Yuqori qon bosimi yillar davomida yurakka sezdirmay zarar yetkazishi mumkin

Arterial gipertoniya: nega yuqori qon bosimini e’tiborsiz qoldirish mumkin emas?
Arterial gipertoniya — yurak-qon tomir tizimining eng keng tarqalgan kasalliklaridan biridir. Uning asosiy xavfi shundaki, yuqori arterial qon bosimi yillar davomida deyarli hech qanday alomat bermasligi, shu bilan birga yurak, qon tomirlari, buyraklar va boshqa a’zolarga asta-sekin zarar yetkazishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 30–79 yoshdagi qariyb 1,4 milliard kattalar arterial gipertoniya bilan yashagan. Shu bilan birga, gipertoniyasi bo‘lgan odamlarning taxminan 44 foizi o‘zida ushbu kasallik borligini bilmagan. Shu sababli, hatto o‘zingizni yaxshi his qilayotgan bo‘lsangiz ham, arterial qon bosimini nazorat qilib borish muhim.
Arterial gipertoniya nima?
Arterial qon bosimi qonning arteriya devorlariga qanday kuch bilan ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi. Yevropa kardiologlar jamiyatining (ESC) 2024-yilgi tavsiyalariga ko‘ra, arterial gipertoniya shifokor qabulida o‘lchangan arterial qon bosimining 140/90 mm simob ustuni va undan yuqori darajada doimiy bo‘lishi sifatida belgilanadi. Bunda tashxis odatda faqat bitta o‘lchov asosida qo‘yilmaydi. Shifokor arterial bosimni takroran o‘lchash, uy sharoitida nazorat qilish yoki 24 soatlik monitoringni tavsiya qilishi mumkin. ESC 2024 tavsiyalarida yuqori arterial qon bosimi toifasi ham ajratilgan — shifokor qabulida o‘lchangan sistolik bosim 120–139 mm simob ustuni va/yoki diastolik bosim 70–89 mm simob ustuni. Bunday ko‘rsatkichlar hali gipertoniya mezonlariga mos kelmaydi, biroq umumiy yurak-qon tomir xavfini baholashni talab qiladi. Qon bosimi ko‘rsatkichlarini bemorning yoshi, hamroh kasalliklari, xavf omillari va umumiy yurak-qon tomir xavfini hisobga olgan holda individual baholash kerak.
Gipertoniya nima sababdan rivojlanadi?
Ko‘pchilik hollarda bitta aniq sababni ajratib ko‘rsatishning imkoni bo‘lmaydi. Arterial qon bosimining oshishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar ta’sir qilishi mumkin:
• irsiy moyillik;
• ortiqcha tana vazni;
• jismoniy faollikning kamligi;
• tuzni ortiqcha iste’mol qilish;
• chekish;
• spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish;
• surunkali stress;
• uyqu yetishmasligi;
• qandli diabet;
• buyrak kasalliklari;
• moddalar almashinuvi buzilishlari;
• qon tomirlaridagi yoshga bog‘liq o‘zgarishlar.
Bir vaqtning o‘zida xavf omillari qancha ko‘p bo‘lsa, arterial qon bosimini muntazam nazorat qilish va yurak-qon tomir tizimi holatini baholab borish shunchalik muhim.
Yuqori qon bosimida qanday alomatlar paydo bo‘lishi mumkin?
Gipertoniyaning asosiy xususiyatlaridan biri — u ko‘pincha yaqqol alomatlarsiz kechishidir. Inson o‘zini mutlaqo yaxshi his qilishi, biroq arterial qon bosimi doimiy ravishda yuqori bo‘lishi mumkin. Qon bosimi sezilarli darajada oshganda yoki asoratlar rivojlanganda quyidagi alomatlar kuzatilishi mumkin:
• bosh og‘rig‘i;
• bosh aylanishi;
• holsizlik;
• hansirash;
• yurak urishining tezlashishi yoki ritmining buzilishi;
• ko‘krak qafasida og‘riq yoki noqulaylik;
• ko‘rishning yomonlashishi;
• jismoniy yuklamaga chidamlilikning pasayishi.
