Og‘riqli hayz — me’yormi yoki kasallik belgisi? Endometriozni qanday aniqlash mumkin?

Ayollar yillar davomida ko‘nikib qolgan og‘riq jiddiy kasallik belgisi bo‘lishi mumkin.
Ko‘plab ayollar og‘riqli hayzni hayotning tabiiy bir qismi deb biladi. Kuchli spazmlar, doimiy noqulaylik, og‘riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilish zarurati, hatto ish yoki o‘qishni qoldirish ham ko‘pincha odatiy hol deb hisoblanadi. Ammo hayz haqiqatan ham shunchalik kuchli og‘riq bilan kechishi kerakmi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda taxminan 190 million ayol endometriozdan aziyat chekadi — bu reproduktiv yoshdagi ayollarning qariyb 10 foizidir. Kasallik keng tarqalganiga qaramay, ko‘pincha uzoq yillar davomida aniqlanmay qoladi.
Endometrioz hayot sifatini sezilarli darajada pasaytirishi, chanoq sohasida surunkali og‘riq keltirib chiqarishi va reproduktiv salomatlikka ta’sir qilishi mumkin. Bunda uning alomatlari boshqa ginekologik kasalliklarning belgilariga o‘xshab ketishi o‘z vaqtida tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi.
Hayz og‘rig‘i qachon me’yor doirasidan chiqishini qanday tushunish mumkin? Qaysi alomatlarga befarq bo‘lmaslik kerak? Endometriozni erta bosqichda aniqlab, reproduktiv salomatlikni saqlab qolish mumkinmi?
Shu va boshqa muhim savollarga javob olish uchun biz 26 yillik ish tajribasiga ega jarroh-shifokor, ginekologiya bo‘limi mudiri Fozilbekov Roziqul Anarqulovichga murojaat qildik.
1. Roziqul Anarqulovich, ko‘plab ayollar o‘smirlik davridan boshlab og‘riqli hayzga chidab keladi. Odatiy noqulaylik bilan jiddiy kasallikdan darak berishi mumkin bo‘lgan og‘riqni qanday farqlash mumkin?
Rejalaringizni bekor qilishga majbur qiladigan og‘riq — me’yor emas. Siklning birinchi-ikkinchi kunida yengil noqulaylik bo‘lishi mumkin. Ammo oddiy tabletka yordam bermasa, ish yoki o‘qishni qoldirishga to‘g‘ri kelsa, yillar o‘tishi bilan esa ahvol faqat yomonlashsa, bu «organizmning o‘ziga xos xususiyati» emas, balki ogohlantiruvchi belgidir.
2. Endometrioz nima, u nima sababdan paydo bo‘ladi va bu kasallikda ayol organizmida qanday jarayonlar kechadi?
Tasavvur qiling, bachadonning ichki yuzasini qoplab turadigan to‘qima tuxumdonlar, qorin pardasi va ichakka «ko‘chib o‘tgan». Har oy u qonashi kerak bo‘lmagan joyda qonaydi. Atrofida yallig‘lanish paydo bo‘ladi, keyin bitishmalar va chandiqlar hosil bo‘ladi — og‘riq shundan kelib chiqadi. Kasallikning yagona sababi yo‘q: irsiyat, immunitet va gormonlar muhim rol o‘ynaydi. Taxminan har o‘n ayoldan biri bu kasallikka chalinadi.
3. Endometriozning dastlabki qaysi belgilari ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi? Kasallik yaqqol alomatlarsiz ham rivojlanishi mumkinmi?
Eng makkor alomat — odam ko‘nikib qolgan alomatdir. Bular hayz va yaqinlik paytidagi og‘riq, hayz kunlarida qorin dam bo‘lishi va ich kelishining og‘riqli kechishi, oz-ozdan qonli ajralmalar kelishi, doimiy charchoqdir. Ba’zan kasallik yillar davomida «jim» kechadi va faqat homilador bo‘lishning iloji bo‘lmaganda aniqlanadi.
4. Nega ayrim ayollar endometrioz borligini bilmasdan yillar davomida yashaydi? Kasallikni o‘z vaqtida aniqlashga ko‘pincha nima xalaqit beradi?
O‘rtacha hisobda tashxis qo‘yilguncha 7–10 yil o‘tadi. Ayolga «Chida, hammada og‘riq bo‘ladi», deyishadi. Alomatlar sistit, ichak yoki bel bilan bog‘liq muammolarga o‘xshab ko‘rinadi. Shunchaki «belgi qo‘yish uchun» o‘tkazilgan oddiy UTT esa kichik o‘choqlarni aniqlamasligi mumkin.
5. Endometrioz yosh qizlarda, jumladan, o‘smirlik davrida ham uchrashi mumkinmi? Ota-onalar qizining og‘riqli hayziga qachon jiddiy e’tibor qaratishi kerak?
Ha, odamlar o‘ylagandan ham ko‘proq. Onalar, agar qizingiz hayz tufayli maktabga bormasa, og‘riq qoldiruvchi dorilarni hovuchlab ichsa, ko‘ngil aynishidan shikoyat qilsa yoki shu kunlarda hushidan ketsa, hushyor bo‘ling. «Farzandli bo‘lsang, o‘tib ketadi» degan maslahat bu yerda ish bermaydi.
