Migren, bosh aylanishi, uvishish: qachon nevrologga murojaat qilish kerak?

Nevrologiya afsonalarsiz: nevrologga 15 muhim savol
Bosh og‘rig‘i, migren, bosh aylanishi, qo‘l-oyoqlarning uvishishi, bel va bo‘yin og‘rig‘i, uyqu buzilishi — millionlab insonlar duch keladigan alomatlardir. Shunga qaramay, ko‘pchilik noqulaylikka ko‘nikib qoladi, o‘zicha og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qiladi yoki shifokorga murojaat qilishni kechiktiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda asab tizimiga ta’sir qiluvchi kasallik va holatlar taxminan 3,4 milliard kishida — dunyo aholisining qariyb 43 foizida uchragan. Nevrologik kasalliklar butun dunyoda sog‘liqning yomonlashuvi va nogironlikning yetakchi sabablaridan biri hisoblanadi.
Qaysi alomatlarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi? Migren oddiy bosh og‘rig‘idan nimasi bilan farq qiladi? Bel og‘rig‘ida har doim ham disk churrasi aybdormi? Qachon MRT tekshiruvi kerak?
Eng ko‘p uchraydigan savollarga AKFA Medline nevrologi, 19 yillik tajribaga ega MD, PhD Nigora Saidganiyevna Qodirxo‘jayeva javob beradi. Shifokorning professional qiziqishlari nevrologiya, neyropsixologiya, transkranial magnit stimulyatsiya — TMS hamda nevrologiyada, jumladan birlamchi surunkali bosh og‘riqlarida botulinoterapiyani qo‘llashni o‘z ichiga oladi.
1. Bemorlar nevrologga ko‘pincha qanday shikoyatlar bilan murojaat qilishadi?
Eng ko‘p uchraydigan shikoyatlar — bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, bo‘yin va beldagi og‘riqlar, qo‘l-oyoqlarda uvishish yoki sanchish hissi, mushaklardagi kuchsizlik, uyqu va xotira bilan bog‘liq muammolardir. Shuningdek, bemorlar qo‘l titrashi, harakat muvofiqligining buzilishi, quloqda shovqin, sezuvchanlikning o‘zgarishi, turli og‘riq sindromlari, insultdan keyingi holatlar va periferik asab tizimi kasalliklari bilan ham murojaat qilishadi. Muhim jihati shundaki, bir xil alomat turli sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Masalan, bosh aylanishi vestibulyar tizim bilan bog‘liq bo‘lishi yoki boshqa kasalliklar belgisi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun nevrologning vazifasi faqat alomatni yo‘qotish emas, uning asl sababini aniqlashdir.
2. Odamlar qaysi nevrologik alomatlarni ko‘pincha jiddiy qabul qilmaydi?
Tananing bir tomonida to‘satdan yuzaga kelgan qo‘l yoki oyoq uvishishi va kuchsizligi, nutqning buzilishi, yuz assimetriyasi, ko‘rishning keskin yomonlashishi, odatdagidan keskin kuchli bosh og‘rig‘i va muvozanatning to‘satdan buzilishi alohida e’tibor talab qiladi. Odamlar tez-tez takrorlanadigan bosh og‘rig‘i, barmoqlarning vaqti-vaqti bilan uvishishi, muvozanat buzilishi, oyoq yoki qo‘lga tarqaladigan bel og‘rig‘i, xotira va uyqudagi o‘zgarishlarni ham uzoq vaqt e’tiborsiz qoldirishlari mumkin. Agar alomat takrorlansa, kuchaysa yoki kundalik hayotga xalaqit bera boshlasa, unga ko‘nikib yashash emas, mutaxassisga murojaat qilish kerak.
3. Qachon oddiy bosh og‘rig‘i nevrologga murojaat qilish uchun sabab bo‘ladi?
Agar bosh og‘rig‘i muntazam takrorlansa, kuchayib borsa yoki uning odatiy xarakteri o‘zgarsa, sababini aniqlash lozim.
Ayniqsa quyidagi holatlarda shifokorga murojaat qilish kerak:
• bosh og‘rig‘i birinchi marta paydo bo‘lib, juda kuchli bo‘lsa;
• xurujlar tezlashib borsa;
• og‘riq qusish, ko‘rish, nutq yoki sezuvchanlik buzilishi, kuchsizlik bilan birga kechsa;
• bosh jarohatidan keyin yuzaga kelsa;
• og‘riq qoldiruvchi preparatlarni tez-tez qabul qilishga to‘g‘ri kelsa;
• bosh og‘rig‘i ish, uyqu yoki kundalik faoliyatga jiddiy ta’sir qilsa.
