
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
26.10.2026

2026-yil 26-oktabr kuni AKFA Medline University Hospital hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida patogistologik xizmatlar ko‘rsatish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Tashrif davomida tomonlar laboratoriya faoliyati, uning diagnostika imkoniyatlari va laboratoriya tekshiruvlarini tashkil etish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, zamonaviy tibbiyotda laboratoriya diagnostikasining ahamiyati, tekshiruvlar sifati hamda patogistologik tadqiqotlarning o‘rni haqida fikr almashildi.

Patogistologik tekshiruvlar, ayniqsa, onkologik kasalliklarga shubha qilingan holatlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tadqiqotlar to‘qimalardagi patologik o‘zgarishlarni aniqlash, tashxisni aniqlashtirish va bemor uchun keyingi davolash taktikasini belgilashda shifokorlarga yordam beradi.

Uchrashuv davomida tibbiyot muassasalari rahbarlari o‘zaro tajriba almashish, diagnostika jarayonlarini takomillashtirish va mutaxassislar o‘rtasidagi professional hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Memorandum Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Sedat Kaya hamda AKFA Medline University Hospital bosh direktori Tursunkulov Azimdjon Nazirjonovich tomonidan imzolandi.

Mazkur kelishuv ikki tibbiyot muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, laboratoriya diagnostikasi sohasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
AKFA Medline bemorlarga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida mamlakatimizning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishda davom etmoqda.
