
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
20.10.2026

AKFA Medline l nafaqat yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatish, balki ilmiy tadqiqotlar sohasida ham o‘z salohiyatini izchil mustahkamlab bormoqda. Klinikamiz uchun muhim voqealardan biri Saidamir Murodovich Jafarovning tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini qo‘lga kiritgani bo‘ldi.
Ushbu yutuq zamirida ko‘p yillik klinik amaliyot, ilmiy izlanishlar, murakkab tibbiy qarorlar hamda bemorlarni davolash jarayonini yanada samarali va xavfsiz qilishga bo‘lgan intilish mujassam.
Saidamir Jafarovning ilmiy tadqiqoti zamonaviy yurak-qon tomir tibbiyotining dolzarb muammolaridan biriga — yurakni qon bilan ta’minlovchi koronar arteriyalar va bosh miyaga qon yetkazib beruvchi uyqu arteriyalarining bir vaqtda ateroskleroz bilan zararlanishi kuzatilgan bemorlarda eng maqbul davolash taktikasini tanlashga bag‘ishlangan.
Tadqiqot doirasida 338 nafar bemorning davolash natijalari o‘rganilib, qon tomirlar holatini kompleks baholash, mavjud xavflarni aniqlash hamda tibbiy aralashuvlarning eng maqbul ketma-ketligini belgilash imkonini beruvchi algoritm ishlab chiqildi.
Tadqiqotning eng muhim jihatlaridan biri uning amaliy ahamiyatidir. Olingan natijalar murakkab klinik vaziyatlarda shifokorlarga yanada asosli qarorlar qabul qilishda ko‘maklashishi hamda jiddiy yurak-qon tomir asoratlari xavfini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Ilmiy ishning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida Saidamir Jafarovning ilmiy rahbarlari — tibbiyot fanlari doktori Guzal Uchqunovna Mullabayeva hamda tibbiyot fanlari doktori, professor, AKFA Medline University Hospital qon tomir jarrohligi bo‘limi mudiri Ravshan Jalilovich Sunnatov muhim o‘rin tutdi.
Ularning ilmiy tajribasi, kasbiy bilimlari va doimiy qo‘llab-quvvatlashi klinik amaliyot hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni birlashtirgan ko‘p yillik tadqiqot jarayonining muhim qismiga aylandi.
Ammo PhD ilmiy darajasiga erishish ortida qanday mehnat yotadi? Amaliyotchi shifokor ilmiy faoliyat davomida qanday qiyinchiliklarga duch keladi? Eng muhimi, ilmiy tadqiqotlar bemorlar salomatligiga qanday foyda keltirishi mumkin?
Bu savollarga javob olish maqsadida Saidamir Jafarov bilan suhbatlashdik. U biz bilan ilmiy faoliyat yo‘li, tadqiqot natijalari va kelgusidagi kasbiy rejalari haqida fikr almashdi.
Saidamir Jafarov bilan suhbat
1. Sizni PhD ilmiy darajasini olishga nima ilhomlantirdi?
Eng avvalo, kundalik faoliyatimiz va bemorlarimiz. Ko‘p yillik amaliyot davomida noodatiy yechimlarni izlashga to‘g‘ri kelgan ko‘plab murakkab holatlarga duch kelganmiz.
Vaqt o‘tishi bilan nafaqat klinik tajriba to‘plash, balki ushbu masalalarni ilmiy nuqtayi nazardan ham o‘rganish, davolash jarayonini yanada samarali va xavfsiz qilish istagi paydo bo‘ldi.
2. Dissertatsiyangiz qaysi mavzuga bag‘ishlangan va nima uchun aynan shu yo‘nalishni tanladingiz?
Tadqiqotimiz yurak va bosh miya qon tomirlari bir vaqtda zararlangan bemorlarni davolash masalalariga bag‘ishlangan.
Bunday holatlarda shifokorlar oldida murakkab savol tug‘iladi: avvalo qaysi muammoni bartaraf etish kerak — yurak qon tomirlaridagi zararlanishnimi yoki bosh miyani qon bilan ta’minlovchi tomirlardagisinimi? Yoki har ikkala aralashuvni bir vaqtda amalga oshirish mumkinmi?
Biz klinik amaliyotda bunday vaziyatlarga muntazam duch kelamiz va davolash bosqichlarining to‘g‘ri ketma-ketligini belgilash qanchalik muhimligini yaxshi tushunamiz.
3. Ilmiy ishingizning yangiligi nimada?
Asosiy maqsadimiz shifokorlarga eng maqbul davolash taktikasini tanlashda yordam beradigan algoritmni ishlab chiqish edi.
Oddiy qilib aytganda, biz yurak va bosh miya qon tomirlarining holatini kompleks baholash, xavf eng yuqori bo‘lgan sohani aniqlash hamda tibbiy aralashuvlarning optimal ketma-ketligini tanlash imkonini beruvchi tizimni taklif etdik.
4. Dissertatsiyani himoya qilish yo‘lida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
Eng katta qiyinchilik ilmiy faoliyatni operatsiya xonasidagi kundalik ish bilan birga olib borish bo‘ldi. Ilmiy tadqiqot katta vaqt, e’tibor va sabr-toqat talab qiladi. Shu bilan birga, klinik faoliyat ilmiy rejalardan qat’i nazar davom etaveradi.
Albatta, uyqusiz tunlar, charchoq va qayta-qayta kiritilgan tuzatishlar ham bo‘ldi. Ammo oilam, hamkasblarim va ayniqsa, ilmiy rahbarlarimning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz bu yo‘lni muvaffaqiyatli bosib o‘tdik.