To‘satdan boshlanib, soniyalar yoki bir necha daqiqa ichida maksimal darajaga yetadigan juda kuchli bosh og‘rig‘i ayniqsa xavotirli belgi hisoblanadi. Bunday vaziyatda shoshilinch tibbiy tekshiruv talab etiladi.
4. Migren nima va u oddiy bosh og‘rig‘idan nimasi bilan farq qiladi?
Migren — shunchaki kuchli bosh og‘rig‘i emas, balki mustaqil nevrologik kasallikdir. Odatdagi migren xuruji bir necha soatdan bir necha sutkagacha davom etishi mumkin. Og‘riq ko‘pincha pulsatsiyalovchi bo‘ladi, boshning bir tomonida kuchliroq sezilishi va oddiy jismoniy faollik paytida kuchayishi mumkin. Migren paytida bosh og‘rig‘i ko‘pincha ko‘ngil aynishi, yorug‘likka, tovushga va hidlarga ortiqcha sezuvchanlik bilan kechadi. Biroq har bir bemorda klassik belgilar to‘liq namoyon bo‘lavermaydi. Shu sababli tashxis, avvalo, alomatlar va bemorning kasallik tarixi asosida qo‘yiladi.
5. Migren uchun qanday alomatlar xos va xurujni nimalar qo‘zg‘atadi?
Bosh og‘rig‘idan tashqari bemorda quyidagilar kuzatilishi mumkin:
• ko‘ngil aynishi;
• yorug‘lik va tovushga sezuvchanlik;
• asabiylik;
• diqqatni jamlash qiyinlashishi;
• kuchli charchoq;
• jismoniy harakat paytida holatning yomonlashishi.
Migrenni qo‘zg‘atuvchi omillar har bir insonda turlicha bo‘ladi. Eng keng tarqalganlari — uyquning yetishmasligi yoki ortiqcha uxlash, emotsional stress, ovqatlanishni o‘tkazib yuborish, suvsizlanish, ayrim gormonal o‘zgarishlar va kundalik rejimning keskin o‘zgarishidir.
Bosh og‘rig‘i kundaligini yuritish juda foydali. Unda xuruj sanasi, davomiyligi, ehtimoliy sabablar, qo‘shimcha alomatlar va qabul qilingan dorilar qayd etiladi. Bu shifokorga kasallikdagi qonuniyatlarni aniqlashga yordam beradi.
6. Aurali migren nima va u qanday namoyon bo‘ladi?
Aura — odatda bosh og‘rig‘idan oldin paydo bo‘ladigan vaqtinchalik va qaytuvchan nevrologik alomatlardir. Ba’zi hollarda ular bosh og‘rig‘isiz ham kuzatilishi mumkin. Eng ko‘p uchraydigani — ko‘ruv aurasi. Bunda inson ko‘z oldida yaltirab turgan nuqtalar, zigzag chiziqlar, yorug‘lik chaqnashlari yoki ko‘rish maydonining ayrim qismlarini vaqtincha ko‘rmay qolishi mumkin. Shuningdek, qo‘l yoki yuz bo‘ylab asta-sekin tarqaladigan sanchish yoki uvishish hissi kuzatilishi mumkin. Kam hollarda vaqtinchalik nutq buzilishi ham uchraydi. Agar bunday alomatlar birinchi marta yuzaga kelgan bo‘lsa, ayniqsa ular to‘satdan boshlangan bo‘lsa, ularni mustaqil ravishda migren deb baholash mumkin emas. Ayrim belgilar tranzitor ishemik xuruj yoki insultga o‘xshashi mumkin. Shuning uchun tibbiy ko‘rik zarur.
7. Migrenni davolash mumkinmi va bugungi kunda qanday zamonaviy usullar mavjud?
Bugungi kunda migrenni samarali nazorat qilish imkonini beradigan davolash usullari mavjud. Davolashning asosiy maqsadi — xurujlar soni, davomiyligi va kuchini kamaytirish hamda bemorning hayot sifatini yaxshilash. Davolash odatda ikki yo‘nalishdan iborat. Birinchisi — boshlangan xurujni bartaraf etish. Vaziyatga qarab shifokor migren uchun maxsus preparatlar yoki boshqa vositalarni tavsiya qilishi mumkin. Ikkinchisi — profilaktik davolash. U tez-tez yoki og‘ir kechadigan xurujlarda individual tarzda tanlanadi.Surunkali migrenning ayrim holatlarida botulinoterapiya qo‘llanishi mumkin. Zamonaviy nevrologiyada migren rivojlanish mexanizmlariga bevosita ta’sir qiluvchi yangi profilaktik davolash usullari ham mavjud. Davolash usulini tanlashda xurujlarning tezligi, hamroh kasalliklar, avvalgi davolash natijalari va bemorning individual xususiyatlari hisobga olinadi.
