
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
20.10.2026

2026-yil 19-oktabr kuni bizning klinikani dunyoning yetakchi tibbiyot markazlaridan biri — Cleveland Clinic bosh ijrochi direktori (CEO), doktor Tomislav Mihaljevic rasmiy tashrif bilan keldi.
Ushbu tashrif klinika uchun muhim voqea bo‘lib, xalqaro professional aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish hamda O‘zbekistonda zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarni muhokama qilish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

AKFA Medline University Hospital imkoniyatlari bilan tanishuvTashrif davomida doktor Tomislav Mihaljevic klinikaning faoliyati, zamonaviy tibbiy infratuzilmasi, ilg‘or texnik jihozlari hamda diagnostika va davolash jarayonlarining tashkil etilishi bilan yaqindan tanishdi.
Bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni qabul qilish tizimi, tibbiyot xodimlarining faoliyati, shuningdek, tibbiy xizmat sifati va bemorlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.
Mehmonga yuqori texnologiyali tibbiy yordam, zamonaviy diagnostika va davolash usullari, ilmiy faoliyat hamda tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash jarayonlarini birlashtirgan ko‘p tarmoqli universitet klinikasining imkoniyatlari namoyish etildi.
Uchrashuv davomida tibbiy jarayonlarni takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishda ilg‘or tajribalardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Rezidentlar bilan uchrashuv: tibbiyot kelajagiga sarmoya
Tashrifning muhim qismlaridan biri doktor Tomislav Mihaljevicning klinikaning rezidentlari bilan uchrashuvi bo‘ldi.

Yosh mutaxassislar dunyoning eng nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri rahbari bilan bevosita muloqot qilish, kasbiy rivojlanish, klinik tayyorgarlik va zamonaviy tibbiyot istiqbollari haqida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Suhbat davomida amaliy tajriba, uzluksiz tibbiy ta’lim, klinik fikrlashni rivojlantirish va shifokorning bemor oldidagi mas’uliyati kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday uchrashuvlar xalqaro tajribani o‘zlashtira oladigan, ilg‘or davolash usullarini kundalik amaliyotga tatbiq etishga intiladigan yangi avlod tibbiyot mutaxassislarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Rezidentura dasturlarini rivojlantirish, shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy ta’lim muhitini yaratish AKFA Medline University Hospital faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Social va CAU Hospital: yangi avlod tibbiyotining yirik loyihalari
Tashrif doirasida O‘zbekistonda tibbiy yordam sifati va undan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shunday loyihalardan biri — Social, ya’ni aholiga bepul birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan, ayni paytda qurilishi davom etayotgan zamonaviy tibbiyot markazidir.
Social loyihasi konsepsiyasi raqamli texnologiyalardan foydalanish, bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini qulay va shaffof tashkil etish, profilaktik tekshiruvlar o‘tkazish, kasalliklarni erta aniqlash hamda tibbiyot mutaxassislari maslahatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Mazkur loyiha zamonaviy texnologiyalar, samarali tibbiy jarayonlar va bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish tamoyillari yagona tizimga birlashtirilgan birlamchi tibbiy yordamning yangi modelini yaratishga qaratilgan.
Muhokama qilingan yana bir muhim yo‘nalish — Central Asian University (CAU) kengaytirilayotgan kampusi hududida Cleveland Clinic bilan strategik hamkorlik asosida barpo etilayotgan yangi universitet klinikasi — Central Asian University Hospital (CAU Hospital) qurilishi bo‘ldi.

Loyiha Cleveland Clinic Connected xalqaro dasturi doirasida amalga oshirilmoqda hamda ilg‘or klinik standartlar, innovatsion tibbiy texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar va amaliyotga yo‘naltirilgan tibbiy ta’limni integratsiya qilishni nazarda tutadi.
Kelajakdagi shifoxona 120 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 269 ming nafargacha bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Uning ochilishi 2027-yilga mo‘ljallangan.
CAU Hospital zamonaviy ko‘p tarmoqli klinik va ta’lim markaziga aylanib, unda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, mutaxassislarni tayyorlash hamda ilmiy faoliyat yagona tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Loyihaning rivojlanishida Cleveland Clinic bilan xalqaro hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hamkorlik professional tajriba almashish, klinik va ta’lim dasturlarini takomillashtirish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish hamda tibbiy boshqaruv tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
Social va CAU Hospital loyihalarining amalga oshirilishi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga kompleks yondashuvni aks ettiradi. Bu yondashuv aholiga qulay birlamchi diagnostika va kasalliklar profilaktikasidan tortib, yuqori texnologiyali tibbiy yordam, ilmiy tadqiqotlar va malakali mutaxassislar tayyorlashgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Xalqaro hamkorlik — tibbiyot rivojining muhim asosi

Doktor Tomislav Mihaljevicning tashrifi dunyoning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan professional hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro tajribani O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga izchil tatbiq etish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.
Bizning klinika uchun bunday uchrashuvlar alohida ahamiyatga ega. Chunki ular tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, klinik jarayonlarni takomillashtirish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda bemorlar xavfsizligi va tibbiy xizmat sifati madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Cleveland Clinic bosh ijrochi direktorining tashrifi amaldagi klinika yutuqlarini muhokama qilish, tibbiy ta’limni rivojlantirish va yangi yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini birlashtirgan muhim voqea bo‘ldi.
AKFA Medline University Hospital ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda markazida bemor, tibbiy yordam sifati va shifokorlarning professionalligi turadigan zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimini shakllantirish yo‘lida o‘z faoliyatini izchil davom ettirmoqda.