
Xizmatlar
Shifokorlar
Shifokorlar
Bo‘limlar
Bo‘limlar
18.09.2026

Rustamov Bahrom Rustamovich —androlog, urolog 19 yillik ish tajribasiga ega mutaxassis. Uning professional faoliyatining asosiy yo‘nalishlari — erkaklar reproduktiv salomatligi, bepushtlik, erektil disfunksiya, varikotsele, azoospermiya va boshqa murakkab andrologik kasalliklarni diagnostika hamda davolash.
Bahrom Rustamovichning amaliy faoliyatida mikrojarrohlik alohida o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda og‘ir erkaklar bepushtligi va azoospermiyani davolashda Micro-TESE va vazoepididimostomiya kabi mikrojarrohlik usullarini joriy etgan mutaxassisdir. Shuningdek, varikotsele mikrojarrohligi, Peyroni kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash va erektil disfunksiyada penile implantatsiya uning faoliyat yo‘nalishlariga kiradi.
Bepushtlik — faqat ayollar muammosi emas
Bepushtlik bugungi kunda reproduktiv salomatlikning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda reproduktiv yoshdagi har 6 kishidan taxminan 1 nafari hayoti davomida bepushtlik muammosiga duch keladi.
2025-yilda Markaziy Osiyoda erkaklar bepushtligi bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy tahlilda O‘zbekiston va Qozog‘istonda bepusht juftliklarning o‘rtacha ulushi 15–17% atrofida ekani, ushbu holatlarning 40–50% ida erkak omili aniqlanishi qayd etilgan. Tadqiqotning o‘zida esa bepushtlik muammosi bilan murojaat qilgan 957 bemor orasida izolyatsiyalangan erkak omili 52,9% holatda aniqlangan.
Erkaklarda bepushtlik spermatozoidlar sonining kamayishi yoki umuman bo‘lmasligi, ularning harakatchanligi va tuzilishidagi o‘zgarishlar, reproduktiv yo‘llardagi to‘siqlar, gormonal buzilishlar, varikotsele va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, homiladorlik uzoq vaqt davomida yuz bermaganda, ko‘pincha birinchi navbatda ayol tekshiruvdan o‘tadi. Aslida esa reproduktiv salomatlik — juftlik salomatligi. Shu sababli biz androlog Bahrom Rustamovich bilan erkaklar bepushtligining sabablari, diagnostikasi, davolash va zamonaviy mikrojarrohlik imkoniyatlari haqida suhbatlashdik.
Erkaklar bepushtligiga ko'proq qanday kasallik va holatlar sabab bo'ladi?
Eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri — varikotsele, ya’ni moyakdagi tomirlarning kengayishi. Bu holat moyakdagi haroratning oshishi va qon aylanishining buzilishiga olib kelib, spermatogenezga salbiy ta’sir qiladi.Ikkinchi muhim guruh — gormonal buzilishlar, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar asoratlari, urug‘ yo‘llarining berkilishi, shuningdek, kriptorxizm va genetik kasalliklar (masalan, Klaynfelter sindromi).Bundan tashqari, chekish, alkogol iste’mol qilish, semirish va uzoq vaqt davomida issiq muhitda bo‘lish ham sperma sifatini pasaytirishi mumkin. Ko‘pchilik hollarda sabab aniqlanadi va tegishli davolash choralarini ko‘rish mumkin.
Erkak o'zini butunlay sog'lom his qilsa ham reproduktiv muammo bo'lishi mumkinmi?
Ha, bu juda ko‘p uchraydigan holat — ereksiya, jinsiy xohish va umumiy sog‘lomlik hissi spermogramma ko‘rsatkichlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq emas.
Masalan, varikotsele yoki yengil gormonal o‘zgarishlar yillar davomida hech qanday belgi bermasdan, sperma sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun jinsiy hayot muntazam bo‘lib, 1 yil davomida homiladorlik kuzatilmasa, o‘zini qanday his qilishidan qat’i nazar, spermogramma topshirish tavsiya etiladi.
Erkakning tekshiruvi nimadan boshlanadi?