8. Tez-tez bosh og‘rig‘i yoki migren bo‘lsa, bosh miya MRTsi shartmi?
Har bir bosh og‘rig‘i bo‘lgan bemorga MRT kerak emas. Agar klinik belgilar birlamchi bosh og‘rig‘iga, masalan, migrenga xos bo‘lsa va nevrologik ko‘rikda xavotirli belgilar aniqlanmasa, qo‘shimcha tekshiruv talab qilinmasligi mumkin. MRT shifokorga bosh og‘rig‘ining ikkilamchi sabablarini istisno qilish zarur bo‘lgan vaziyatlarda buyuriladi. Masalan, og‘riq xarakterining o‘zgarishi, nevrologik alomatlarning paydo bo‘lishi, noodatiy klinik holat yoki boshqa xavotirli belgilar kuzatilganda. Shuning uchun to‘g‘ri yondashuv — avval shifokor konsultatsiyasi va nevrologik ko‘rik, keyin esa ko‘rsatmaga muvofiq tekshiruv.
9. Bosh aylanishi nima sababdan yuzaga keladi va qachon u xavfli belgi bo‘lishi mumkin?
“Bosh aylanishi” tushunchasi ostida bemorlar turli hissiyotlarni nazarda tutishi mumkin: atrofdagi narsalar aylanayotgandek tuyulishi, beqarorlik, muvozanat yo‘qolishi, hushdan ketayotgandek bo‘lish yoki boshda “tuman” hissi. Buning sabablari ham turlicha. Keng tarqalgan sabablarning biri — yaxshi sifatli paroksizmal pozitsion bosh aylanishi bo‘lib, bunda xuruj bosh holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, ichki quloq, asab tizimi, yurak-qon tomir tizimi va boshqa holatlar ham bosh aylanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar bosh aylanishi to‘satdan boshlangan bo‘lsa va u nutq buzilishi, qo‘l-oyoqdagi kuchsizlik yoki uvishish, ko‘zda ikki ko‘rish, harakat muvofiqligining keskin buzilishi yoki yangi kuchli bosh og‘rig‘i bilan birga kechsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.
10. Qo‘l va oyoqlarning uvishishi, sanchishi yoki “chumoli yurgandek” bo‘lishi nimadan darak berishi mumkin?
Bu alomatlarning sababi vaqtinchalik asab siqilishidan tortib, umurtqa pog‘onasi, periferik asablar yoki markaziy asab tizimi kasalliklarigacha bo‘lishi mumkin. Masalan, kaftning uvishishi ma’lum bir asabning siqilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Oyoq panjalarida simmetrik uvishish esa periferik neyropatiyada kuzatilishi mumkin. Shifokor uvishishning qayerda paydo bo‘layotgani, qanchalik kuchli ekani, og‘riq, mushak kuchsizligi yoki reflekslarning o‘zgarishi mavjudligini baholaydi.Agar sezuvchanlik buzilishi kuchayib borsa yoki mushak kuchsizligi bilan birga kuzatilsa, tekshiruvni kechiktirmaslik kerak.
11. Insultning qanday dastlabki belgilarini har bir inson bilishi kerak?
Insultning eng muhim belgilaridan biri — ularning to‘satdan paydo bo‘lishidir. Yuz: insondan kulishni so‘rang. Yuzning bir tomoni osilib qolishi mumkin. Qo‘l: ikkala qo‘lni bir vaqtda ko‘tarishni so‘rang. Bir qo‘l tushib ketishi yoki umuman ko‘tarilmasligi mumkin. Nutq: oddiy jumlani takrorlashni so‘rang. Nutq tushunarsiz bo‘lishi yoki inson gapni ayta olmasligi mumkin. Shuningdek, to‘satdan ko‘rishning buzilishi, kuchli bosh aylanishi, koordinatsiyaning yo‘qolishi, tananing bir tomonida uvishish yoki kuchsizlik paydo bo‘lishi mumkin. Insultdan shubha qilinganda alomatlar o‘z-o‘zidan o‘tib ketishini kutish mumkin emas. Darhol tez tibbiy yordam chaqirish kerak. Bemor qanchalik tez ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga yetkazilsa, samarali davolash imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.
12. Nega bugungi kunda bo‘yin va bel og‘rig‘i hatto yoshlar orasida ham ko‘p uchraydi? MRTda topilgan disk churrasi har doim ham og‘riq sababimi?