Biroq bu alomatlar faqat gipertoniyaga xos emas. Faqat o‘z holatingizga qarab xulosa chiqarish mumkin emas. Arterial qon bosimingizni bilishning eng ishonchli usuli — uni o‘lchash.
Nega yuqori qon bosimi yurak uchun xavfli?
Arterial qon bosimi doimiy ravishda yuqori bo‘lganda, yurak katta yuklama ostida ishlashga majbur bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan bu yurak mushagi va qon tomirlarida o‘zgarishlarga olib kelishi, shuningdek, yurak-qon tomir asoratlari xavfini oshirishi mumkin. Nazorat qilinmaydigan gipertoniya quyidagi holatlar xavfini oshiradi:
• miokard infarkti;
• insult;
• yurak yetishmovchiligi;
• yurak ritmining ayrim buzilishlari;
• surunkali buyrak kasalligi;
• ko‘z qon tomirlarining zararlanishi.
Shu sababli o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va arterial qon bosimini muntazam nazorat qilish katta ahamiyatga ega.
Uy sharoitida qon bosimini qanday to‘g‘ri o‘lchash kerak?
To‘g‘ri o‘lchash texnikasi yanada ishonchli natija olishga yordam beradi. O‘lchashdan oldin taxminan 5 daqiqa tinch holatda o‘tirish tavsiya etiladi. Orqa suyanchiqka tayangan bo‘lishi, oyoqlar polga qo‘yilishi va chalishtirilmasligi, manjeta taqilgan qo‘l esa taxminan yurak balandligida turishi kerak. Uy sharoitida nazorat qilish uchun mos o‘lchamdagi manjetaga ega, klinik jihatdan tasdiqlangan avtomatik tonometrdan foydalanish tavsiya etiladi. Odatda ertalab va kechqurun 1–2 daqiqalik interval bilan ikki marta o‘lchash tavsiya qilinadi. Arterial qon bosimini dastlabki baholash uchun uni uy sharoitida bir necha kun davomida, optimal holatda taxminan 7 kun, o‘lchab, natijalarni qayd etib borish maqsadga muvofiq. O‘lchovlar kundaligi shifokorga arterial qon bosimi darajasini va davolash samaradorligini baholashga yordam beradi. Ayrim hollarda kardiolog arterial qon bosimini 24 soatlik monitoring qilish (ABPM/SMAД) tekshiruvini tavsiya qilishi mumkin.
Arterial gipertoniya qanday tashxislanadi?
Arterial qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorni tekshirish qon bosimi darajasini tasdiqlash, yurak-qon tomir xavfini baholash va nishon a’zolarda ehtimoliy zararlanishlarni aniqlashdan boshlanadi. Bemorning holatiga qarab shifokor quyidagi tekshiruvlarni tavsiya qilishi mumkin:
• arterial qon bosimini takroran o‘lchash;
• uy sharoitida arterial bosim nazorati yoki 24 soatlik monitoring;
• elektrokardiografiya (EKG);
• exokardiografiya;
• qon va siydik tahlillari;
• qondagi glyukoza va lipidlar darajasini aniqlash;
• buyrak faoliyatini baholash;
• albuminuriyani aniqlash;
• ko‘rsatmalarga muvofiq qo‘shimcha tekshiruvlar.
Tekshiruvning maqsadi faqat gipertoniya mavjudligini tasdiqlash emas, balki umumiy yurak-qon tomir xavfini aniqlash, qon bosimi oshishining ehtimoliy sabablarini topish va nishon a’zolar holatini baholashdan iborat.
Gipertoniyani nazorat qilish mumkinmi?
Ha. Aksariyat hollarda arterial qon bosimini samarali nazorat qilish mumkin. Shifokor turmush tarzini o‘zgartirishni, zarur hollarda esa dori vositalari bilan davolashni tavsiya qilishi mumkin.