Ularning bilimlari, tajribasi, sabr-toqati va doimiy yordami uchun chin dildan minnatdorman.
5. Tadqiqot davomida erishgan qaysi natijangizni eng muhim yutuq deb hisoblaysiz?
Menimcha, eng muhim jihati — tadqiqotimiz faqat qog‘ozda qolib ketmaganidir.
Biz 338 nafar bemorning davolash natijalarini o‘rgandik va olingan ma’lumotlar asosida murakkab klinik vaziyatlarda shifokorlarga qaror qabul qilishda yordam berishi mumkin bo‘lgan yondashuvni ishlab chiqdik.
Men uchun eng katta yutuq aynan shu — ilmiy ish natijalari kundalik tibbiy amaliyotda o‘z qo‘llanilishini topishidir.
6. Ilmiy tadqiqotingiz natijalari bemorlarga qanday yordam berishi mumkin?
Tadqiqotimizning asosiy maqsadi — davolash jarayonini yanada xavfsiz qilish.
Yurak va bosh miya qon tomirlari bir vaqtda zararlangan holatlarda qaysi tibbiy aralashuvni birinchi navbatda amalga oshirish kerakligini to‘g‘ri aniqlash juda muhim.
Biz taklif etgan yondashuv shifokorlarga mavjud xavflarni yanada xolis baholash, davolashning eng maqbul ketma-ketligini tanlash va shu orqali miokard infarkti hamda insult kabi jiddiy asoratlar ehtimolini kamaytirishga intilish imkonini beradi.
7. PhD ilmiy darajasini qo‘lga kiritish Siz uchun nimani anglatadi va kelgusida qanday kasbiy maqsadlarni oldingizga qo‘ygansiz?
Men uchun bu hayotimdagi muhim bosqich va ko‘p yillik jamoaviy mehnat natijasidir. Ushbu dissertatsiya ortida nafaqat yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar, balki ustozlarim, hamkasblarim va oilamning ulkan qo‘llab-quvvatlashi ham turibdi.
Ammo ilmiy darajaga erishish yakuniy maqsad emas. Tibbiyot doimo rivojlanib bormoqda va biz ham u bilan birga rivojlanishimiz zarur.
Oldinda yangi ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy davolash usullarini o‘zlashtirish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, yosh hamkasblarga bilim va tajriba ulashish kabi maqsadlar turibdi.
Va, albatta, eng muhimi — shifokor bo‘lib qolish va insonlarga yordam berishda davom etish.
Ilmiy yutuqlar — AKFA Medline taraqqiyotining muhim asosi
Saidamir Jafarovning ilmiy faoliyat yo‘li klinik amaliyot va ilmiy tadqiqotlar bir-birini qanday to‘ldirishi hamda zamonaviy tibbiyot rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishining yorqin namunasidir.
AKFA Medline University Hospital uchun ilmiy salohiyatni rivojlantirish kasbiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Klinika nafaqat yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatadigan, balki ilmiy tadqiqotlar olib boradigan, diagnostika va davolash usullarini takomillashtiradigan hamda to‘plangan tajribani yosh avlod shifokorlariga yetkazadigan mutaxassislarni birlashtiradi.
Bugungi kunda 150 nafardan ortiq yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari faoliyat yuritmoqda. Ular orasida PhD ilmiy darajasiga ega shifokorlar, fan doktorlari va professor ilmiy unvoniga ega mutaxassislar bor.
Klinikaning ilmiy va klinik faoliyatini rivojlantirishda fan doktorlari hamda professorlarning o‘rni alohida ahamiyatga ega.
Ular qatorida Ravshan Jalilovich Sunnatov — tibbiyot fanlari doktori, professor, AKFA Medline University Hospital qon tomir jarrohligi bo‘limi mudiri, shuningdek, Qalandar Bobojonov — tibbiyot fanlari doktori ham bor.
Yuqori ilmiy malakaga ega mutaxassislarning faoliyati kasbiy bilim va tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda zamonaviy yondashuvlarni kundalik klinik amaliyotga tatbiq etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Xodimlarning har bir yangi ilmiy yutug‘i shifoxonaning umumiy taraqqiyotiga hissa qo‘shib, ilmiy muhitni mustahkamlaydi va uzluksiz kasbiy rivojlanish naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Ilmiy tadqiqotlardan — bemorlar uchun yangi imkoniyatlar sari
Saidamir Jafarovning PhD ilmiy darajasini qo‘lga kiritishi nafaqat uning shaxsiy kasbiy yutug‘i, balki AKFA Medline University Hospital ilmiy faoliyati rivojidagi yana bir muhim bosqichdir.
Bunday muvaffaqiyatlar ortida ko‘p yillik fidokorona mehnat, ilmiy ustozlarning ko‘magi, turli yo‘nalishdagi mutaxassislarning hamkorligi va eng murakkab klinik muammolarga yechim topishga bo‘lgan umumiy intilish turadi.
Zero, tibbiyot ilm-fanining asl qadri nafaqat ilmiy kashfiyotlar, tadqiqotlar va akademik e’tirofda, balki, eng avvalo, olingan bilimlarni bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifati va xavfsizligini oshirish yo‘lida qo‘llash imkoniyatidadir.
AKFA Medline jamoasi Saidamir Murodovich Jafarovni ushbu muhim ilmiy yutug‘i bilan samimiy tabriklaydi hamda unga kelgusi kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi ilmiy kashfiyotlar va bemorlar salomatligi yo‘lida keng ko‘lamli tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda omad tilaydi.