatda ikki guruhga bo‘linadi: o‘zgartirish mumkin bo‘lgan va o‘zgartirib bo‘lmaydigan omillar. O‘zgartirish mumkin bo‘lgan xavf omillariga insonning turmush tarzi, ovqatlanishi, jismoniy faolligi va zararli odatlari bilan bog‘liq omillar kiradi. O‘zgartirib bo‘lmaydigan xavf omillari esa insonning bevosita nazoratiga bog‘liq bo‘lmagan xususiyatlar, masalan, yosh, irsiy moyillik va ayrim nasliy belgilarni o‘z ichiga oladi. Chekish turli onkologik kasalliklar, jumladan, ayrim urologik saraton turlari rivojlanishining oldini olish mumkin bo‘lgan eng muhim xavf omillaridan biridir Semizlik, ish faoliyati yoki atrof-muhit orqali ayrim sanoat kimyoviy moddalari va kadmiy kabi zararli moddalarga ta’sirlanish, shuningdek, spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish ham o‘zgartirish mumkin bo‘lgan xavf omillari qatoriga kiradi. Irsiy moyillik va ayrim mavjud surunkali kasalliklar esa boshqa muhim xavf omillari hisoblanadi. Jumladan, surunkali buyrak kasalligi buyrak saratoni rivojlanish xavfining ortishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.Shuni unutmaslik kerakki, har bir xavf omilining ahamiyati saraton kasalligining muayyan turiga qarab farq qiladi. 3. E’tibor qaratish zarur bo‘lgan alomatlar Onkourologik kasalliklar mavjudligidan darak berishi mumkin bo‘lgan dastlabki alomatlar qanday? Onkourologiyaning asosiy murakkabliklaridan biri shundaki, kasallik belgilari nisbatan kech bosqichlarda paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘plab onkourologik kasalliklar, ayniqsa, dastlabki bosqichlarda sezilarli alomatlarsiz rivojlanadi. Shu sababli bemorlar ko‘pincha boshqa kasallik yuzasidan tekshiruvdan o‘tayotganda yoki profilaktik ko‘rik davomida tasodifan aniqlangan patologik o‘zgarishlar bilan bizga murojaat qilishadi. Shunga qaramay, urologik amaliyotdagi eng muhim ogohlantiruvchi belgilardan biri gematuriya, ya’ni siydikda qon mavjudligidir. Gematuriyaning ikki asosiy turi mavjud: • Makrogematuriya — siydikda qonning oddiy ko‘z bilan ko‘rinishi. Bunda siydik pushti, qizil yoki jigarrang tusga kirishi mumkin. • Mikrogematuriya — siydikdagi qon oddiy ko‘z bilan ko‘rinmaydi va faqat laboratoriya tekshiruvlari orqali aniqlanadi. Prostata bezi kasalliklarida pastki siydik yo‘llari bilan bog‘liq alomatlar ham kuzatilishi mumkin. Ularga siydik oqimining o‘zgarishi yoki sustlashishi, siydik chiqarishga to‘satdan paydo bo‘ladigan va ushlab turish qiyin bo‘lgan kuchli qistov hissi (imperativ qistov), siydik pufagi to‘liq bo‘shamaganlik hissi hamda nikturiya, ya’ni tunda siydik chiqarish uchun uyqudan qayta-qayta uyg‘onish kiradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu alomatlar faqat onkologik kasalliklarga xos emas. Ular turli yaxshi sifatli urologik kasalliklarda ham uchrashi mumkin. Biroq bunday belgilar kuzatilganda, ularning asl sababini aniqlash va zarur hollarda xavfli o‘sma mavjudligini istisno qilish uchun tegishli tibbiy tekshiruvdan o‘tish lozim. Agar sizda yuqorida sanab o‘tilgan alomatlardan biri kuzatilsa, malakali mutaxassisga murojaat qilishni kechiktirmang. Siydikda qon paydo bo‘lishi qanday kasalliklardan darak berishi mumkin? Siydikda qon paydo bo‘lishi siydik chiqarish kanali (uretra), siydik pufagi, siydik nayi (ureter) yoki buyrakdagi o‘smalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.Tajribali urolog siydikning rangi va qon ketish xususiyatlarini dastlabki klinik baholashda hisobga olishi mumkin. Biroq faqat ushbu belgilarning o‘zi qon ketish manbasini ishonchli aniqlash uchun yetarli emas. Gematuriya onkologik bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ham yuzaga kelishi mumkin. Jumladan, siydik yo‘llari infeksiyalari, siydik-tosh kasalligi, siydik yo‘llarining shikastlanishi yoki ayrim dori vositalarining nojo‘ya ta’siri bunga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun siydikda qon aniqlangan har qanday holatda uning sababini aniqlash uchun tegishli tibbiy tekshiruvdan o‘tish zarur. 