6. Og‘riqli hayzdan tashqari yana qanday belgilar endometriozdan darak berishi mumkin? Og‘riq hayzdan boshqa paytda ham paydo bo‘lib, bel, ichak yoki boshqa sohalarga tarqaladimi?
Mumkin.Og‘riq sikl o‘rtasida, bel va dumg‘aza sohasida paydo bo‘lib, oyoqqa tarqalishi mumkin. Ichak zararlansa, hojatga chiqish og‘riqli bo‘ladi; siydik pufagi zararlansa, tez-tez va og‘riq bilan siyish kuzatiladi. Bunga hayzning ko‘p kelishi, kamqonlik va surunkali charchoqni qo‘shing — manzara oydinlashadi.
7. Endometrioz bepushtlikka sabab bo‘lishi rostmi? U tabiiy homilador bo‘lish imkoniyati va homiladorlik kechishiga qanday ta’sir qiladi?
Bu hukm emas, ammo jiddiy xavf: homilador bo‘la olmayotgan ayollarning 30–50 foizida endometrioz aniqlanadi. U bachadon naylarida bitishmalar hosil qiladi, tuxum hujayralar zaxirasini kamaytiradi va homilador bo‘lishga xalaqit beradi. Yaxshi tomoni shundaki, ko‘plab bemorlar tabiiy yo‘l bilan yoki EKO yordamida homilador bo‘ladi, faqat bunday homiladorlikni sinchiklab kuzatish kerak.
8. Bugungi kunda endometrioz qanday aniqlanadi? Ultratovush tekshiruvi yetarlimi yoki tashxisni tasdiqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar kerakmi?
Faqat tashxis qo‘yish uchun operatsiya qilish endi majburiy emas. Ko‘pincha sinchkov ko‘rik va mutaxassis darajasidagi transvaginal UTT yetarli bo‘ladi, chuqur jarayondan shubhalanilganda esa MRT o‘tkaziladi. Aniq javob bo‘lmaganda yoki davolash talab qilinganda laparoskopiya kerak bo‘ladi.
9. Ba’zi ayollar kuchli hayz og‘rig‘ini muntazam og‘riq qoldiruvchi dorilar bilan bosadi. Sababini aniqlamasdan alomatlarni uzoq vaqt bartaraf etishga urinish nimasi bilan xavfli?
Tabletka yong‘in signalini o‘chiradi, ammo yong‘inning o‘zini emas. Og‘riq bosib turilgan vaqtda kasallik kengayib, kistalar va bitishmalar hosil qilishi, qo‘shni a’zolarni zararlashi mumkin. Og‘riq qoldiruvchi dorilarni yillar davomida qabul qilish esa oshqozon va buyraklarga zarar yetkazadi. Agar birorta ham siklni tabletkasiz o‘tkaza olmasangiz, dozani oshirish o‘rniga sababini izlang.
10. Hozir endometriozni davolashning qanday zamonaviy usullari mavjud? Qachon dori bilan davolash yetarli bo‘ladi, qaysi holatlarda jarrohlik amaliyoti zarur?
Davolashni gormonal terapiyadan boshlaymiz: u o‘choqlarni «uxlatadi» va ko‘plab ayollarda og‘riqni butunlay yo‘qotadi. Katta kistalar, ichak yoki siydik yo‘llari zararlanganda, tabletkalar samara bermaganda va bepushtlikda operatsiya, odatda laparoskopiya kerak bo‘ladi. Muhimi, operatsiyani aynan endometrioz bo‘yicha tajribaga ega jarroh bajarishi kerak. Birinchi operatsiya — eng muhimi.
11. Endometriozdan butunlay xalos bo‘lish mumkinmi yoki kasallik uzoq muddatli nazoratni talab qiladimi? Davolashdan keyin u qaytalanishi mumkinmi?
Ochig‘ini aytsam, bu surunkali kasallik. Operatsiyadan keyin qo‘llab-quvvatlovchi davolash bo‘lmasa, besh yil ichida taxminan har besh bemordan birida kasallik qaytalanadi. Ammo uni nazorat ostida saqlash mumkin: og‘riqsiz yashash, ishlash va farzand ko‘rish mumkin. Eng muhimi — muntazam shifokor kuzatuvida bo‘lish.
12. Suhbatimiz yakunida yillar davomida og‘riqli hayzga chidab, ginekologga borishni ortga surayotgan ayollarga qanday eng muhim maslahatni bergan bo‘lardingiz? Qaysi belgilar mutaxassisga murojaat qilish uchun asos bo‘ladi?
Chidashni bas qiling. Og‘riq — xarakter ham, «ayolning qismati» ham emas, balki alomat. Quyidagi holatlarda ginekologga murojaat qiling:
• og‘riq qoldiruvchi dori yordam bermasa;
• hayz tufayli odatiy hayotingizdan uzilib qolsangiz;
• yaqinlik paytida yoki hayz kunlari hojatga chiqqanda og‘riq bo‘lsa;
• hayz juda ko‘p kelsa;
• bir yildan ortiq vaqt davomida homiladorlik yuz bermasa (35 yoshdan keyin — yarim yildan ortiq).
Erta tashxis — davolashning osonroq kechishi va ona bo‘lish imkoniyatining saqlanishi demakdir.