Yo‘q. MRTda protruzia yoki disk churrasi aniqlanishi aynan shu o‘zgarish og‘riqning sababi ekanini anglatmaydi. Umurtqalararo disklardagi o‘zgarishlar hech qanday og‘riq sezmaydigan insonlarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun shifokor MRT natijasini bemorning shikoyatlari va nevrologik ko‘rik natijalari bilan birgalikda baholaydi. Og‘riq mushaklar, umurtqa pog‘onasi bo‘g‘imlari, boylamlar, asab tuzilmalarining ta’sirlanishi va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yoshlar orasida kamharakat turmush tarzi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt o‘tirish, jismoniy faollikning yetishmasligi, yuklamaning noto‘g‘ri taqsimlanishi va stress muhim rol o‘ynaydi. Davolash kerak bo‘lgan narsa MRT tasviri emas, balki bemorning o‘zi va uning alomatlarini keltirib chiqarayotgan sababdir.
13. Surunkali stress, xavotir va uyqu yetishmasligi nevrologik alomatlarni paydo qilishi yoki kuchaytirishi mumkinmi?
Ha. Uyqu, ruhiy holat va asab tizimi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Surunkali stress va uyqu yetishmasligi bosh og‘rig‘i, migren, mushak tarangligi, bosh aylanishi, diqqatni jamlash qiyinlashishi va charchoqni kuchaytirishi mumkin. Ba’zi bemorlarda yopiq doira shakllanadi: stress uyquni yomonlashtiradi, uyquning buzilishi asab tizimining sezuvchanligini oshiradi, alomatlar kuchayadi, natijada xavotir yanada ortadi. Biroq har qanday alomatni faqat stress bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Avvalo boshqa mumkin bo‘lgan sabablarni istisno qilish kerak.
14. Bemorlar bosh og‘rig‘i, migren yoki boshqa nevrologik alomatlarni o‘zicha davolashda qanday xatolarga yo‘l qo‘yishadi?
Eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri — og‘riq qoldiruvchi dorilarni nazoratsiz va juda ko‘p qabul qilish. Ba’zi preparatlar tez-tez qo‘llanilganda bosh og‘rig‘ining o‘zi yanada ko‘payishi va dori vositalarini ortiqcha qabul qilish bilan bog‘liq bosh og‘rig‘i shakllanishi mumkin. Yana bir xato — MRT natijasini klinik holatdan alohida davolash. Bemorlar ko‘pincha alomatning aniq sababi aniqlanmasdan turib “qon tomirlar uchun” dorilar, vitaminlar, tinchlantiruvchi vositalar yoki boshqa preparatlarni o‘zicha qabul qilishadi. Nevrologiyada avvalo to‘g‘ri tashxis qo‘yish, undan keyingina davolash usulini tanlash muhim.
15. Nevrologik kasalliklarning oldini olish va asab tizimi salomatligini saqlash uchun nimalarni tavsiya qilasiz?
Asab tizimini barcha kasalliklardan himoya qiladigan bitta universal tabletka mavjud emas. Eng katta ahamiyatni kundalik odatlar egallaydi.
Muhim tavsiyalar:
• muntazam jismoniy faollikni saqlash;
• arterial qon bosimini nazorat qilish;
• qondagi glyukoza va xolesterin darajasini kuzatib borish;
• chekishdan voz kechish;
• to‘g‘ri uyqu rejimiga rioya qilish;
• muvozanatli ovqatlanish;
• surunkali uyqusizlikka yo‘l qo‘ymaslik;
• dori vositalarini nazoratsiz qabul qilmaslik;
• ruhiy-emotsional holatga e’tibor qaratish.
Eng muhimi — shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish. Alomat chidab bo‘lmas darajaga yetishini kutmaslik kerak. Takrorlanuvchi bosh og‘rig‘i, sezuvchanlikning buzilishi, kuchli bosh aylanishi, mushak kuchsizligi va boshqa nevrologik belgilar mutaxassis tomonidan baholanishi kerak.
Eng muhimi — alomatlarga ko‘nikib qolmaslik
Bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi yoki uvishish har doim ham xavfli kasallik belgisi bo‘lavermaydi. Ammo buning sababini insonning o‘zi aniq baholay olmaydi. Zamonaviy nevrologiyada tashxis faqat bitta alomat yoki MRT natijasiga asoslanmaydi. Shifokor bemorning shikoyatlari, kasallik tarixi va nevrologik holatini baholaydi, shundan keyingina qanday qo‘shimcha tekshiruvlar kerakligini belgilaydi. Tananing bir tomonida to‘satdan kuchsizlik, yuz assimetriyasi, nutq, ko‘rish yoki muvozanatning buzilishi yuzaga kelsa, tibbiy yordam darhol ko‘rsatilishi kerak.
O‘z vaqtida o‘tkazilgan diagnostika kasallikni to‘g‘ri davolash bilan birga, keraksiz tekshiruvlar va noto‘g‘ri o‘z-o‘zini davolashning oldini olishga yordam beradi.