4. Onkourologik kasalliklar diagnostikasi Onkourologik kasallikka shubha qilinganda, bemorni tekshirish nimadan boshlanadi? Diagnostika jarayoni qaysi turdagi onkologik kasallikka shubha qilinayotganiga bog‘liq. Prostata bezi saratoniga shubha qilinganda, dastlabki tekshiruvlar prostata spetsifik antigeni (PSA) miqdorini aniqlash, barmoq bilan rektal tekshiruv va prostata bezining multiparametrik magnit-rezonans tomografiyasini (MRT) o‘z ichiga olishi mumkin. Siydik pufagi saratoniga shubha qilinganda sistoskopiya o‘tkaziladi. Bu maxsus optik asbob yordamida siydik pufagining ichki yuzasini ko‘zdan kechirish imkonini beruvchi diagnostik muolajadir. Agar tekshiruv davomida shubhali o‘sma aniqlansa, transuretral rezeksiya yoki biopsiya orqali to‘qima namunasi olinib, gistopatologik tekshiruvga yuboriladi. Buyrak saratoniga shubha qilinganda, buyraklar va ularning atrofidagi anatomik tuzilmalarni baholash uchun kontrast modda bilan kompyuter tomografiyasi (KT) o‘tkaziladi. Ko‘p fazali KT tekshiruvi kontrast modda vena ichiga yuborilganidan so‘ng bir necha bosqichda amalga oshirilishi mumkin: • Arterial faza — kontrast modda yuborilganidan taxminan 20–30 soniya o‘tgach. • Nefrografik faza — kontrast modda yuborilganidan taxminan 80–120 soniya o‘tgach. • Ekskretor yoki kechiktirilgan faza — kontrast modda yuborilganidan taxminan 5–15 daqiqa o‘tgach. Tekshiruvning aniq protokoli va tasvirga olish vaqti klinik ko‘rsatmalar hamda diagnostika maqsadlariga qarab belgilanadi. Qanday hollarda biopsiya o‘tkazish zarur? Siydik pufagi yoki prostata bezida shubhali o‘sma aniqlanganda, aniq tashxis qo‘yish va o‘smaning xususiyatini aniqlash uchun odatda biopsiya yoki to‘qima namunasini olish talab etiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘smalar yaxshi sifatli yoki yomon sifatli bo‘lishi mumkin. Gistopatologik tekshiruv mutaxassislarga o‘sma to‘qimasining xususiyatlarini aniqlash va aniq tashxis qo‘yish imkonini beradi. Ushbu tekshiruv natijalari keyingi davolash taktikasini belgilash va bemor uchun kasallik prognozini baholashda muhim ahamiyatga ega. 5. Onkourologik kasalliklarni davolash Buyrak, siydik pufagi va prostata bezi o‘smalarini davolashda qanday usullar qo‘llaniladi? Davolash usuli o‘smaning joylashuvi, turi, kasallikning bosqichi va bemorning umumiy salomatligiga qarab tanlanadi Buyrak o‘smalarida jarrohlik davolashning ikki asosiy usuli qo‘llanilishi mumkin. Birinchisi — radikal nefrektomiya, ya’ni zararlangan buyrakni to‘liq olib tashlash. Ikkinchisi — buyrakning qisman rezeksiyasi, ya’ni o‘smani olib tashlagan holda buyrakning sog‘lom qismini saqlab qolish. Operatsiya davomida olib tashlangan to‘qima gistopatologik tekshiruvga yuboriladi. Ushbu tekshiruv natijalari, kasallik bosqichi va boshqa klinik omillar asosida bemorga qo‘shimcha davolash yoki muntazam kuzatuv zarurligi aniqlanadi. Siydik pufagi saratonida esa davolash taktikasi, avvalo, o‘smaning siydik pufagi devoridagi mushak qavatiga o‘sib kirgan yoki kirmaganiga bog‘liq. Mushak qavatiga invaziya qilmagan siydik pufagi saratonida odatda o‘smaning transuretral rezeksiyasi (TURBT) amalga oshiriladi. O‘smaning xususiyatlari va xavf darajasiga qarab, qo‘shimcha intravezikal davolash, ya’ni dori vositalarini siydik pufagiga yuborish hamda muntazam kuzatuv tavsiya etilishi mumkin. Mushak qavatiga invaziya qilgan siydik pufagi saratonida, tegishli klinik ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa, operatsiyadan oldin neoadyuvant kimyoterapiya o‘tkazilib, undan so‘ng radikal sistektomiya, ya’ni siydik pufagini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti bajarilishi mumkin. Bemorning umumiy holati va kasallikning o‘ziga xos xususiyatlariga qarab, boshqa davolash usullari ham ko‘rib chiqiladi. Mahalliy prostata bezi saratonida esa faol kuzatuv, radikal prostatektomiya, ya’ni prostata bezini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash hamda radioterapiya kabi davolash usullari qo‘llanilishi mumkin. ProtecT klinik tadqiqoti natijalari mahalliy prostata bezi saratoni aniqlangan ayrim bemorlarda uzoq muddatli kuzatuv davomida faol monitoring, jarrohlik davolash va radioterapiyadan keyin prostata saratoni bilan bog‘liq o‘lim ko‘rsatkichlari past bo‘lganini