
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
03.10.2026

AKFA Medline professional MMA ligasi — MANGU League’ning rasmiy tibbiy hamkori sifatida navbatdagi yirik musobaqada ishtirok etdi. Toshkent shahridagi Humo Arenada bo‘lib o‘tgan MANGU 5 turnirida klinika jamoasi sportchilarni jangdan oldin, jang davomida va undan keyin kompleks tibbiy nazorat bilan ta’minladi.
MANGU 5 turnirida AKFA Medline’ning 5 nafar shifokori faoliyat olib bordi. Turnir davomida mutaxassislar oktagon yaqinida navbatchilik qilib, zarur vaziyatlarda sportchilarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Musobaqa davomida tibbiy jamoa jarohatlangan sportchilarga yordam ko‘rsatish uchun 30 ga yaqin marotaba oktagonga chiqdi.
Jarohatlarning turi va og‘irlik darajasi turlicha bo‘ldi. Ayrim sportchilarga immobilizatsiya va gips qo‘yish talab etilgan bo‘lsa, boshqalariga kesilgan va yorilgan jarohatlarni tibbiy ishlov berish hamda tikish zarur bo‘ldi.
Jiddiyroq tekshiruv talab qilingan holatlarda sportchilar arenada navbatchilik qilgan tez tibbiy yordam avtomobilida AKFA Medline klinikasiga zudlik bilan olib borildi. Klinikada ular zarur diagnostik tekshiruvlardan o‘tkazilib, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam oldilar.

Shifokorlarning ishi jang boshlanishidan ancha oldin boshlandi.
Sportchilar arenaga yetib kelgach, AKFA Medline mutaxassislari ularning umumiy holatini tekshirdi. Jumladan, arterial qon bosimi, puls va tana harorati o‘lchandi.
Jang oldidan sportchining holati yana bir bor baholandi. Har bir jang yakunlangach esa sportchi takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifokorlar uning umumiy holati va olingan jarohatlarni baholab, qo‘shimcha diagnostika yoki davolanish zarurligini aniqladilar.

AKFA Medline va MANGU League hamkorligi faqat turnir kuni ko‘rsatiladigan tibbiy yordam bilan cheklanmaydi.
Musobaqadan oldin jangchilar AKFA Medline klinikasida tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar. Bu shifokorlarga professional jangda ishtirok etishdan avval sportchilarning sog‘lig‘i holatini baholash imkonini beradi.
Tibbiy kuzatuv turnir tugagandan keyin ham davom etadi. Zarurat bo‘lganda sportchilar keyingi kunlarda AKFA Medline’ga takroriy ko‘rik, diagnostika, tor soha mutaxassislari konsultatsiyasi va davolanish uchun murojaat qiladilar.
Shunday qilib, sportchilar uchun tibbiy yordam to‘liq sikl asosida tashkil etiladi:
turnirgacha tekshiruv → arenadagi tibbiy nazorat → jang vaqtida tibbiy yordam → jangdan keyingi ko‘rik → turnirdan keyingi diagnostika va davolash.

MANGU League prezidenti Jasur Alijanov sportchilarni professional tibbiy kuzatuv bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi:
«MANGU League sportchilarimizning salomatligi va xavfsizligiga juda katta mas’uliyat bilan yondashadi. Shu sababli biz uchun jangchilarni turnirgacha, jang vaqtida va undan keyin professional tibbiy yordam bilan ta’minlay oladigan ishonchli hamkor juda muhim.
AKFA Medline aynan shunday kompleks yondashuvni ta’minlamoqda. Klinikaga professionalligi, mas’uliyati va sportchilarimizga bo‘lgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz ushbu hamkorlikni qadrlaymiz va kelgusida ham MANGU League turnirlarini AKFA Medline bilan birgalikda o‘tkazishni rejalashtirganmiz».
AKFA Medline uchun MANGU 5 turniridagi ishtirok nafaqat sport tashkiloti bilan hamkorlik, balki professional sportchilar salomatligi va xavfsizligi uchun katta mas’uliyatdir.
AKFA Medline MANGU League’ning rasmiy tibbiy hamkori sifatida professional MMA jangchilariga kompleks tibbiy yordam ko‘rsatishda davom etadi.