Tekshiruv avvalo batafsil so‘rov va ko‘rikdan boshlanadi — shifokor turmush tarzi, o‘tgan kasalliklar, jarrohlik amaliyotlari va qabul qilinayotgan dorilar haqida so‘raydi. So‘ngra jinsiy a’zolarni obyektiv ko‘rikdan o‘tkazadi. Asosiy va majburiy test — spermogramma. U urug‘ hujayralarining soni, harakatchanligi va tuzilishini baholaydi. Zarur bo‘lsa, gormonal tahlillar va UZI tekshiruvlari buyuriladi.
Spermogramma natijasi yaxshi bo'lmasa, bu erkak bepusht deganimi?
Yo‘q, bitta spermogramma natijasining yomon bo‘lishi hali «bepushtlik» tashxisi degani emas — sperma sifatiga kasallik, stress, issiqlik yoki uzoq muddat jinsiy tiyilish vaqtinchalik ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun natija shubhali bo‘lsa, 2–3 hafta o‘tgach, takroriy spermogramma topshirish tavsiya etiladi. Tashxis faqat bir nechta tahlil va umumiy klinik ko‘rinish asosida qo‘yiladi.
Erkaklar bepushtligini har doim dori vositalari bilan davolash mumkinmi?
Yo‘q, har doim emas — davolash usuli aniqlangan sababga bog‘liq bo‘ladi. Agar gormonal buzilish bo‘lsa, dori vositalari yaxshi natija beradi. Lekin varikotsele yoki urug‘ yo‘llari yopilib qolgan bo‘lsa, mikrojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish kerak bo‘ladi. Ayrim og‘ir holatlarda yordamchi reproduktiv texnologiyalar — EKU/ICSI qo‘llaniladi. Shuning uchun davolash har doim individual tarzda tanlanadi.
Qaysi holatlarda mikrojarrohlik amaliyotlari qo'llaniladi?
Mikrojarrohlik usullari kasallik turiga qarab tanlanadi. Misol uchun, varikotsele darajasi yuqori bo‘lsa, mikrojarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti bajariladi. Urug‘ yo‘llari yopilgan bo‘lsa, vazoepididimostomiya, ya’ni urug‘ yo‘llarini qayta tiklash operatsiyasi amalga oshiriladi. Urug‘donda spermatozoidlar ishlab chiqarilishi buzilgan holatlarda esa urug‘ hujayralarini topish uchun Micro-TESE usuli qo‘llaniladi.
Micro-TESE nima va u kimlarga tavsiya qilinadi?
Micro-TESE — operatsion mikroskop yordamida urug‘don to‘qimasidan urug‘ hujayralarini topib olish usuli. U asosan noobstruktiv azoospermiyada, ya’ni urug‘donning o‘zi yetarli miqdorda spermatozoid ishlab chiqara olmaydigan holatlarda tavsiya etiladi. Mikroskop orqali faol spermatozoidlar ishlab chiqarilayotgan to‘qima qismlarini aniq topish muvaffaqiyat ehtimolini oshiradi. Topilgan hujayralar keyinchalik EKU/ICSI jarayonida qo‘llaniladi.
Azoospermiya — farzand ko'rish imkoniyati yo'q deganimi?
Yo‘q, bu hukm emas. Agar azoospermiya urug‘ yo‘llarining berkilishi sababli yuzaga kelgan bo‘lsa, ko‘p hollarda jarrohlik orqali uni ochish va to‘liq tuzatish mumkin. Noobstruktiv turida esa Micro-TESE usuli orqali urug‘dondan spermatozoidlarni topish imkoniyati mavjud. Topilgan hujayralar EKU/ICSI uchun ishlatiladi. Demak, aniq tashxis va to‘g‘ri yo‘nalish bilan ko‘pchilik biologik ota bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Varikotsele erkaklar bepushtligiga ta'sir qiladimi?