ko‘rsatdi. Biroq ushbu yondashuvlar kasallikning rivojlanishi, nojo‘ya ta’sirlari va bemorning hayot sifatiga ta’siri jihatidan farqlanadi. Shuning uchun davolash usuli bemor holatini har tomonlama baholash va davolovchi mutaxassis bilan batafsil maslahatlashuvdan so‘ng individual ravishda tanlanishi kerak. Qanday hollarda bemorga jarrohlik amaliyoti zarur bo‘ladi va onkourologiyada qanday minimal invaziv jarrohlik usullari qo‘llaniladi? Onkourologiyada diagnostika va jarrohlik davolash maqsadida minimal invaziv usullar keng qo‘llaniladi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, prostata bezi va siydik pufagi saratoniga shubha qilinganda to‘qima namunasini olish diagnostikaning muhim bosqichlaridan biridir. Prostata bezi biopsiyasi odatda maxsus igna yordamida ultratovush tekshiruvi (UTT) nazorati ostida amalga oshiriladi. To‘qima namunasini olish jarayonida MRT tekshiruvi natijalaridan ham foydalanish mumkin. Ushbu usul odatiy jarrohlik kesmasisiz to‘qima namunasini olish imkonini beradi. Siydik pufagi biopsiyasi va transuretral rezeksiya esa siydik chiqarish kanali orqali kiritiladigan endoskopik asboblar yordamida amalga oshiriladi. Bunda ham tashqi jarrohlik kesmasi talab etilmaydi. Jarrohlik davolash zarur bo‘lgan holatlarda, ayrim urologik onkologik kasalliklarni davolash uchun laparoskopik va robot-assistentli jarrohlik usullaridan foydalanish mumkin. An’anaviy ochiq jarrohlik bilan taqqoslaganda, to‘g‘ri tanlangan bemorlarda ushbu usullar jarrohlik kesmalarining hajmini kamaytirish, operatsiyadan keyingi og‘riqni yengillashtirish va tiklanish jarayonini tezlashtirish imkonini berishi mumkin. Jarrohlikdan keyingi tiklanishni jadallashtirishga qaratilgan ERAS (Enhanced Recovery After Surgery) protokollari bemorning erta faollashuvi va tezroq sog‘ayishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Operatsiya turi va bemorning operatsiyadan keyingi holatiga qarab, bemorni dastlabki soatlardanoq harakatlantirish mumkin. Ayrim hollarda bemor operatsiyadan taxminan olti soat o‘tgach oyoqqa turishi mumkin. Biroq bemorning qachon harakatlana boshlashi va umumiy tiklanish jarayoni har bir holatda individual ravishda belgilanadi. 6. Profilaktika va erta aniqlash Ayrim onkourologik kasalliklarning rivojlanish xavfini kamaytirishga qanday choralar yordam beradi? Turmush tarzini o‘zgartirish ayrim onkologik kasalliklarning rivojlanish xavfini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Asosiy profilaktik choralar qatoriga chekishni tashlash, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni cheklash yoki ulardan voz kechish, muntazam jismoniy faollik bilan shug‘ullanish, sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish hamda tana vaznini me’yorida saqlash kiradi. Shuningdek, zararli moddalar ta’siridan imkon qadar saqlanish va profilaktik tibbiy tavsiyalarga amal qilish muhimdir. Skrining tekshiruvlari individual xavf omillari va amaldagi klinik tavsiyalar asosida o‘tkazilishi lozim. Ushbu choralar saraton kasalligi rivojlanish xavfini butunlay bartaraf eta olmasa-da, ayrim yomon sifatli o‘smalar paydo bo‘lish ehtimolini kamaytirish va umumiy salomatlikni yaxshilashga yordam beradi. Kimlarga va qanday holatlarda urologning profilaktik ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi? Urologning profilaktik ko‘rigidan o‘tish, ayniqsa, urologik kasalliklar rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan insonlar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Oilaviy anamnezida onkourologik kasalliklar mavjud bo‘lgan, ya’ni yaqin qarindoshlari ushbu kasalliklarga chalingan insonlar, shuningdek, yuqorida sanab o‘tilgan xavotirli alomatlarni sezayotgan bemorlar uchun urolog nazoratida bo‘lish ayniqsa muhimdir. Skrining tekshiruvlariga ehtiyoj va profilaktik ko‘riklarning davriyligi mutaxassis tomonidan har bir bemor uchun individual ravishda belgilanadi. Onkologik kasalliklarga irsiy moyilligi bo‘lgan bemorlarga qanday tavsiyalar berasiz? Bunday bemorlarga o‘z sog‘lig‘iga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashish, muntazam ravishda profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tish hamda shifokor tomonidan tavsiya etilgan skrining jadvaliga qat’iy rioya qilishni maslahat beraman. Oilaviy anamnezida onkologik kasalliklar mavjud bo‘lgan bemorlar individual xavf omillarini mutaxassis bilan muhokama qilishlari lozim. Zarur hollarda qo‘shimcha tekshiruvlar yoki tibbiy-genetik maslahat tavsiya etilishi mumkin. 