Quyidagilar katta ahamiyatga ega:
• ortiqcha tana vaznini kamaytirish;
• muntazam jismoniy faollik;
• tuz iste’molini cheklash;
• muvozanatli ovqatlanish;
• chekishdan voz kechish;
• spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilish yoki ulardan voz kechish;
• yetarli va sifatli uyqu;
• qondagi xolesterin va glyukoza miqdorini nazorat qilish;
• arterial qon bosimini muntazam o‘lchab borish.
Agar bemorga qon bosimini pasaytiruvchi preparatlar buyurilgan bo‘lsa, ko‘rsatkichlar me’yorlashganidan keyin ularni o‘zboshimchalik bilan to‘xtatish mumkin emas. Davolanish fonida qon bosimining me’yoriy bo‘lishi ko‘pincha terapiya samarali ishlayotganini anglatadi.
Preparatni yoki uning dozasini faqat davolovchi shifokor bilan maslahatlashgandan so‘ng o‘zgartirish kerak.
Qachon kardiologga murojaat qilish kerak?
Quyidagi holatlarda shifokor konsultatsiyasi tavsiya etiladi:
• arterial qon bosimi muntazam ravishda oshsa;
• qon bosimi ko‘rsatkichlari odatdagidan yuqori bo‘lib qolsa;
• yurak urishi tezlashsa yoki yurak faoliyatida uzilishlar sezilsa;
• hansirash paydo bo‘lsa;
• ko‘krak qafasida og‘riq yoki noqulaylik paydo bo‘lsa;
• jismoniy yuklamaga chidamlilik pasaysa;
• gipertoniya avval tashxislangan bo‘lsa-yu, qon bosimi barqaror bo‘lmasa;
• avval buyurilgan davolash qon bosimini yetarli darajada nazorat qilmay qolsa.
Yaqqol alomatlar paydo bo‘lishini kutish kerak emas. Yurak-qon tomir xavf omillari va nishon a’zolardagi zararlanishlar qanchalik erta aniqlansa, ularni nazorat qilishni shunchalik erta boshlash mumkin.
Qachon shoshilinch tibbiy yordam kerak?
Arterial qon bosimi juda yuqori bo‘lsa, ayniqsa ≥180/120 mm simob ustuni, bir necha daqiqa tinch holatda dam olgandan so‘ng qon bosimini qayta o‘lchash kerak. Agar qon bosimi shunday yuqori darajada qolsa, tibbiy yordamga murojaat qilish lozim.
Agar juda yuqori qon bosimi fonida quyidagi alomatlar yuzaga kelsa:
• ko‘krak qafasida kuchli og‘riq yoki yaqqol noqulaylik;
• kuchli hansirash;
• yuz, qo‘l yoki oyoqda to‘satdan kuchsizlik yoki uvishish;
• nutqning buzilishi;
• ko‘rishning to‘satdan yomonlashishi;
• hushdan ketish;
• boshqa to‘satdan paydo bo‘lgan og‘ir alomatlar,
darhol shoshilinch tibbiy yordam chaqirish kerak.
Yuqori qon bosimi bezovta qila boshlashini kutmang
Arterial gipertoniya uzoq vaqt davomida sezilarli alomatlarsiz kechishi mumkin. Shuning uchun qon bosimini muntazam nazorat qilish muammoni o‘z vaqtida aniqlash va yurak-qon tomir asoratlari xavfini kamaytirishning eng oddiy usullaridan biridir. Agar arterial qon bosimingiz muntazam ko‘tarilayotganini sezsangiz yoki yurak-qon tomir tizimingiz holatini baholatmoqchi bo‘lsangiz, AKFA Medline University Hospital kardiologiga murojaat qiling. O‘z vaqtida o‘tkazilgan diagnostika yurak-qon tomir xavfini baholash, nishon a’zolardagi zararlanishlarni aniqlash va individual davolash taktikasini tanlashga yordam beradi.
Yuragingiz haqida bugun qayg‘uring — uning salomatligini uzoq yillar saqlab qolish uchun
