
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
09.09.2026

«Sen Yashaysan» — AKFA MEDLINE klinikasining tug‘ma yurak nuqsoni mavjud bo‘lgan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalardagi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya dasturidir.
Dastur 2017-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Shu vaqt davomida «Sen Yashaysan» dasturi doirasida klinikada tug‘ma yurak nuqsoni mavjud bolalar uchun 700 dan ortiq bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Har bir operatsiya ortida bolaning hayotiy hikoyasi, uning oilasining umidi va tibbiy jamoaning katta mehnati turadi. 700 dan ortiq operatsiya — bu yuzlab kichik yuraklarga ulg‘ayish, rivojlanish va to‘laqonli hayot kechirish uchun berilgan yangi imkoniyatdir.
Dasturda bolalar kardiojarrohlaridan iborat ekspert jamoaning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Mutaxassislar bolalarni konsultatsiyadan o‘tkazadi, ularning holatini baholaydi, tekshiruv natijalarini o‘rganadi, jarrohlik davolashga ko‘rsatmalarni aniqlaydi va har bir bemor uchun eng maqbul davolash taktikasini belgilaydi. Zarur hollarda qo‘shimcha diagnostik tekshiruvlar tavsiya etiladi. Tibbiy jamoa bolani dastlabki konsultatsiya va operatsiyaga tayyorgarlikdan boshlab, jarrohlik amaliyoti va undan keyingi kuzatuvgacha bo‘lgan barcha muhim bosqichlarda kuzatib boradi.
«Sen Yashaysan» dasturi doirasida klinikamiz har oy bepul konsultatsiyalar tashkil etadi. Ular tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan yoki ushbu tashxis taxmin qilinayotgan bolalar uchun mo‘ljallangan. Agar tashxis allaqachon qo‘yilgan bo‘lsa, bolaga operatsiya tavsiya etilgan bo‘lsa yoki mavjud simptomlar hamda tekshiruv natijalari bolalar kardiojarrohi bahosini talab qilsa, ota-onalar konsultatsiyaga murojaat qilishlari mumkin. Bunday konsultatsiyalarning asosiy maqsadi — bolaning jarrohlik davolashga, qo‘shimcha diagnostikaga yoki dinamik kuzatuvga ehtiyojini o‘z vaqtida aniqlashdir.
Dastur faqat Toshkent shahri bilan cheklanmaydi. Bizning mutaxassislar O‘zbekistonning turli hududlarida bepul sayyor konsultatsiyalar o‘tkazib, poytaxtga kelish imkoniyati cheklangan oilalar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada qulay qilishga intiladilar. Sayyor konsultatsiyalar davomida bolalar kardiojarrohlari bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazadi, tibbiy hujjatlar va tekshiruv natijalarini o‘rganadi. Ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganda, bolalar keyingi tekshiruv va dastur doirasida bepul jarrohlik davolash imkoniyatini ko‘rib chiqish uchun yo‘naltiriladi. Zarurat tug‘ilganda, tibbiy jamoa respublikaning olis hududlariga ham tashrif buyurishi mumkin.
«Sen Yashaysan» dasturi doirasida tibbiy va ijtimoiy mezonlarga mos keladigan 15 yoshgacha bo‘lgan tug‘ma yurak nuqsoni mavjud bolalarga bepul jarrohlik davolashini amalga oshiradi. Har bir holat individual ravishda ko‘rib chiqiladi. Jarrohlik amaliyoti zarurligi to‘g‘risidagi qaror bolaning tashxisi, klinik holati va o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari asosida mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi.
Dastur faqat jarrohlik amaliyotini o‘z ichiga olmaydi. Bolaning statsionarda davolanish davridagi yashashi, ovqatlanishi, shuningdek, ota-onalardan biri bilan birga statsionarda bo‘lish imkoniyati ham dastur doirasida ta’minlanadi. Bu davolanish davomida bolaga zarur parvarish va oilasining qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashga yordam beradi.
AKFA MEDLINE uchun «Sen Yashaysan» — bu shunchaki xayriya tashabbusi emas. Bu professional tibbiy yordam, bolalar kardiojarrohlarining tajribasi va yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashni birlashtirgan uzoq muddatli dasturdir.
Dasturda ishtirok etish shartlari haqida ma’lumot olish, bolalar kardiojarrohi bepul konsultatsiyasiga yozilish yoki zarur hujjatlar va tekshiruvlar ro‘yxatini aniqlashtirish uchun ota-onalar AKFA MEDLINE Call Center’iga murojaat qilishlari mumkin.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Kichik Halqa yo‘li, Farobiy 5A
Call Center: +998 71 203-30-03 — 24/7
Murojaat vaqtida savolingiz «Sen Yashaysan» dasturiga tegishli ekanini Call Center mutaxassisiga ma’lum qilishingiz kifoya.
Xodimlar zarur ma’lumotlarni taqdim etib, keyingi bosqichlar bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadilar.
«Sen Yashaysan» — bu bolaga o‘z vaqtida yordam berish, uning oilasini qo‘llab-quvvatlash va kichik yurakka to‘laqonli hayot uchun yangi imkoniyat yaratishdir.