7. Xulosa: mutaxassis fikri O‘zida xavotirli alomatlarni sezayotgan, biroq ehtimoliy tashxisdan qo‘rqib, urologga murojaat qilishni kechiktirayotgan bemorlarga qanday maslahat berasiz? Qo‘rquv umringizni uzaytirmaydi, ammo jasorat hayotingizni saqlab qolishi mumkin! Ehtimoliy tashxisdan qo‘rqish shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilishingizga to‘sqinlik qilmasin. Unutmang, shifokoringiz doimo sizning yoningizda. Bizning vazifamiz — sizni qo‘llab-quvvatlash, aniq tashxis qo‘yish va individual holatingizga mos eng maqbul davolash taktikasini tanlashdir. Agar o‘zingizda xavotirli alomatlarni sezayotgan bo‘lsangiz yoki shubhali o‘sma yoxud boshqa patologik hosila mavjudligidan xabardor bo‘lsangiz, o‘z vaqtida tibbiy yordam olish imkoniyatini boy bermang. Kasallikni erta aniqlash davolash imkoniyatlarini kengaytirishi va ijobiy natijaga erishish ehtimolini oshirishi mumkin.
Rustamov Bahrom Rustamovich —androlog, urolog 19 yillik ish tajribasiga ega mutaxassis. Uning professional faoliyatining asosiy yo‘nalishlari — erkaklar reproduktiv salomatligi, bepushtlik, erektil disfunksiya, varikotsele, azoospermiya va boshqa murakkab andrologik kasalliklarni diagnostika hamda davolash. Bahrom Rustamovichning amaliy faoliyatida mikrojarrohlik alohida o‘rin tutadi . O‘zbekistonda og‘ir erkaklar bepushtligi va azoospermiyani davolashda Micro-TESE va vazoepididimostomiya kabi mikrojarrohlik usullarini joriy etgan mutaxassisdir. Shuningdek, varikotsele mikrojarrohligi, Peyroni kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash va erektil disfunksiyada penile implantatsiya uning faoliyat yo‘nalishlariga kiradi. Bepushtlik — faqat ayollar muammosi emas Bepushtlik bugungi kunda reproduktiv salomatlikning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda reproduktiv yoshdagi har 6 kishidan taxminan 1 nafari hayoti davomida bepushtlik muammosiga duch keladi. 2025-yilda Markaziy Osiyoda erkaklar bepushtligi bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy tahlilda O‘zbekiston va Qozog‘istonda bepusht juftliklarning o‘rtacha ulushi 15–17% atrofida ekani, ushbu holatlarning 40–50% ida erkak omili aniqlanishi qayd etilgan. Tadqiqotning o‘zida esa bepushtlik muammosi bilan murojaat qilgan 957 bemor orasida izolyatsiyalangan erkak omili 52,9% holatda aniqlangan. Erkaklarda bepushtlik spermatozoidlar sonining kamayishi yoki umuman bo‘lmasligi, ularning harakatchanligi va tuzilishidagi o‘zgarishlar, reproduktiv yo‘llardagi to‘siqlar, gormonal buzilishlar, varikotsele va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, homiladorlik uzoq vaqt davomida yuz bermaganda, ko‘pincha birinchi navbatda ayol tekshiruvdan o‘tadi. Aslida esa reproduktiv salomatlik — juftlik salomatligi . Shu sababli biz androlog Bahrom Rustamovich bilan erkaklar bepushtligining sabablari, diagnostikasi, davolash va zamonaviy mikrojarrohlik imkoniyatlari haqida suhbatlashdik. Erkaklar bepushtligiga ko'proq qanday kasallik va holatlar sabab bo'ladi? Eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri — varikotsele, ya’ni moyakdagi tomirlarning kengayishi. Bu holat moyakdagi haroratning oshishi va qon aylanishining buzilishiga olib kelib, spermatogenezga salbiy ta’sir qiladi.Ikkinchi muhim guruh — gormonal buzilishlar, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar asoratlari, urug‘ yo‘llarining berkilishi, shuningdek, kriptorxizm va genetik kasalliklar (masalan, Klaynfelter sindromi).Bundan tashqari, chekish, alkogol iste’mol qilish, semirish va uzoq vaqt davomida issiq muhitda bo‘lish ham sperma sifatini pasaytirishi mumkin. Ko‘pchilik hollarda sabab aniqlanadi va tegishli davolash choralarini ko‘rish mumkin. Erkak o'zini butunlay sog'lom his qilsa ham reproduktiv