Ha, varikotsele — erkaklar bepushtligining eng ko‘p uchraydigan va tuzatiladigan sabablaridan biri. Moyakdagi venalarning kengayishi mahalliy haroratni oshirib, urug‘dondagi spermatozoid ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir qiladi. Bu holat ko‘pincha hech qanday belgi bermaydi, shuning uchun faqat ko‘rik yoki UZI tekshiruvi orqali aniqlanadi. Darajasiga qarab, u operatsiya orqali muvaffaqiyatli davolanadi va sperma sifati sezilarli darajada yaxshilanishi mumkin.
Varikotseleni mikrojarrohlik usulida davolashning o'ziga xos tomoni nimada?
Mikrojarrohlik usulining asosiy afzalligi — operatsion mikroskop yordamida kengaygan venalarni aniq topib, atrofdagi arteriya va urug‘ yo‘lini shikastlamasdan bog‘lash imkonini berishidir. Bu usul qaytalanish va asoratlar ehtimolini ochiq yoki laparoskopik operatsiyaga nisbatan ancha pasaytiradi. Tiklanish davri qisqa bo‘lib, bemorlar bir-ikki kun ichida odatiy hayotiga qaytishi mumkin.
Androlog faqat bepushtlik bilan shug'ullanadimi?
Yo‘q, androlog erkaklarning reproduktiv va jinsiy salomatligining keng doirasida ishlaydi. Bepushtlikdan tashqari, jinsiy zaiflik, testosteron tanqisligi, barvaqt eyakulyatsiya, jinsiy a’zo egriligi va jarohatlari, Peyroni kasalligi kabi holatlar ham uning ish sohasiga kiradi. Shuningdek, u urug‘don va prostata bilan bog‘liq ayrim funksional muammolarni ham davolaydi. Demak, androlog — erkaklar salomatligining keng spektrini qamrab oluvchi mutaxassis.
Erektil disfunksiyada ham jarrohlik davolash qo'llaniladimi?
Ha, lekin faqat ma’lum holatlarda — asosan, dori vositalari va turmush tarzini o‘zgartirish natija bermagan paytda ko‘rib chiqiladi. Ayrim bemorlarda zarb to‘lqin terapiyasi yoki olatga qilinadigan inyeksiyalardan ham foydalanish mumkin. Og‘ir organik erektil disfunksiyada penil implant o‘rnatish operatsiyasi yuqori samarali yechim hisoblanadi. Umuman, jarrohlik — so‘nggi qadam. Avval yengilroq va kam invaziv usullar sinab ko‘riladi.
Sizning davolashdagi asosiy tamoyilingiz nima?
Men davolashda har bir bemorga individual yondashish va aniq sababga yo‘naltirilgan terapiyani asosiy tamoyil deb bilaman. Davolash isbotlangan tibbiyot standartlariga asoslanishi va imkon qadar kam invaziv usullardan boshlanishi kerak. Shuningdek, bemorlar bilan ochiq, hurmatli va hijolatsiz muloqot qilish muhim — bu muammo uyat emas, balki tibbiy vazifa. Maqsad — faqat simptomni emas, balki muammoning ildizini bartaraf etish.
Farzand ko'rishda qiyinchilikka duch kelayotgan erkaklarga qanday tavsiya berasiz?
Avvalo, vaqtni boy bermasdan mutaxassisga murojaat qilishni tavsiya qilaman — muammoni erta aniqlash davolashni osonlashtiradi. Spermogramma — oddiy va qulay birinchi qadam, undan hijolat bo‘lish kerak emas. Shuningdek, chekishdan voz kechish, alkogolni cheklash va ortiqcha issiqlikdan saqlanish kabi turmush tarzi o‘zgarishlari ham foyda beradi.Eng muhimi — rafiqa bilan birga, ikki tomonlama tekshiruvdan o‘tish tezroq natijaga olib keladi.
Androlog konsultatsiyasiga yoziling
Farzand rejalashtirishda qiyinchilikka duch kelayotgan bo‘lsangiz yoki erkaklar reproduktiv va jinsiy salomatligi bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa, AKFA Medline andrologi Rustamov Bahrom Rustamovich konsultatsiyasiga yozilishingiz mumkin.
Mutaxassis holatingizni baholaydi, zarur tekshiruvlarni belgilaydi va natijalarga ko‘ra individual davolash taktikasini tavsiya qiladi.