muammo bo'lishi mumkinmi? Ha, bu juda ko‘p uchraydigan holat — ereksiya, jinsiy xohish va umumiy sog‘lomlik hissi spermogramma ko‘rsatkichlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq emas. Masalan, varikotsele yoki yengil gormonal o‘zgarishlar yillar davomida hech qanday belgi bermasdan, sperma sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun jinsiy hayot muntazam bo‘lib, 1 yil davomida homiladorlik kuzatilmasa, o‘zini qanday his qilishidan qat’i nazar, spermogramma topshirish tavsiya etiladi. Erkakning tekshiruvi nimadan boshlanadi? Tekshiruv avvalo batafsil so‘rov va ko‘rikdan boshlanadi — shifokor turmush tarzi, o‘tgan kasalliklar, jarrohlik amaliyotlari va qabul qilinayotgan dorilar haqida so‘raydi. So‘ngra jinsiy a’zolarni obyektiv ko‘rikdan o‘tkazadi. Asosiy va majburiy test — spermogramma. U urug‘ hujayralarining soni, harakatchanligi va tuzilishini baholaydi. Zarur bo‘lsa, gormonal tahlillar va UZI tekshiruvlari buyuriladi. Spermogramma natijasi yaxshi bo'lmasa, bu erkak bepusht deganimi? Yo‘q, bitta spermogramma natijasining yomon bo‘lishi hali «bepushtlik» tashxisi degani emas — sperma sifatiga kasallik, stress, issiqlik yoki uzoq muddat jinsiy tiyilish vaqtinchalik ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun natija shubhali bo‘lsa, 2–3 hafta o‘tgach, takroriy spermogramma topshirish tavsiya etiladi. Tashxis faqat bir nechta tahlil va umumiy klinik ko‘rinish asosida qo‘yiladi. Erkaklar bepushtligini har doim dori vositalari bilan davolash mumkinmi? Yo‘q, har doim emas — davolash usuli aniqlangan sababga bog‘liq bo‘ladi. Agar gormonal buzilish bo‘lsa, dori vositalari yaxshi natija beradi. Lekin varikotsele yoki urug‘ yo‘llari yopilib qolgan bo‘lsa, mikrojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish kerak bo‘ladi. Ayrim og‘ir holatlarda yordamchi reproduktiv texnologiyalar — EKU/ICSI qo‘llaniladi. Shuning uchun davolash har doim individual tarzda tanlanadi. Qaysi holatlarda mikrojarrohlik amaliyotlari qo'llaniladi? Mikrojarrohlik usullari kasallik turiga qarab tanlanadi. Misol uchun, varikotsele darajasi yuqori bo‘lsa, mikrojarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti bajariladi. Urug‘ yo‘llari yopilgan bo‘lsa, vazoepididimostomiya, ya’ni urug‘ yo‘llarini qayta tiklash operatsiyasi amalga oshiriladi. Urug‘donda spermatozoidlar ishlab chiqarilishi buzilgan holatlarda esa urug‘ hujayralarini topish uchun Micro-TESE usuli qo‘llaniladi. Micro-TESE nima va u kimlarga tavsiya qilinadi? Micro-TESE — operatsion mikroskop yordamida urug‘don to‘qimasidan urug‘ hujayralarini topib olish usuli. U asosan noobstruktiv azoospermiyada, ya’ni urug‘donning o‘zi yetarli miqdorda spermatozoid ishlab chiqara olmaydigan holatlarda tavsiya etiladi. Mikroskop orqali faol spermatozoidlar ishlab chiqarilayotgan to‘qima qismlarini aniq topish muvaffaqiyat ehtimolini oshiradi. Topilgan hujayralar keyinchalik EKU/ICSI jarayonida qo‘llaniladi. Azoospermiya — farzand ko'rish imkoniyati yo'q deganimi? Yo‘q, bu hukm emas. Agar azoospermiya urug‘ yo‘llarining berkilishi sababli yuzaga kelgan bo‘lsa, ko‘p hollarda jarrohlik orqali uni ochish va to‘liq tuzatish mumkin. Noobstruktiv turida esa Micro-TESE usuli orqali urug‘dondan spermatozoidlarni topish imkoniyati mavjud. Topilgan hujayralar EKU/ICSI uchun ishlatiladi. Demak, aniq tashxis va to‘g‘ri yo‘nalish bilan ko‘pchilik biologik ota bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Varikotsele erkaklar bepushtligiga ta'sir qiladimi? Ha, varikotsele — erkaklar bepushtligining eng ko‘p uchraydigan va tuzatiladigan sabablaridan biri. Moyakdagi venalarning kengayishi mahalliy haroratni oshirib, urug‘dondagi spermatozoid ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir qiladi. Bu holat ko‘pincha hech qanday belgi bermaydi, shuning uchun faqat ko‘rik yoki UZI tekshiruvi orqali aniqlanadi. Darajasiga qarab, u operatsiya orqali muvaffaqiyatli davolanadi va sperma sifati sezilarli darajada yaxshilanishi mumkin. Varikotseleni mikrojarrohlik usulida davolashning o'ziga xos tomoni nimada? Mikrojarrohlik usulining asosiy afzalligi — operatsion mikroskop yordamida kengaygan venalarni aniq topib, atrofdagi arteriya va urug‘ yo‘lini shikastlamasdan bog‘lash imkonini berishidir. Bu usul qaytalanish va asoratlar ehtimolini ochiq yoki laparoskopik operatsiyaga nisbatan ancha pasaytiradi. Tiklanish davri qisqa bo‘lib, bemorlar bir-ikki kun ichida odatiy hayotiga qaytishi mumkin. Androlog faqat bepushtlik bilan shug'ullanadimi? Yo‘q, androlog erkaklarning reproduktiv va jinsiy salomatligining keng doirasida ishlaydi. Bepushtlikdan tashqari, jinsiy zaiflik, testosteron tanqisligi, barvaqt eyakulyatsiya, jinsiy a’zo egriligi va jarohatlari, Peyroni kasalligi kabi holatlar ham uning ish sohasiga kiradi. Shuningdek, u urug‘don va prostata bilan bog‘liq ayrim funksional muammolarni ham davolaydi. Demak, androlog — erkaklar salomatligining keng spektrini qamrab oluvchi mutaxassis. Erektil disfunksiyada ham jarrohlik davolash qo'llaniladimi? Ha, lekin faqat ma’lum holatlarda — asosan, dori vositalari va turmush tarzini o‘zgartirish natija bermagan paytda ko‘rib chiqiladi. Ayrim bemorlarda zarb to‘lqin terapiyasi yoki olatga qilinadigan inyeksiyalardan ham foydalanish mumkin. Og‘ir organik erektil disfunksiyada penil implant o‘rnatish operatsiyasi yuqori samarali yechim hisoblanadi. Umuman, jarrohlik — so‘nggi qadam. Avval yengilroq va kam invaziv usullar sinab ko‘riladi. Sizning davolashdagi asosiy tamoyilingiz nima? Men davolashda har bir bemorga individual yondashish va aniq sababga yo‘naltirilgan terapiyani asosiy tamoyil deb bilaman. Davolash isbotlangan tibbiyot standartlariga asoslanishi va imkon qadar kam invaziv usullardan boshlanishi kerak. Shuningdek, bemorlar bilan ochiq, hurmatli va hijolatsiz muloqot qilish muhim — bu muammo uyat emas, balki tibbiy vazifa. Maqsad — faqat simptomni emas, balki muammoning ildizini bartaraf etish. Farzand ko'rishda qiyinchilikka duch kelayotgan erkaklarga qanday tavsiya berasiz? Avvalo, vaqtni boy bermasdan mutaxassisga murojaat qilishni tavsiya qilaman — muammoni erta aniqlash davolashni osonlashtiradi. Spermogramma — oddiy va qulay birinchi qadam, undan hijolat bo‘lish kerak emas. Shuningdek, chekishdan voz kechish, alkogolni cheklash va ortiqcha issiqlikdan saqlanish kabi turmush tarzi o‘zgarishlari ham foyda beradi.Eng muhimi — rafiqa bilan birga, ikki tomonlama tekshiruvdan o‘tish tezroq natijaga olib keladi. Androlog konsultatsiyasiga yoziling Farzand rejalashtirishda qiyinchilikka duch kelayotgan bo‘lsangiz yoki erkaklar reproduktiv va jinsiy salomatligi bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa, AKFA Medline andrologi Rustamov Bahrom Rustamovich konsultatsiyasiga yozilishingiz mumkin. Mutaxassis holatingizni baholaydi, zarur tekshiruvlarni belgilaydi va natijalarga ko‘ra individual davolash taktikasini tavsiya qiladi.
Современная медицина развивается с невероятной скоростью, и то, что еще вчера казалось сюжетом из научной фантастики, сегодня реально спасает жизни. Когда речь заходит о хирургическом вмешательстве, естественной реакцией любого человека является тревога. Страх перед болью, долгим восстановлением, тяжелым наркозом и крупными шрамами заставляет многих откладывать жизненно важный визит к врачу. Однако с появлением роботизированной хирургии в Узбекистане правила игры радикально изменились. Университетская клиника AKFA Medline стала первым медицинским центром в стране, внедрившим передовую хирургическую роботическую систему EDGE MP1000. Это историческое событие означает, что медицина мирового класса теперь доступна дома. Разрушаем мифы: кто на самом деле проводит операцию? Самый частый вопрос, который возникает у пациентов, когда они слышат словосочетание «роботизированная хирургия Узбекистан»: «Неужели меня будет оперировать автономная машина? А вдруг программа даст сбой?» Ответ категоричен и однозначен: нет. Робот не принимает решений, не обладает искусственным интеллектом для проведения операций и не делает ни одного самостоятельного или случайного движения. Наш AKFA Medline робот — это высокотехнологичный ассистент, идеальное и сверхточное продолжение рук опытного хирурга. Во время операции врач не стоит над пациентом, а с комфортом располагается за специальной консолью управления в той же операционной. Система мгновенно переводит движения его пальцев и кистей в микроскопические, плавные и абсолютно точные движения миниатюрных инструментов внутри тела пациента. Роботизированные манипуляторы обладают уникальной конструкцией — они имеют семь степеней свободы. Это значит, что они могут вращаться на 360 градусов, сгибаться и проникать в такие глубокие и труднодоступные зоны малого таза, куда физически не дотянется рука человека или традиционный лапароскопический инструмент. Более того, встроенная компьютерная технология фильтрации тремора полностью устраняет малейшее естественное дрожание рук хирурга. Одновременно с этим 3D-камера высокого разрешения дает врачу объемное изображение операционного поля с 10–20-кратным увеличением. Хирург видит мельчайшие капилляры и тончайшие нервы так отчетливо, как если бы они находились прямо перед его глазами под мощным микроскопом. Опыт пациента: от подготовки до быстрого возвращения домой. Как именно проходит роботизированная операция для пациента? Забудьте о пугающих картинах из прошлого. Вместо традиционного большого разреза через весь живот, который сильно травмирует мышцы и требует долгих недель болезненного заживления, хирург делает всего несколько крошечных проколов размером от 0,5 до 1 сантиметра. Через эти микро-доступы вводятся миниатюрная камера и хирургические инструменты. Преимущества такого малоинвазивного подхода для организма пациента колоссальны: ● Минимальная кровопотеря: благодаря непревзойденной точности манипуляторов и качественной 3D-визуализации риск задеть здоровые кровеносные сосуды сводится к абсолютному минимуму. Часто переливание крови вообще не требуется. ● Отсутствие сильной послеоперационной боли: меньше травма тканей означает, что пациенту требуется значительно меньше сильных обезболивающих препаратов после пробуждения. ● Быстрая выписка и восстановление: если после традиционной открытой операции пациент проводит в больничной палате мучительные 5–7 дней, то после вмешательства с EDGE MP1000 госпитализация сокращается до 1–2 дней. ● Эстетический результат: крошечные проколы заживают очень быстро и оставляют после себя лишь едва заметные следы, что особенно важно для психологического комфорта. Самое главное в роботизированной хирургии — это возможность максимально быстро вернуться к своей семье, обнять детей, заняться любимым делом и выйти на работу, оставив болезнь в прошлом. Малоинвазивная урология Ташкент: от лечения опухолей до спасения почек Специфический жаркий и сухой климат Узбекистана, а также особенности минерального состава местной питьевой воды делают урологические проблемы, в частности мочекаменную болезнь (уролитиаз), крайне распространенными в нашем регионе. В отделении урологии AKFA Medline применяется комплексный, многоуровневый подход к этой серьезной проблеме. Для небольших камней мы успешно используем новейшие технологии дистанционной литотрипсии — дробление камней сфокусированными ультразвуковыми волнами без единого разреза и прокола. Однако в запущенных случаях, при наличии крупных коралловидных камней, которые невозможно раздробить, или при сочетании мочекаменной болезни с врожденными аномалиями сужения мочеточника, на помощь приходит робот EDGE MP1000. Система позволяет хирургу ювелирно вскрыть ткани, извлечь крупные камни целиком, не повредив почку, и филигранно сшить пути оттока мочи. Кроме того, роботизированная хирургия сегодня является мировым золотым стандартом в лечении онкологических заболеваний. При лечении опухолей почек робот позволяет провести резекцию — удалить только пораженный раком участок, сохранив саму почку и ее функцию. А при сложнейших операциях на предстательной железе (простатэктомии по поводу рака простаты) сверхточное сохранение тончайших нервных пучков вокруг органа дает возможность сохранить мужское здоровье, потенцию, полный контроль над мочеиспусканием и высочайшее качество жизни. Роботическая гинекология: бережная забота о женском здоровье Для любой женщины новость о необходимости хирургического вмешательства часто звучит пугающе. Миомы матки, крупные кисты яичников, тяжелые формы эндометриоза, опущения органов малого таза или необходимость полного удаления матки (гистерэктомии) — это диагнозы, требующие не только высочайшего хирургического профессионализма, но и исключительной деликатности и психологической чувствительности. Роботическая гинекология в AKFA Medline создана специально для того, чтобы лечение проходило с максимальным уважением к женскому телу. Использование системы EDGE MP1000 позволяет проводить сложнейшие органосохраняющие операции, которые ранее считались невозможными при лапароскопии. Например, при удалении множественных крупных миом хирург может виртуозно, в несколько слоев наложить швы на стенку матки с помощью гибких роботизированных кистей. Это критически важно для надежного восстановления мышечного слоя матки у женщин, планирующих беременность и материнство в будущем. Минимальное вмешательство, отсутствие крупных шрамов и скорейшее восстановление означают, что мать или супруга может быстрее вернуться к своей семье, детям и привычной жизни. Это по-настоящему бережная хирургия, которая не оставляет тяжелых следов ни на теле, ни в душе женщины. Превосходство технологий: многопрофильное применение EDGE MP1000 Система EDGE MP1000 — это передовая, многофункциональная инновационная платформа. Она с огромным успехом применяется не только в таких сферах, как урология и гинекология, но и в гастроэнтерологии, сложной гепатобилиарной хирургии (хирургии печени и желчных путей), а также в торакальной хирургии (операциях на органах грудной клетки). Университетская клиника AKFA Medline гордится тем, что первой в стране освоила эту технологию, обучив команду ведущих хирургов управлять этим сложнейшим комплексом. Наличие четырех рабочих манипуляторов, мгновенный отклик системы без малейших задержек связи и встроенная флуоресцентная визуализация сосудов делают эту технологию абсолютной вершиной современной хирургической мысли. Почему это важно для здравоохранения Узбекистана? Внедрение роботизированной хирургии такого класса — это историческая веха для всей системы здравоохранения нашей нации. На протяжении долгих лет пациентам со сложными диагнозами приходилось искать спасения далеко за пределами Узбекистана. Люди были вынуждены летать в клиники Германии, Турции, Южной Кореи или Индии. Это требовало колоссальных финансовых затрат, долгих недель оформления виз, поиска медицинских переводчиков, проживания в чужой стране и, что самое тяжелое, разлуки с близкими людьми в самый уязвимый период жизни. Теперь медицина высочайшего международного уровня доступна прямо здесь, в Ташкенте. Особенно важно отметить, что AKFA Medline — это единственная частная медицинская клиника в Узбекистане, обладающая престижной международной аккредитацией Joint Commission International (JCI). Золотой знак JCI, подтвержденный нами в 2020 и 2023 годах, — это глобальная, неоспоримая гарантия того, что в нашей клинике беспрекословно соблюдаются строжайшие мировые стандарты безопасности пациентов, абсолютная стерильность, инфекционный контроль и качество медицинских протоколов, не уступающие ведущим госпиталям США и Европы. Выбирая роботизированную хирургию в AKFA Medline, пациенты делают выбор в пользу бескомпромиссной безопасности, инновационных технологий и непревзойденного комфорта нахождения в родной стране. Здесь вас окружают врачи, говорящие на вашем родном языке, а стены клиники и близость родного дома помогают выздоравливать гораздо быстрее благодаря бесценной поддержке семьи. Сделайте уверенный шаг к своему здоровью уже сегодня Медицинские инновации существуют именно для того, чтобы продлевать жизнь и значительно улучшать ее качество. Не стоит терпеть боль, жить в страхе и откладывать необходимое лечение на завтра. Узнайте, подходит ли вам роботизированная операция. Запишитесь на консультацию к нашему хирургу в AKFA Medline прямо сейчас, чтобы получить честную, профессиональную оценку вашего состояния и разработать индивидуальный, максимально щадящий план лечения, который вернет вам здоровье в кратчайшие сроки.